5.2. Tabiat qo‘riqxonalari, tabiat buyurtmaxonalari va tabiat yodgorliklari Davlat tabiat qo‘riqxonasi – noyob va o‘ziga xos
ekotizimlarni, o‘simliklar va hayvonot dunyosi hamda alohida
turlarni, o‘simliklar va hayvonot dunyosining genetik fondini,
tabiatdagi tabiiy jarayonlar va hodisalarni saqlash, muhofaza
qilish va o‘rganish, ekologik-ma’rifiy tadbirlar ilmiy-tadqiqotlar
o‘tkazish maqsadida davlat tomonidan muhofaza qilinadigan
tabiiy hududlardir.
Davlat tabiat qo‘riqxonasining maqomi quyidagi talablardan
iborat hisoblanadi:
• tabiiy majmualarni to‘lig‘icha muhofaza qilish va qayta
tiklash;
• doimiy ekologik monitoringni tashkil qilish;
• ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish;
• ekologik-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish;
• noyob o‘simliklar va hayvonot turlarining genofondini
saqlash va muhofaza qilish, ko‘paytirish.
Davlat tabiat qo‘riqxonalari ko‘p hollarda bitta noyob o‘simlik
yoki hayvon turini qo‘riqlash uchun ham tashkil qilinadi. Bu
holda ham qo‘riqxona hududlaridagi barcha ekologik tizimlar va
ulardagi biologik xilma-xillik bir xil rejimda muhofaza qilinadi.
Masalan, O‘zbekistonda “Zarafshon tabiat qo‘riqxonasi” endemik
bo‘lgan Zarafshon tustovug‘ini, “Nurota tabiat qo‘riqxonasi”
yovvoyi qo‘y arxarlarni qo‘riqxonaning butun ekologik tizimlari
bilan muhofaza qiladi.
Davlat tabiat qo‘riqxonalari alohida o‘simlik yoki alohida
noyob, endemik bo‘lgan hayvon turini muhofaza qilishga (Baday-
to‘qay biosfera qo‘riqxonasi) ham ixtisoslashtirilishi mumkin.
Masalan, botanika tabiat qo‘riqxonalari (xalqaro “Qizil kitob” va
“O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan endemik bo‘lgan noyob
o‘simliklar, geomorfologik yoki geologik qo‘riqxonalar (Kitob
geologik qo‘riqxonasi).
Biosfera qo‘riqxonalari . Biosfera qo‘riqxonalari atamasi
1976-yil YUNESKO yig‘ilishida shakllantirildi. O‘sha vaqtda
8 mamlakatda 59 ta biosfera qo‘riqxonalari tashkil qilinganligi
ro‘yxatdan o‘tkazildi. 1983-yilda “Biosferali hududlar” bo‘yicha
xalqaro kongress “biosferali hududlarni rivojlantirish” rejasini
ishlab chiqdi. Biosfera qo‘riqxonalari xalqaro miqyosdagi maqomga
(statusga) ega bo‘lgan davlat tabiat qo‘riqxonalari hisoblanadi.
Muhofaza rejimi davlat tabiat qo‘riqxonalaridagidek. Dunyoda
hozirga kelib 350 ta biosfera qo‘riqxonalari tashkil qilindi
35
.
Biosfera qo‘riqxonalarining xalqaro qo‘riqxonalarga aylantirishi
xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkilotlarining va xalqaro
“Qizil kitob”ning tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Chunki
bu tabiat qo‘riqxonalarida muhofaza qilinayotgan o‘simlik yoki
o‘simliklar turi, hayvon yoki hayvonlar turi endemik bo‘lib
dunyoning boshqa hududlarida yashamaydi va soni juda kamayib
ketgan, tabiatda batamom qirilib ketishi mumkin. Ikkinchidan,
davlatlarning tabiat qo‘riqxonalarida muhofaza qilinadigan ba’zi
bir hayvon yoki parrandaning xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilishi
ham ushbu qo‘riqxonani xalqaro biosfera qo‘riqxonalari tizimiga
kiritilishining asoslaridan biri hisoblanadi.
Vatanimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Quyi
Amudaryo qayirlarida dunyoning boshqa hududlarida
yashamaydigan, vatanimiz tabiati uchun endemik bo‘lgan
Buxoro bug‘usini ko‘paytiradigan va muhofaza qiladigan oldingi
“Baday-to‘qay tabiat qo‘riqxonasi” Xalqaro tabiatni muhofaza
qilish ittifoqi (MSOP) va Xalqaro “Qizil kitob” tashabbusi bilan
“Baday-to‘qay biosfera qo‘riqxonasi”ga aylantirildi. Hozirda
bu biosfera qo‘riqxonasi “Baday-to‘qay xalqaro rezervati”ga
aylantirilgan. Vatanimizdagi ikkinchi biosfera tabiat qo‘riqxonasi
jahonda sanoqli sonlari qolgan qor barsini saqlayotgan va
muhofaza qilayotgan “Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi”
hisoblanadi.
35
Кусков А.С., Голубева В.Л., Одинцова Т.Н. Рекреационная география. Саратов-
ский государственный технический университет, 2005. C. 503.