Moliyaning bu sohasiga, jumladan, quyidagilarni kiritish mumkin: -fermer xо‘jaliklarining hamkorlikdagi maqsadli fondlari; -iste’mol kooperatsiyasiga xizmat kо‘rsatuvchi fondlar; -uy xо‘jaliklari о‘rtasidagi norasmiy kredit munosabatlari; -uy xо‘jaliklari sektori doirasida (chegarasida) hamkorlikdagi pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish xususidagi boshqa munosabatlar. Uy xо‘jaliklarining moliyaviy institutlar bilan о‘zaro aloqalari moliyaviy munosabatlarning alohida guruhini ifodalaydi. Ularning kredit muassasalari bilan munosabatlari uy xо‘jaligi byudjeti defitsitini tо‘ldirish (iste’mol krediti vositasida, yordamida), bо‘sh turgan pul mablag‘larini bank hisob varaqlarida joylashtirish yoki ularni saqlash va jamg‘arish maqsadida boshqa moliyaviy aktivlarga qо‘yish orqali namoyon bо‘ladi. Uy xо‘jaliklarining sug‘urta kompaniyalari bilan bо‘ladigan munosabatlari esa turli kо‘rinishdagi sug‘urta fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonida gavdalanadi.
Moliyaning mohiyati uning funksiyalari orqali namoyon bо‘lganligi uchun uy xо‘jaliklari moliyasining mohiyati ham uning funksiyalari yordamida ifodalanadi.
Uy xо‘jaliklari moliyasining funksiyalari quyidagilardan iborat bо‘lishi mumkin: -taqsimlash; -takror ishlab chiqarish; -nazorat; -tartibga solish (tartiblash); -rag‘batlantirish; -ijtimoiy. Uy xо‘jaliklari moliyasining bu funksiyalari о‘zaro bog‘langan va bir-birini doimiy ravishda tо‘ldirib turadi. Bir vaqtning о‘zida, ma’lum ma’noda va ma’lum darajada ular о‘zlarining namoyon bо‘lishiga qarab moliyaning umumiy funksiyalaridan biroz farqlanishi ham mumkin.
Ma’lumki, uy xо‘jaliklarining moliyasi taqsimlash jarayonini oxirgi bosqichgacha, ya’ni aniq individgacha yoki uy xо‘jaligining har bir a’zosigacha etkazadi. Uy xо‘jaliklari moliyasi taqsimlash funksiyasining amalga oshirilishi aholi hayotiy mablag‘lari fondini shakllantirishni taqoza etadi, insonni takror ishlab chiqarish uchun iqtisodiy (moliyaviy) asos yaratadi. Ma’lumki, uy xо‘jaliklarining ishtirokchilari qatoriga balog‘at yoshiga etmaganlar yoki etgan bо‘lsada, turli sabablarga kо‘ra ishlamayotgan oila a’zolari ham kiradi. Uy xо‘jaliklarining hissasiga tо‘g‘ri kelgan milliy daromadning bir qismi uy xо‘jaliklari moliyasining taqsimlash funksiyasi doirasida uning barcha ishtirokchilari о‘rtasida u yoki bu nisbatlarda (proporsiyalarda) taqsimlanadi.
Uy xо‘jaliklarining moliyasi taqsimlash funksiyasini bajara borib, har bir shaxsni (kishini) uning hayotiyligi uchun kerak bо‘lgan resurslar bilan ta’minlab, oxir oqibatda, ishchi kuchi takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi. Bu о‘rinda taqsimlash funksiyasining ta’sir ob’ekti uy xо‘jaligiga tegishli bо‘lgan (uy xо‘jaligi egalik qilayotgan) daromad hisoblanadi. Taqsimlash jarayonining sub’ektlari sifatida esa uy xо‘jaliklarining barcha ishtirokchilari maydonga chiqadi.
Uy xо‘jaliklari moliyasining taqsimlash funksiyasi turli shakllarda, jumladan, investitsion - taqsimlash funksiyasi sifatida amalga oshirilishi mumkin. Uning bu (investitsion-taqsimlash) shakli shu bilan xarakterlanadiki, uy xо‘jaliklari iqtisodiyot uchun moliyaviy resurslarni asosiy etkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Uy xо‘jaliklari daromadlarining о‘sishi bu funksiya bajarilishining moddiy asosini tashkil etadi.
Kо‘pchilik hollarda uy xо‘jaliklarining investitsion funksiyasi faqat kapitallashtiriladigan daromadlarning salmog‘i, ya’ni daromadning jamg‘arma sifatida foydalaniladigani (mablag‘larni turli moliyaviy institutlarga va haqiqiy ishlab chiqarishga joylashtirish) bilan bog‘lanadi. Biroq bunday yondoshuv bir tomonlamalik xarakteriga ega. Haqiqatda esa, о‘z navbatida, iste’mol salmog‘ining oshishi ham iqtisodiyotga investitsiyalarning о‘sishiga ta’sir kо‘rsatadigan omil hisoblanadi.
Bir vaqtning о‘zida, yuqoridagi asoslarda takror ishlab chiqarish jarayoni ishchi kuchi va shuningdek, uy xо‘jaliklarining pul mablag‘lari bilan ta’minlanadi. Bu erda uy xо‘jaliklari moliyasining takror ishlab chiqarish funksiyasi alohida rolь о‘ynaydi. Uy xо‘jaliklari daromadlari, xarajatlari va jamg‘armalarining о‘sishi jamiyatdagi takror ishlab chiqarish jarayoni uchun moddiy asos bо‘lib xizmat qiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida uy xо‘jaliklari mustaqil xо‘jalik yurituvchi sub’ekt hisoblanadi, ya’ni uy xо‘jaliklari a’zolarining turmush darajasi uning hissasiga tо‘g‘ri kelayotgan daromadning о‘lchamiga tо‘liq bog‘liqdir.
Turli omillar ta’siri natijasida bu о‘lcham ortishi yoki qisqarishi ham mumkin. SHuning uchun ham iste’molning odatdagi darajasini ushlab (saqlab) turishni olingan daromadlarning turli fondlarga taqsimlanishi va ularning maqsadli foydalanishi ustidan nazoratsiz tasavvur etib bо‘lmaydi. SHuningdek, uy xо‘jaliklarining farovonligini qо‘llab-quvvatlash va ularni taraqqiy ettirish (rivojlantirish) uchun ular byudjetlarining holatlari, ularga tegishli bо‘lgan daromadlarning taqsimlanishi, daromad manbalarining dinamikasi ustidan nazorat ham ob’ektiv ravishda zarur. Ana shularda uy xо‘jaliklari moliyasining nazorat funksiyasi о‘zini namoyon etadi.
Uy xо‘jaliklari moliyasi tartibga solish (tartiblash) funksiyasining namoyon bо‘lishini quyidagi ikki nuqtai-nazardan qarash maqsadga muvofiq: -makroiqtisodiyot; -mikroiqtisodiyot. Makroiqtisodiy yondoshuv nuqtai-nazaridan uy xо‘jaliklari moliyasi, bir vaqtning о‘zida, davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solishning (tartiblashning) ob’ekti va instrumenti hisoblanadi.
Uy xо‘jaliklari moliyasini tartibga solaverib (tartiblab), davlat, eng avvalo: -bozor munosabatlariga xos bо‘lgan daromadlarni differensiatsiya qilish (tabaqalashtirish) muammosining о‘tkirligini kamaytiradi; -aholi daromadlari manbaining tarkibiy tuzilishi va dinamikasidagi (о‘zgarishidagi) tendensiyalarni shakllantiradi; -iste’molning minimal (eng kam) darajasini tartibga soladi (tartiblaydi); -uy xо‘jaliklarining investitsion potensialiga (salohiyatiga) ta’sir kо‘rsatadi. Mikroiqtisodiy yondoshuv nuqtai - nazaridan esa uy xо‘jaliklarining iqtisodiyoti uning turli ishtirokchilari о‘rtasidagi etarli darajada murakkab bо‘lgan munosabatlar kompleksiga asoslanadi. Bu munosabatlar yosh borasidagi farqlar, xarakterning belgilari, odamlarning qiliqlari, ular daromadlari va ehtiyojlarining xilma - xil darajasi bilan belgilanadi. SHu bilan birgalikda, faqat uning ishtirokchilari iqtisodiy (moliyaviy) qarorlar qabul qilishda о‘zaro tushunishga ega (yakdil) bо‘lsalargina, uy xо‘jaliklarining sog‘lom (normal) rivojlanishi sodir bо‘lishi mumkin.
О‘z navbatida, uy xо‘jaliklarining turli ishtirokchilari iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirish ularni tartibga solish orqali amalga oshiriladi. Bu erda “ularni tartibga solish” deyilganda, uy xо‘jaligining bir a’zosiga tо‘g‘ri keladigan daromad bir qismining о‘zgartirilishi nazarda tutilayapti. Demak, bundan uy xо‘jaliklari moliyasining yana bir funksiyani -iqtisodiy birlik sifatida uy xо‘jaligining balanslashtirilgan (muvozanatli) tarzda rivojlanishini qо‘llab - quvvatlovchi tartibga solish funksiyasini -bajarishi yaqqol kо‘rinib turibdi.
Uy xо‘jaliklari moliyasining rag‘batlantiruvchi funksiyasi turli shakl va mazmunda о‘zini ifoda etadi. Bir tomondan, u о‘z о‘sib boruvchi ehtiyojlarini (ehtiyojlarning о‘sib borishi ob’ektiv iqtisodiy qonunining harakatiga muvofiq ravishda) qondirish uchun zarur bо‘lgan daromadlarni uy xо‘jaliklari tomonidan oshirishga intilish tufayli namoyon bо‘ladi. Boshqa bir tomondan esa, uy xо‘jaliklari daromadlarining о‘sishi mehnat faoliyatining sifati va natijalariga asoslangan bо‘lmog‘i lozim.
Uy xо‘jaliklari moliyasining rag‘batlantiruvchi funksiyasi aholi real daromadlarining о‘sishiga yо‘naltirilgan ishlab chiqarish jarayonining rivojlanishiga va samarali byudjet siyosatiga asoslangan rag‘batlantiruvchi moliya mexanizmini (moliyaviy mexanizmni) yaratish orqali amalga oshiriladi.
Uy xо‘jaliklari moliyasi amal qilishining ijtimoiy aspektlari (yо‘nalishlari, jihatlari) unga tegishli bо‘lgan yuqoridagi barcha funksiyalarning tahlilida kuzatiladi. Shunday bо‘lishiga qaramasdan, ijtimoiy funksiyaning uy xо‘jaliklari moliyasiga tegishli bо‘lgan alohida funksiya sifatida qaralishini, ma’lum ma’noda, etarli darajada asoslangan deb hisoblash mumkin. Chunki uy xо‘jaliklarining daromadlari, xarajatlari va jamg‘armalari aholi va uning alohida guruhlari ijtimoiy-iqtisodiy holatini bevosita aks ettiradi, shaxsning shakllanishi va demografik jarayonlarga о‘z ta’sirini kо‘rsatadi.
Ana shu ma’noda, uy xо‘jaliklari moliyasi jamiyat barcha a’zolarining hayotiy ta’minlanish darajasini shakllantirish va iste’mol talabi tarkibiy tuzilishining xususiyatlarini aniqlaydi, aholi daromadlarini taqsimlashdagi bog‘liqliklarni ifodalaydi, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy stratifikatsiyasiga ta’sir kо‘rsatuvchi asosiy omil bо‘lib hisoblanadi.
Moliyaviy indikatorlar (masalan, о‘rtacha jon boshiga tо‘g‘ri keluvchi pul daromadlari, aholi daromadlarining differensiatsiyalanish (tabaqalanish) koeffitsienti, hayot kо‘rish (yashash) minimumi, minimal ish haqi va boshqalar) taraqqiyot (rivojlanish) ijtimoiy - iqtisodiy dasturlarining majburiy elementi hisoblanadi, davlat ijtimoiy siyosatining ishlab chiqilishi uchun asos bо‘lib xizmat qiladi, jamiyatning farovonlik darajasini baholashga imkon beradi.
Uy xо‘jaliklari moliyasining samarali faoliyat kо‘rsatishi uy xо‘jaliklaridagi moliyaviy munosabatlarning masshtabi, bu munosabatlar namoyon bо‘lishi xilma-xilligining tо‘liqligi va ularning rivojlanishini ta’minlovchi mexanizmlarga bog‘liqdir.