Buni bilib oling!
Yer yuzidagi barcha xalqlar uchun qadrli bo`lgan, insoniyatning umumiy manfaatlariga mos keladigan, moddiy va madaniy hodisalar, an`ana va tamoyillar umumbashariy qadriyatlar sirasiga kiradi.
Bizning milliy g`oyamiz quyidagi umumbashariy qadriyatlarni e`tirof etadi va ulardan oziqlanadi:
qonun ustuvorligi;
inson haq-huquqlari va hurfikrlilik;
turli millat vakillariga hurmat va ular bilan bahamjihat yashash;
diniy bag`rikenglik;
dunyoviy bilimlarga intilish, ma`rifatparvarlik;
o`zga xalqlarning ilg`or tajribasi va madaniyatini o`rganish va hokazo.
Qonun ustuvorligi jamiyat a`zolarining millati, tili va dinidan qat`i nazar, qonun oldida teng ekanini nazarda tutadi. Bu tamoyil biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlat hayotida, islohotlarimizni amalga oshirishda eng muhim taraqqiyot tamoyili bo`lib xizmat qilmoqda.
Inson haq-huquqlari daxlsizdir. Dunyodagi barcha xalqlar insonning haq-huquqlari to`la ta`minlanadigan, u erkin nafas ola-digan jamiyat barpo etishga harakat qiladi. Lekin bu maqsadga erishish oson emas. Chunki bu olamda boshqalarning huquqini poymol qilib, zulm va zo`ravonlik asosida ularni o`ziga qaram qilishni istaydigan yovuz kuchlar ham ko`p. Inson haq-huquqlarini ulardan himoya qilish - har qaysi ongli odamning muqaddas burchi. Shuning uchun ham inson haq-huquqlari umumbashariy qadriyat darajasiga ko`tarilgan. Bizning yurtimizda inson haq-huquqlari to`la ta`minlangan. Bu boradagi asosiy me`yorlar davlatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarimizda o`z aksini topgan.
Hurfikrlilik - insonning asosiy huquqlaridan biri bo`lib, shaxs erkinligining muhim shartidir. Unga ko`ra, har bir inson o`z fikrini erkin bildirish huquqiga ega. Chunki insonning fikri, ya`ni ma`naviy olami erkin bo`l-sa, hayoti ham erkin bo`ladi. Turli millat vakillariga hurmat va ular bilan bahamjihat yashash, diniy bag`rikenglik, dunyoviy bilimlarga intilish, ma`rifatparvarlik, o`zga xalqlarning ilg`or tajribasi va madaniyatini o`rganish kabi qadriyatlar ham bugungi k unda hayotimizdan chuqur joy olmoqda.
Milliy qadriyatlar zamirida bir xalqning tarixiy an`analari, turmush larzi va hayotiy qarashlari mujassam bo`lsa, umumbashariy qadriyatlar butun insoniyatga xos taraqqiyot tajribalarini, har bir odamning bashar farzandi ekani bilan bog`liq umumiy mohiyatni ifoda etadi.
Prezidentimiz Islom Karimov bu haqda to`xtalib, quyidagi fikrlarni alohida ta`kidlagani bejiz emas: «Ma`lumki, biron-bir xalq ma`naviyatiga xos qadriyatlarning boshqa xalqlar tomonidan tan olinishi, tabiiyki, ana shu xalq tarixiga nisbatan chuqur hurmat ifodasidir. Bunday e`tirof xalqning g`urur va iftixori, milliy o`zligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi»`.
Belgiyada Ibn Sino, Litvada Mirzo Ulug`bek, Rossiya poytaxti Moskva, Yaponiya poytaxti Tokio, Ozarboyjon poytaxti Boku shaharlarida Alisher Navoiy, Misr poytaxti Qohirada esa Ahmad Farg`oniy haykallari o`rnatilgani, 2007-yili Islom konferensiyasi tashkilotining ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha ixtisos-lashgan tuzilmasi - AYSESKO tomonidan Toshkent shahri Islom madaniyati poytaxti deb e`lon qilingani, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Marg`ilon kabi qadimiy shaharlarimizning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlangani xalqimizning umumbashariy qadriyatlar ravnaqiga qo`shgan hissasining yuksak e`tirofi bo`ldi.
Shuni yodda tutingki, xalqimizning buyuk madaniy merosi, uning ma`naviy qudrati, mustahkam irodasi xalqimizning hamisha milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib yashagani bilan izohlanadi.
Xalqimizning necha ming yillik tarixi davomida millatchilik, boshqalarni kamsitish, diniy va milliy nizolar hech qachon bo`lmaganining asosiy sabablaridan biri ham bizning faqat milliy qadriyatlar bilan cheklanib qolmasdan, doimo umumbashariy qadriyatlardan oziqlanib kelganimiz, el-yurtimizga xos insonparvarlik va bag`rikenglik fazilatlari bilan bog`liq.
Bizning milliy g`oyamizning kuch-qudrati shundaki, u milliy va umumbashariy qadriyatlardan oziqlanib, ularni rivojlantirishga hissa qo`shishni nazarda tutadi. Ayni vaqtda ularni o`zining asosiy tushuncha va tamoyillari asosida uyg`unlashtirib, xalqimizning umumiy maqsadlariga xizmat qildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |