SARIQ KASALLIGI TURLARI Sariq kasallikning alomatlari va davolash usullari to’g’ridan-to’g’ri kasallikning turi va bosqichiga bog’liq. Bu patologiyaning keltirib chiqargan sababiga qarab farq qiladigan ko’plab shakllari mavjud.
KON’YUGATSION SARIQ KASALLIK Sariq kasallikning bu shakli mustaqil kasallik emas — u bevosita bilirubin konversiyasining buzilishi bilan bog’liq bo’lib, uning organizmdagi miqdorining keskin o’sishiga olib keladi. Bu hodisa yangi tug’ilgan chaqaloqlar uchun odatiy holdir, chunki ulardagi modda almashinuvi jarayonlari hali nomukammal bo’ladi. Biroq, ba’zida kattalarda ham sariq kasallikning bu shakli tashxislanadi. Odatda bu jigarga salbiy omillar ta’siri, masalan, dori vositalarini qabul qilish oqibatida rivojlanadi. Bundan tashqari, kon’yugatsion sariq kasalligi tug’ma patologiyalarning natijasi bo’lishi mumkin, bular orasida Gilbert-Meilengracht sindromi ham bor.
GEMOLITIK SARIQ KASALLIK Ushbu turdagi buzilish rivojlanishiga eritrotsitlarning patologik parchalanishi, ortiqcha bilirubin to’planishi va organizmdan uning chiqarilishi bilan bog’liq murakkabliklar sabab bo’ladi. Bu holatni turli kasalliklar va patologiyalar keltirib chiqarishi mumkin: anemiya, limfoleykoz, tropik bezgak, limfosarkoma. Bundan tashqari, gemolitik sariq kasallik dori moddalarining tanaga toksik ta’siridan kelib chiqishi mumkin.
FIZIOLOGIK SARIQ KASALLIK Sariq kasalligining bu turi yangi tug’ilgan chaqaloqlarga xos bo’lib, bolaning yangi hayot sharoitlariga moslashishi bilan bog’liq. Ko’p hollarda kasallikning fiziologik shakli ferment tizimining yetilmaganligi bilan tushuntiriladi. Bundan tashqari, bu bilirubin metabolizmining buzilishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Aksariyat hollarda sariq kasalligi muddatidan oldin tug’ilgan va zaif bo’lgan bolalarda kuzatiladi. Ushbu holat uchun teri va shilliq qavatlar sariqligi, shuningdek, yuqori uyquchanlik xarakterlidir.
NEONATAL SARIQ KASALLIGI Kasallikning bu shakli ham yangi tug’ilgan chaqaloqlarda qayd qilinadi va qonda yuqori miqdorda bilirubin to’planishi bilan bog’liq. Bu buzilish juda keng tarqalgan va u gepatotsitlarning fermentativ nomukammalligi, bilirubin ishlab chiqarishning ko’payishi va zardobning ushbu moddani biriktirib olish qobiliyati zaifligi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ba’zi hollarda patologiya darhol davolashni talab qiladi. Bilvosita bilirubin neyrotoksik zahar hisoblanadi va ba’zan bosh miya po’sti va po’st osti yadrolariga zarar yetkazishi mumkin.