Yana bir borilmagan haj
Mana nihoyat yana haj mavsumi boshlandi. Abdulloh hajga otlandi. Biz barcha narsalarni tayyorlab, yo‘lg‘a hozirlik ko‘ra boshladik. Bu safar Abdullohning hisobidan ellik kishi hajga boradigan bo‘ldi. Men va hisobchi butun karvondagi ishlarga bosh bo‘ldik. Yo‘lga chiqadigan kuni yuz dinor xayr qildi.
Mana zikr qilib yo‘lda ketyapmiz. Cho‘lda tez – tez shoqollarning ovozlari eshitilib turadi. Tuncha ayniqsa hayolni bo‘ladi. Men har doimgidek Abdullohning kechasi yozganlarini fursat bo‘ldi deguncha oqqa ko‘chiraman. Dilimdagi umidim: kelajakda shu asarlarni o‘qiganida butun ajdodlarining haqqiga avlodlar duo qilsa. Aytgancha, jamoat bo‘lib namoz o‘qib turganlarimizda ham shunday duolar qilamiz.
Tongda birinchi Abdulloh uyg‘onadi, aniqrog‘i tunda uxlamaydi. Oldinda yo‘lni bilish uchun besh – olti kishini jo‘natadida, ularni poylab o‘tiradi. O‘zi mohir jangchi bo‘lgani uchun, karvonga jang san’atini yaxshi biladiganlarni oladi. Doimiy savdo karvonlarida bunday soqchilar soni yuzdan ziyod. Mana xabarchilar ham qaytib keldi. Abdullohga to‘liq axborot bera boshladi.
-Yaqin o‘ttiz chaqirimda shubhali biror narsa sezmadik. Qaroqchilarning izi yo‘q. Turli yirtqichlar ham kam ekan. Kechasi olov yoqsak, ulardan ham xavfsramasak bo‘ladi.
-Yaxshi, rahmat. Endi dam olinglar. Soqchi boshiga vaziyatni tushuntiringlar yo‘lga hozirlik ko‘raversin. Abdulloh ko‘rsatma bergach, peshindan so‘ng yo‘lga tushdik. Ikki kun to‘xtamasdan yurgach, karvonga dam berildi. Huftonni o‘qib bo‘lganimizdan keyin yana kitob ko‘chirish ishi bilan band bo‘ldim. Abdulloh tilovat qildi. Uning ovozi shunday yoqimliki, qalblarni eritib yuboradi. U Qur’onni o‘qib bo‘lgach, albatta tafsir ham qilishga harkat qilardi. Bu safar ham ancha fikr qildi. Uzoq tafakkurdan keyin menga qiziq gap aytdi.
-Abdusalom, Muso alayhissalom Firavndan qochib, qizildengizga borganidagi holatni eslaysan. Dengiz qoq ikkiga bo‘lingan. Qanday bo‘linganini tafsilotlari bilan o‘qigansan. Alloh taolo Muso alayhissalomga aso (hassa) sini dengizga urishni buyuradi. Seningcha bir zarb bilan dengiz bo‘linib ketdimi? Yo‘q, Robbim payg‘ambariga ozgina sabab qilsa, qolgan yordamini O‘zi berib yuborishini ma’lum qilyapti. Seningcha bizning yuz minglab topayotgan dinorlarimizga o‘zimiz baraka berib yuboryapmizmi? Ishlarni o‘zimiz yurgizib yuboryapmizmi? Yo‘q biz ozgina harakat qildik. Qolgan ishni Allohim bitirib qo‘yyapti. Bugungi tirikchilik, savdo, oila tebratish haqidagi tushunchalar juda sayozda qara. Parvardigor sendan harakat mendan barakat qabilida ish tutyapti. Ammo banda shu ozgina harakatini ham qilmayapti. Mayli dam olaqol, qolganini ertaga gaplashamiz. Men lol bo‘lib qoldim. Yana bir bor uning ilmi balandligiga, Qur’on ma’nolarini teran anglashiga amin bo‘ldim. Rosti ishlarim ko‘pligidan uxlolmadim. Bomdodgacha ishlarimni bitirdim.
Ertasiga karvondan ilgarilab ketdik. Chunki u fikr qilar, yozadigan kitobi haqida ko‘proq o‘ylardi. Shuning uchun doim oldinda yurardi. Oldimizdan kichik bir qishloq iqdi. Biz bilan hisobchimiz ham birga edi. Hammamiz jim o‘z hayollarimiz bilan edik. Yaqinmizda bir tepalik bor ekan. Uning atrofida turli chiqindilar tashlangan, badbo‘yroq ekan. Bir ayol o‘sha yerdan nimadir qidirardi. Yaqinlashgach, men undan so‘radim.
-Assalomu alaykum! Bu qaysi qishloq? Masjid bormi bu yerda? U javob berishdan uyaldi chamasi indamasdan qo‘liga nimadir olib, uyiga kirib ketdi. Abdulloh yana sezgirlik qildi.
-Sodiq ichkariga kirginda, uy egasidan bugun shu yerda tunasak maylimi, deb so‘ragin. Qolganini keyin ko‘ramiz, -dedi. Hisobchi ichkariga kirib, uch marta salom berdi. Boyagi ayol chiqdi. Unga muddaoni bildirganida, u qimtinib javob qidi.
-Hech vaqomiz yo‘q. Akam bemor yotibdi. Mehmon qilolmaymiz. Abulloh unga savol berdi.
-Uyingiz hashamatligina ekan. Mehmon atoyi Xudo. Sizdan osh so‘ramaymiz joy so‘raymiz. Uch kishilik joy topiladimi? Ayol ko‘zda yosh bilan gapira boshladi.
-Biz meg‘mondo‘st odammiz. Uyga kelgan odamga taom bermasdan jo‘natmaganmiz. Sizlarni kiritsam, yemoq uchun hech narsa berolmasligimdan uyalib ketyapman. Biz yaqingacha boy edik. Qaroqchilar hujum qilib, otamni o‘ldirishdi. Borimizni talab ketishdi. Men va akam bekinib, jon saqlab qoldik. Anchadan buyon ochmiz. Tilanchilik qilolmayman, yuzim chidamaydi. Mana shu atrofda o‘limtikmi yo biror qushmi uchrab qolsa, degan umidda har kuni atrofni aylanaman. Bugun bir jonsarak qush topdim. Sizlar salom berganingizda men uni olgandim. Uyalganimdan uyga kirib ketdim. Akam xasta. Ochlikdan sillamiz qurigan. Bugun shu qushni pishirib yemoqchimiz. Xudo xayrlaringizni bersin, iltimos bizni qiynamang.
Uning yuraklarni o‘rtaguvchi gaplaridan bizning ko‘zlarimiz yoshlandi. Abdulloh hisobchidan.
-Qancha pulimiz bor?-deb so‘radi. U:
-Ming dinor, -deb javob berdi. Abdulloh unga o‘ta vazminlik bilan buyruq berdi.
-Marvga qaytib, uyga yetib olishimizga yigirma dirxam yetadi. Sen qolganini bu qizga bergin. Ular oldingidek mehmondo‘stligini davom ettirsin. Hamiyatlarini yo‘qotmasin. Alloh qalbi boy iffatli insonlarni yaxshi ko‘radi. Robbim sevganiga biz ham muhabbat bilan muomala qilamiz. Endi qaytdik ortga. Biz lom-mim deyolmadik. U boy savdogarnning bir yillik daromadini berib yubordi. Biz esa hajga bormaydigan bo‘ldik. Adashmasam bu haj o‘n beshinchisi edi. Karvonning oldiga kelgach, karvonboshi va soqchiboshiga ko‘rsatmalar berdi. Ular yo‘lida davom etdi. Biz tezda ortimizga qaytdik.
Marvga qaytganimizdanoq yana tijoratga zo‘r bera boshladik. Ishimiz shunday jonlanib keta boshladiki, yaqin yillar ichida bu qadar ko‘p foyda qilganimizni eslolmayman. Chunki hisobchimizning o‘ziga ajratadigan puli (yuqorida hisobchining maoshining bir qismini yig‘ishi haqida aytgandim) oldin oladigan maoshi barobar bo‘ldi.
Abdulloh maqsadi yo‘qlar bilan ishlamaydi
Ustozimiz Abu Hanifa xazratlaridan dars ola boshlaganimizdan buyon hayotimizda ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘lyapti. Endi biz dunyoga hayron boqadigan odamlar emasmiz. Aniq maqsadlarimiz, butun insoniyatga foyda keltiradigan orzularimiz, puxta rejalarimiz bor. Nega bu haqda gapirayotganimdan hayrondirsiz. Hozir sababini aytaman.
Xullas Abdullohga bemaqsadlar yoki to‘g‘ri orzu qilishni bilmaydiganlar yoqmasdi. U bilan savdoni boshlaganimizda ishga qabul qilish uchun yaxshi savollar ro‘yxatini tuzib chiqqanmiz. Ular quyidagilar.
-To‘liq ismingz va nasabingiz haqida ayting.
-Yashash joyingiz va ijtimoiy muhitingiz haqida gapiring?
-Qur’ondan necha pora yod olgansiz?
-Sharxsiz hadisni nechog‘lik tushunasiz?
-Tavakkalchimisiz?
-Maqsadlaringiz haqida qisqacha so‘zlab bering.
-Qanday orzularingiz bor?
-Ish borligi haqida kimdan eshitdingi?
-Agar ishga olsak, savdomiz uchun nima qila olasiz, qanday foyda keltira olasiz?
-Maoshingiz qancha bo‘lishini istaysiz?
Yana bir qancha savollar borki, aytsam gap cho‘zilib ketadi. Ish qidirib kelganlar bilan suhbatni men o‘tkazardim. Keyin ular haqidagi xulosaarimni Abdullohga aytardim. U birinchi navbatda yaxshi gumonli, ya’ni doimo yaxshi tomonlama o‘ylaydigan, har qanday ishdan yaxshilik umid qiladigan va aniq maqsadi borlarga qiziqardi. Qolganlarini qaytarib yuborardik. Garchi u paytlarda islom dini rivojlanib, dunyodagi har bir ishlardan yaxshilik kutadiganlar ko‘p bo‘lsa-da, yomon gumonlilar ham uchrab turardi. Shunday qilib Abdullohga maqsadi aniq emaslar umuman yoqmasdi. U tez-tez faoliyatimizning maqsadini hodimlarga tushuntirib, eslatib turar, o‘z maqsadlariga ega bo‘lmagan yoki maqsad qo‘yishga dangasalik qilayotganlarni uch ogohlantirishdan so‘ng ishdan bo‘shatardi. Ishga kunlik reja bilan kelish odat edi bizda. Esimda, ishni endi boshlaganimizda ustozimiz bizga maqsadni aniq qo‘yishni tayinlagandi.
-Maqsadlaringiz aniq bo‘lsin. Noaniq maqsad sari yursangiz, natija ham noaniq bo‘ladi. Yuraveraylikchi oldimizdan bir nima chiqib qolar, qabilidagi ishning natijasi haqiqatdan bir nima, ammo noma’lum nimadir bo‘ladi. Maqsadingiz sultonlarni shoshirib qo‘yishi, insoniyatga foyda keltirishi kerak. Alloh ishlaringizga rivoj bersin.
Ushbu so‘zlar quloqlarimiz ostida har kuni jaranglaydi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Abdulloh bir pishiq matoga sifatli bo‘yoq bilan o‘ttizta maqsad yozdi. Yaqin ellik yilda eskirmaydi, o‘chmaydi undagi yozuvlar. Maqsadlari shunchalik aniq, keng qamrovli ediki lol bo‘lib qoldim. Eng tepasiga “Alloh xohlasa shu maqsadlarimga albatta erishaman”, deb yozib qo‘yibdi. Hayratlanib tursam, tabassum qildi va yelkamga qoqib gapira boshladi.
-Alloh taolo qarz oldi berdisidan tortib, qilinajak ishlarni yozib qo‘yishgacha ta’lim bergan. Ishonmasang Qur’onga boq. U yerda aql egalari uchun yaxshi tavsiyalar bor. Men ham maqsadlarimni, rejalarimni yozib borishni niyat qildim. Butun insoniyatga foyda keltiradigan ishlarni orzu qilaman. Mana shu maqsadlarimga har kuni qarab turaman. Toki ular esimdan chiqib ketmasin va qalbimga joylansin. Qalbga o‘rnashgan narsaning ta’siri a’zolarda seziladi. Harakat qila boshlaysan. Qorning ochganida ovqatlanishga intilganingdek, ushbu maqsadlarga yetish uchun ham tinimsiz harakat qilasan. Sen ham maqsadlaringni yozib qo‘ygin. Miyanga yaxshi fikrlar kelsa ham qog‘ozga tushirgin. Chunki ular bekorga emas. Qani ishga kirish.
O‘sha kundan boshlab men ham maqsadlarimni yozdim. Rejalarimni qog‘ozga tushirdim. Oradan bir oycha vaqt o‘tgach, har bir qadamim oliy maqsadlarim sari tashlanayotganini, beixtiyor ular sari odimlayotganimni seza boshladim. Yoshimiz qirqdan o‘tganida yozyapmiz shu yozuvlarni. Mana yozuvning kuchini angladik. Ana shundan keyin biz xodimlardan ham maqsadlarini, orzularini so‘rab chiqdik. Qisqa vaqt ichida savdomizda mislsiz o‘zgarishlar bo‘ldi. Endi yuzlab ishchilarimizning ko‘zlari yonib turardi, aniq reja bilan ishlardi. Foydamiz esa tobora ortaverdi. Pulimiz ko‘paygani sari Abdullohning xayr – exsonlari ham ortib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |