1.2. O‘zbekistonda turizmning mohiyati
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi boshlanishiga qadar turizmning barqaror taraqqiy etayotganligi va uning istiqboli, ushbu sohani “kelajak industriyasi” sifatida e’tirof etishga asos bo‘lgan edi. Mamlakatimizda turizm faoliyati mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida talqin qilinib, unga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Soha rivoji uchun zaruriy tashkiliy-huquqiy mexanizmlar vujudga keltirilib, hukumat tomonidan tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va bu boradagi ishlar hozir ham davom etmoqda.
Hozirgi paytda turizm sohasining umumiy rivojlanishi va raqobatbardosh turistlik mahsulot yaratish maqsadida, tarmoqda zaruriy islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning turizm sohasidagi islohotlarni shartli ravishda to‘rt bosqichga ajratsak bo‘ladi.
Birinchi bosqichda tarmoqda yangi boshqaruv tizimini shakllantirish, turistlik biznesni yuritishga yordamlashadigan qo‘shimcha biznes turlarini yaratish, sohaga xizmat qiladigan bank, audit, maslahat xizmatlarini tashkil etish, viloyatlarda turizm tarmog‘ining mintaqaviy bo‘linmalarini tuzish, xalqaro miqyosda turizm mahsulotini reklama qilish, xususiylashtirilgan turistlik korxonalarni litsenziyalashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor berildi. 1992 yilda respublikada «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi tashkil etildi va turizm sohasida barcha tashkiliy, boshqaruv hamda muvofiqlashtirish funksiyalarini amalga oshira boshladi. 1993 yilda «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi Butunjahon turistlik tashkilotga (BTT) haqiqiy a’zo bo‘lib kirdi va bu o‘z navbatida xalqaro turizmni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi. 1994 yilda BMT ning YUNESKO tashkilotining hamda O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan Samarqand shahrida Buyuk Ipak yo‘lidagi shaharlarda xalqaro turizmni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bu bosqich mobaynida, ya’ni 1994 yilda ishlab chiqilgan «Turistlik korxonalarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish dasturi» chuqur tizimli - institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirishda juda katta ahamiyat kasb etdi. 1994-1995 yillar mobaynida «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasining 87,8% turistlik ob’ektlari xususiylashtirildi va davlat tasarrufidan chiqarildi.
Amalga oshirilgan o‘zgarishlar turistlarni qabul qilish shaklini jadallik bilan rivojlantirdi. 1995 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash va xalqaro turizmni rivojlantirish» to‘g‘risidagi Farmoni1 Buyuk Ipak yo‘lida turistlik mahsulotni tiklash borasida strategik harakterga ega bo‘ldi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston turizmi sohasidagi islohotlarning ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Natijada Buyuk Ipak yo‘lidagi shaharlar va turistlik manzillar ro‘yxatga olindi, Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduholiq G‘ijduvoniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom al-Motrudiy, Mahmudi A’zam, Hakim at-Termiziy, Hazrati imom, Shayx Shamsiddin Kulol, Burxoniddin Marg‘unoniy, Buxorodagi Chor Bakrlari kabi allomalarimizning maqbaralari ta’mirlandi va ziyoratgoh majmualarga aylantirildi, Toshkent shahrida muntazam ravishda xalqaro turistlik yarmarka tashkil etila boshlandi, mehmonxonalardagi xalqaro talablarga javob beruvchi o‘rinlar soni 4,8 barobarga ko‘paytirildi.
O‘zbekistonda 2005 yil 1 yanvar holati ma’lumotlariga ko‘ra, jami turistlik faoliyat bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning soni 351 tani tashkil etgan. Shundan, 290 tasi xususiy turistlik firmalar bo‘lib (83 %), ularning xizmat ko‘rsatish sohasidagi ulushi 90% ni tashkil etgan. Quyidagi 1.1. jadvalda turizm sohasidagi davlat va nodavlat turistlik korxonalarning dinamikasi va daromad hajmining taqqoslanishi berilgan.
Jadval 1.1.
Do'stlaringiz bilan baham: |