Obligatsiya - obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qayd etilgan foizni olishga bo‘lgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz.
Obligatsiyalar ularning egasi pul mablag‘lari berganligini tasdiq etuvchi va qimmatli qog‘ozlarning belgilangan qiymatini ularda ko‘rsatilgan muddatda, qayd etilgan foiz to‘langan holda, basharti obligatsiyalarni chiqarish shartlarida o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qog‘ozlardir.
Quyidagi turlardagi obligatsiyalar chiqariladi:
respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari;
korxonalarning obligatsiyalari.
Obligatsiyalar oddiy va yutuqli, foizli va foizsiz (maqsadli), erkin muomalada yuritiladigan yoki muomala doirasi cheklangan qilib chiqarilishi mumkin. Maqsadli obligatsiyalarning rekviziti obligatsiyalar qaysi mollar (xizmatlar) uchun chiqarilgan bo‘lsa, shu mollarni (xizmatlarni) aks ettirishi shart.
Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari taqdim etuvchiga tegishli qilib chiqariladi. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda emitent, obligatsiyalarni chiqarish shartlari va ularni tarqatish tartibi belgilab qo‘yilishi lozim.
Korxonalarning obligatsiyalari mulkchilikning barcha shakllariga mansub korxonalar tomonidan chiqarilishi mumkin. Obligatsiyalar o‘z egalariga korxona boshqaruvida qatnashish huquqini bermaydi.
Korxonalar va aksiyadorlik jamiyatlarining obligatsiyalarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishincha ma’muriyat va ijroiya organi (boshqaruvi) tomonidan qabul qilinadi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Korxonalarning obligatsiyalarini emitentlarning ustav fondini shakllantirish va to‘ldirish uchun, shuningdek ularning xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq zararlarni qoplash uchun chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilgan barcha obligatsiyalarning nominal qiymati jamiyatning shakllantirilgan ustav fondi miqdoridan oshib ketmasligi lozim. Jamiyat tomonidan obligatsiyalar chiqarishga faqat jamiyat ustav fondi to‘liq to‘langanidan keyin yo‘l qo‘yiladi.