Qimmatli qog‘ozlar bozorini davlat tomonidan tartibga solish:
qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatni hamda birja faoliyatini litsenziyalash va (yoki) bunday faoliyatga nisbatan majburiy talablar belgilash;
qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarda nazarda tutilgan shartlar va majburiyatlarga emitentlarning rioya etishlari ustidan nazorat qilish;
qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi axborot qonun hujjatlariga muvofiq oshkor qilinishini ta’minlash;
qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining mutaxassislarini attestatsiyadan o‘tkazish;
qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilarining faoliyati ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilish orqali amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorida quyidagilar taqiqlanadi:
emitentga yoki qimmatli qog‘ozlarga taalluqli axborotni oshkor qilmasdan qimmatli qog‘ozlarni emissiya qilish;
chiqarilishi Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yoki to‘xtatib qo‘yilgan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, ularning muomalasi, ularni reklama qilish va taklif etish;
qimmatli qog‘ozlar egasining o‘z depo hisobvarag‘ida bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning qiymati to‘liq to‘languniga qadar ularga doir bitimlar tuzishi;
ustav fondi shakllantirilguniga qadar (tijorat banklarining ustav fondini shakllantirish hollari bundan mustasno), shuningdek uni to‘ldirish yoki emitentning moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini qoplash uchun korporativ obligatsiyalar chiqarish;
obligatsiyalarning chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risidagi qarorning shu qaror bilan belgilangan obligatsiyalarga doir huquqlar hajmiga taalluqli qismiga emitent tomonidan o‘zgartishlar kiritish;
qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining majburiyatlari bo‘yicha mijozning qimmatli qog‘ozlari va pul mablag‘larini undirish;
emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni ommaviy joylashtirishda va (yoki) ularning muomalasida bir investorga boshqasiga nisbatan afzallik belgilash, quyidagi hollar bundan mustasno:
a) davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilish;
b) aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlariga o‘zlariga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda qimmatli qog‘ozlarni olishda belgilangan tartibda imtiyozli huquq berish;
v) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan qimmatli qog‘ozlarni olishga qonun xujjatlari bilan cheklovlar joriy etish.