7. Suriya tashqi siyosatining mohiyati nima?
Suriya 1941-yilning 27-sentabrida mustaqil davlat deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, ingliz – fransuz armiyasi mamlakat hududida qola bergan edi. 1946-yil Suriya Buyuk Britaniya va Fransiyaning o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi haqida BMTga murojaat etdi. Buning natijasida 1946-yilning 17-aprelida Buyuk Britaniya va Fransiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Shu tariqa Suriya suvereniteti to‘la tiklandi va 17-aprel Milliy bayram kuni bo‘lib qoldi. Biroq Suriya hukumati mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlay olmadi. Bu esa 1949-yilda ketma-ket 3 marta davlat to‘ntarishi ro‘y berishiga olib keldi. 1951-yil noyabrida esa polkovnik Shishaklining harbiy diktaturasi o‘rnatildi. Biroq bu diktatura uzoq yashamadi. 1954-yilda u ag‘darildi. 1956-yilda Shukri Quatli prezident etib saylandi. U Misr va Saudiya davlatlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatdi. 1956-yilda Misrga qarshi uchlar agressiyasi davrida Misrga yordam ko‘rsatdi. Ayni paytda SSSR bilan ham munosabatlari mustahkamlanib bordi. Murakkab xalqaro sharoit, harbiy agressiya xavfi Suriyani Misr bilan birlashishga majbur etdi. 1956-yilning fevral oyida Suriya va Misr yagona davlatga birlashdilar. Bu davlat Birlashgan Arab Respublikasi deb ataldi. Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir BAR prezidenti etib saylandi. Biroq bu birlik uzoq davom etmadi. Suriyada hamma tabaqalar ham, jumladan, harbiylarning aksariyat qismi birlashuvdan birday manfaatdor emas edi. 1961-yilning 8-martida Bass (Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi) a’zosi
bo‘lgan zobitlar guruhi davlat to‘ntarishi o‘tkazdilar. Hokimiyat Milliy inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tdi. 1966-yil 23-fevralda hokimiyatni general Hafiz Asad egalladi. U hayotining deyarli oxirigacha prezidentlik lavozimini
egallab keldi (2000-yil). Uning vafotidan keyin o‘g‘li Bashar al-Asad prezidentlik lavozimiga keldi. 1967-yilda arab-isroil munosabatlari yanada keskinlashdi. Tez orada urush harakatlari boshlanib ketdi. Bu urushda Suriya o‘z hududining bir qismini yo‘qotdi. 1973-yilgi arab – isroil urushida ham bu hududlarni qaytarib olishga muvaffaq bo‘linmadi. Suriya Isroil bilan separat shartnoma tuzishga uzoq
yillar qarshi bo‘lib keldi. Bu qoida hamon davom etmoqda. «Tinchlik evaziga bosib olingan yerlarni qaytarib olish» tamoyili ostida o‘tkazilgan Suriya-Isroil muzokaralari natijasiz tugadi. Suriya – Isroil munosabatlarida urush holatining davom etishi Suriyani mudofaaga katta mablag‘ sarflashga majbur etmoqda. Suriya o‘z qo‘shnisi Livanga ham harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |