4
I BOB. TERINING TUZILISHI VA KIMYOVIY TARKIBI
1.1. TERINING TUZILISHI
Gistologik tuzilishi. "Gistologiya" so'zi grek tilidan olingan bo'lib, to'qimalar haqidagi ta'limotni bildiradi. Charm va mo'yna xomashyosining gistologik tuzilishi charm va mo'yna ishlab chiqarishga yaroqli hisoblangan turli xil hayvonlar terisining tuzilishini o'zida qamrab
oladi.
Teri - hayvon tanasining tashqi, qoplab turuvchi qavati bo'lib, uning organizmini tashqi ta'sirlardan himoya etadi, shuningdek, moddalar almashinuvi va atrof-muhitning turli ta'sirlarini qabul qilishda ishtirok etadi.
Teri jun qoplami, epidermis, derma va teri osti to'qimasidan tashkil topgan (1-rasm).
Terida, shuningdek, har xil bezlar, qon tomirlari, nerv to'qimalari va mushaklar joylashgan. Hayvon terisi, asosan, birikuvchi va epitelial to'qimalardan iborat bo'lib, unda mushak, yog' va nerv to'qimalari joylashgan. Birikuvchi to'qima hayvon tanasining alohida organlari va qismlarini bir-biriga bog'laydi hamda derma va teri osti kletchatkasini tashkil etadi. Epitelial to'qima teri qoplamasining yuqori qismi - epidermis va jun qoplamini hosil qiladi.
1-rasm. Teri tuzilishi:
1-shoxli qavat; 2-nishli qavat;
3-derma; 4-g'uddali qavat;
5-to'rli qavat; 6-teri osti
kletchatkasi; 7-yog'
to'plamalari; 8-kollagen
tolalari bogiami; 9-kollagen
tolalari bog'lamining
ko'ndalang kesimi; 10-ter
bezlari; 11-mushak; 12-soch
xaltachasi; 13-yog' bezlari;
14-soch.
Teri va uning asosiy o'rta qismi - dermaning boshqa organlardan farq qiluvchi muhim xususiyati undagi hujayrali elementlarning nisbatan kam soni hisoblanadi. Hujayrali elementlar uchta asosiy hujayra tiplariga bo'linadi: fibroblastlar va ularning turlari, makrofiglar va bulutli hujayralar.
Hujayralarning hayotiy faoliyati, ularning rivojlanishi va ko'payishi har bir organizm tirikligining biologik asosini tashkil etadi. Odatda hujayralar protoplazmaga botgan yadrodan tashkil topgan. O'z navbatida protoplazma qobiq bilan o'ralgan. Hujayralar bo'linish yo'li bilan ko'payib, o'sishni ta'minlaydi.
Hujayralarda shakli har xil hujayrasiz strukturalar, masalan, tolalarning hosil bo'lishi tufayli, birikuvchi to'qima hosil bo'ladi.
Terining tolali komponentlari sifatida kollagen, elastin va keratin tolalari muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy nuqtai nazardan qolgan boshqa tolali strukturalar (retikulin, elaudin va boshqalar) ushbu uch asosiy tola tiplariga kiritiladi. Umuman, teri qoplamasining hujayralararo moddasida fibrillyar elementlar, kollagen va elastin tolalari juda ko'p.
Teri tuzilishi undan ishlab chiqarilgan teri yoki mo'ynaning asosiy xossalarini, uning qanday maqsadda ishlatilishi hamda unga dastlabki ishlov berish tabiatini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |