IV.Yangi mavzuning bayoni. Texnika taraqqiyoti yuqori saviyali mutaxassis va ishchilarga bo`lgan ehtiyojni kuchaytirib yubordi. Rivojlangan mamlakatlarda 12-13 yoshgacha bo`lgan bolalarni umumiy majburiy va bepul o`qitish joriy qilindi. Bu omil aholi savodxonligining oshishiga olib keldi. Imtiyozli o`quv yurtlari tarmog`i kengaydi. Biroq xalqning asosiy qismi qashshoq yashaganligi, yomon uy-joy sharoitlari, bolaligidan tirikchilik uchun pul topish zarurligi bir qator mamlakatlarda ko`plab bolalarni o`qishni oxiriga yetkazmasdan maktabni tashlab ketishga majbur qilardi. Ayni paytda, ta'lim sohasidagi salbiy jihatlarni ham ko`rmaslik mumkin emas edi. Chunonchi, ba'zi mamlakatlarda yoshlarni millatchilik, irqchilik ruhida tarbiyalashga e'tibor berilgandi. Xususan, Amerika Qo`shma Shtatlarida xalq maorifi tizimi irqchilik ruhida edi. Negrlarning bolalari uchun alohida maktablar ochilgan bo`lib, bu maktablarda oq tanlilarning bolalari uchun tashkil etilgan maktablardagiga qaraganda kam hajmda bilim berilar edi. Mamlakatda hukm surayotgan irqchilikka qarshi kurash masalasi Garriyet Bicher-Stouning «Tom tog`aning kulbasi» asarida o`z ifodasini yaqqol topdi. Yevropa ta'siri kuchaydi. XX asr boshlariga kelib, jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo`lgan tabiiy fanlarning jadal rivojlanishi, texnikaning yanada ildam taraqqiyoti diniy xurofotlardan xoh bo`lgan ilmiy dunyoqarashning mavqeyi mustahkamlanishi uchun sharoit yaratdi. Gumanitar fanlarda, birinchi navbatda, falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, adabiyot va sotsiologiyada realistik voqelikni aks ettiruvchi asarlar yuzaga keldi. Bir qator olim va yozuvchilar insonlarning yaxshi yashashi uchun, demokratiya, tenglikni ta'minlovchi jamiyatni barpo qilish maqsadida shunga intiluvchi g`oyalarni ifodalovchi va ulugiovchi asarlarni yuzaga keltirdilar. Lekin, qanday qilib bo`lsa ham boylik to`plashga harakat qilishni tasvirlovchi asarlar ham paydo bo`ldi. Bu davrda madaniyat, adabiyot va sao`atning demokratik asosda rivojlanishi uchun sharoit yaratildi. Ayniqsa, bu narsa adabiyotda yaqqol o`z ifodasini topdi. Shu sababli tanqidiy realizm va naturalizm yuzaga keldi. Tarixchilar insoniyat taraqqiyotining turli davrlari haqida juda katta ashyoviy dalillar to`pladilar. Bu davrda ham azaliy kurash - yaxshilik va yomonlik o`rtasidagi kurash-mafkuraviy, g`oyaviy hayotning asosini tashkil qildi. Gumanitar soha olimlari XX asr boshida ro`y berayotgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o`rganishni kuchaytirdilar. Falsafa va mustamlakachilik g`oyalari. Bu davrda falsafa fani ham rivojlanib davrga moslashdi. Ilgari ma'rifatparvarlik kuchli bo`lsa, endi inson huquqlariga e'tibor kuchaydi. Fanning rivojlanishi bilan uning jamiyatdagi o`rnini belgilash, barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishda fanning ijobiy hodisa ekanligini asoslash kuchaydi. Bu davrning mashhur faylasuflaridan biri Fridrix Nitsshe (1844-1900) inson irodasi masalasiga katta e'tibor berdi. Inson borlig`ida maxluqlik va xoliqlik birlashib ketganini asoslashga harakat qildi. U zardushtiylik ta'siri ostida «Zardusht tavallosi» asarini yozdi. Bu asarda kuchli shaxslarni tarbiyalash g`oyasi ilgari surildi. O. Shpengler (1880-1939) «Yevropasentrizm»ga qarshi chiqdi. Har bir madaniyatning o`ziga xosligi, bir-biridan mustasno holda rivojlanish g`oyasini mutlaqlashtirdi. Bu fikrlar uning «Yevropa quyoshining botishi» asarida o`z ifodasini topdi. Z. Freyd (1856 - 1939) - psixoanaliz nazariyasining asoschisi, dunyoga tanilgan olim. Uning asarlari XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Yevropada adabiyot va san'atning rivojlanishiga katta ta'sir ko`rsatdi. Freyd qilgan buyuk inqilobning mohiyati shundaki, u Dekartning inson to`g`risidagi tasavvurlarini inkor etib fenomenologik (favqulodda, nodir) yondashuv yordamida ongsizlikni tahlil qilish mumkinligini asoslab berdi. Psixoanaliz an'analariga muvofiq ongsizlik bilib bo`lmas jarayon deb tushuntirilardi. Freydning psixoanalitik falsafasi inson borlig`ini vujudga keltirgan asoslarni aniqlashga, kishi xulq-atvori, xarakterining yuzaga kelish sabablari, individ turmush tarzi tamoyillarining hosil bo`lishini tushuntirishga intiladi. Ko`pgina faylasuflar jamiyat taraqqiyotining bosh mezoni - sanoatning rivojlanish darajasi deb hisoblay boshladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |