Tayanch iboralar.
Tashqi muhit, havo, mikrob, zamburg’, virus, gijja, patogen, saprofit, suv, tuproq, oziqa, jihozlar, asboblar va x.k.
|
|
Tashqi muhitdagi mikroorganizmlar dunyosi juda katta bo’lib, keng tarqalgan. Tashqi muhit hayvonlardan ajralayotgan patogen va shartli patogen mikroorganizmlar uchun tabiiy yashash joyi hisoblanmaydi. Chunki tashqi muhit sharoitida yashash uchun zarur sharoit, oziqa, kerakli harorat, namlik va rN muhiti doimo uchramaydi. Shu sababli organik moddalarni ko’p saqlaydigan tashqi muhit - patogen mikroorganizmlar yashashi hamda patogenlik xususiyatini saqlay oladigan sharoit hisoblanadi.
Tashqi muhit omillaridan havo, suv, tuproq va oziqalarda doimo uchrab turadigan mikroorganizmlarga quyidagilar kiradi:
Bakteriyalar - shakli, o’lchami va ba’zi biologik xususiyatlari bilan farq qiladigan bir hujayrali mikroorganizmlar bo’lib, sharsimon (kokklar), tayoqchasimon (bakteriya, basilla va klostridiylar) va burama (vibrion, spirillalar, spiroxetlar) shaklli bo’ladi. Bakteriya hujayrasi qobiq, sitoplazma va o’zak apparatidan iborat spora, kapsula, xivchinlar bakteriyaning doimiy bo’lmagan elementidir.
Rikketsiyalar - bir hujayrali, harakatsiz, polimorf, grammanfiy organizmdir. Shakli va o’lchami bilan bakteriyalarga, kultural va biologik xususiyatlari bilan viruslarga o’xshaydi. Tarkibida DNK, RNK, oqsil va 40 % gacha yog’lar saqlaydi. P.F.Zdrodovskiy bo’yicha kokksimon, tayoqchasimon, basillasimon va ipsimon shakli uchraydi. Kapsula va spora hosil qilmaydi. Rikketsiyalar sun’iy oziqa muhitlarda o’smaydi.
Mikoplazmalar - polimorf bo’lib, 100 - 150 nm li filtrlardan o’tuvchi grammanfiy, harakatsiz mikroorganizmlar bo’lib, spora va kapsula hosil qilmaydi, Tarkibida tirik to’qima hujayralari bo’lmagan oziq muhitda o’sadi. Bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Qoramol plevropnevmoniyasi kasalligining qo’zg’atuvchisi hisoblanadi.
Aktinomisetlar - nursimon zamburug’lar bo’lib, grek tilidan olinganda actis - nur, mykes - zamburg’ ma’nosini bildiradi. Bir hujayrali grammusbat tarmoqlanuvchi mikroorganizmdir. Aktinomisetlar orasida saprofitlari ham bo’lib, tuproq hosil bo’lish jarayonida faol qatnashadi. Aktinomisetlar belgilari bilan bakteriya va zamburug’larga o’xshaydi. Bular hayvonlar va odamlarda og’ir va surunkali kechadigan (aktinomikoz va h.k.) kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Spiroxetalar – harakatchan bo’lib, ingichka va spiral shaklda juda ko’p mayda burmalari bo’lgan mikroorganizmlardir. Hujayrasining tarkibida to’g’ri o’q shaklida ipi bo’lib, uning atrofida mayda – mayda burmachalar shaklda yadro moddasi va har xil kiritmalar bo’lgan sitoplazma joylashadi. Spiroxetlar ayrim belgilari bilan bakteriyalardan farq qiladi. Shuning uchun ular guruhga ajratilgan leptospiralarda hujayra qobig’i bo’lmaydi, spora, kapsula hosil qilmaydi, xivchinlari yo’q, ular sitoplazmasi qisqarishi natijasida ilonga o’xshab harakatlanadi.
Zamburug’lar - o’simlik dunyosiga kiradigan xlorofillsiz organizmlar bo’lib, evkariotlarga kiradi. Har xil substratlar yuzasida yashaydilar. Zamburg’lar orasida saprofit va patgen turlari uchraydi.
Viruslar – tirik tabiatning sodda hujayrasiz vakili bo’lib, barcha turdagi organizmlar hujayrasi ichida parazitlik qiladi. Viruslar biologik, kimyoviy, fizik xossalari va boshqa bir qancha belgilariga qarab quyidagi ikkita guruhga ya’ni DNK va RNK saqlovchi guruhlarga bo’linadi. Hozirgi vaqtda hayvonlar organizmida uchraydigan viruslar 19 ta oilani o’z ichiga oladi. Shundan 12 tasi RNK va 7 tasi DNK saqlovchi viruslardir.
Tashqi muhitning patogen mikroblar bilan ifloslanishi yuqumli kasalliklar bo’lishi, oqova suvlarni zararsizlantirilmasligi, suyuq go’ngning dala va suv manbalariga tushishi natijasida ro’y beradi. Bundan tashqari ifloslanish manbai bo’lib, yovvoyi hayvonlarning o’liklari hamda doimiy yashirin mikroorganizmlarni tashuvchi chorva mollari hisoblanadi. Mikrob tashuvchi bo’lib sog’lom, biror yuqumli kasallik bilan kasallanib tuzalgan hamda tashqi tomondan sog’lom lekin yashirish infeksiya bilan zararlangan hayvonlar hisoblanadi.
Organizmda yuqumli jarayonning o’tishi qo’zg’atuvchining xususiyatlari va organizmning reaktivligi bilan aniqlanadi. Yuqumli jarayonga tashqi muhit omillari ya’ni saqlash, sug’orish, oziqlantirish va boqish katta ta’sir ko’rsatadi. Hayvonlar zararlanishi natijasida organizmda yuqumli jarayon rivojlanadi. Ba’zan organizm funksiyalari sezilarli buzilmasligi va kasal hayvon holati o’zgarmasdan yashirin shaklda davom etishi mumkin. Ayrim qo’zg’atuvchilar organizmda yillab bo’lishi va klinik ko’rinishdagi kasallik paydo qilmasligi mumkin, masalan, tuberkulyoz qo’zg’atuvchisi, paratifoz mikroblari va boshkalar. Hayvonlarning kasallanish darajasi ko’pincha qo’zg’atuvchining turi bilan birga uning xususiyatlari ayniqsa virulentlik darajasi bilan aniqlanadi. Ammo yuqumli jarayonning rivojlanishida asosan hayvon organizmining holati, reaktivligi va rezistentligi hal qiluvchi rol o’ynaydi. Bunday holat asosan tashqi muhit sharoitlari ta’sirida paydo bo’ladi. Hayvonlar yaxshi, to’liq va sifatli oziqlantirilsa qo’zg’atuvchini yuqtirmasligi, yuqqanda ham kasal bo’lmasligi mumkin. Sovuq, zax binolarda saqlash, sifatsiz oziqa berish, haddan tashqari ekspluatasiya qilish kasallikning klinik rivojlanishini ishga soluvchi mexanizm hisoblanadi.
Chorvachilik xo’jaliklarida patogen mikroblar bilan ifloslanishni oldini olishda asosiy e’tibor hayvonlarni saqlash, asrash, boqish sharoiti, to’la qiymatli oziqalar bilan ta’minlash, molxonalarni namlik va ortiqcha shamollashdan saqlashga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |