28.1. Kommunikatsiya siyosatining mohiyati, mazmuni va maqsadlari. Soddalashtirilgan tushunchada siljitishning marketing ma’nosi shundan iboratki, bu axborotni iste’molchiga faol uzatishdan boshqa narsa emas. Biroz kengaytirilgan talqinda siljitish — bu tovarlar sotilishini faollashtirish va bozorda ijobiy tasavvur shakllantirish maqsadida axborot olish, ishontirish va o‘z faoliyati haqida eslatish uchun korxonaning bozor bilan doimiy aloqalarini yaratish va saqlab turishdir.
Shu bilan birga siljitish korxona tomonidan taqdim etilayotgan tovarlar, narxlar, sotish shartlari, ya’ni marketing elementlari orqali potensial iste’molchilarning olishi mumkin bo‘lgan manfaatlari va afzalliklari to‘g‘risida zaruriy xabardorlik darajasini ta’minlaydi.
Siljitishning asosini esa korxonaning bozor sub’ektlari bilan kommunikativ aloqalari tashkil etadi. Siljitishning asosiy vositalari sifatida reklama, shaxsiy sotishlar, sotishni rag‘batlantirish va jamoatchilik bilan aloqalar namoyon bo‘ladi. Bu vositalarning hammasidan korxona reklama va marketing maqsadlariga erishish uchun foydalanadi.
Reklama — bu muayyan homiy buyuradigan va moliyalashtiradigan g‘oyalar, tovarlar yoki xizmatlarni noshaxsiy taqdim etish va siljitishning har qanday pulli shaklidir.
Shaxsiy sotish — bu tovarni potensial mijozlarga ular bilan bevosita muloqot qilish vaziyatida taqdim etish va sotish hamda ular bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish maqsadini ko‘zlaydigan jarayon.
Sotishni rag‘batlantirish — u yoki bu tovarlarni harid qilishni rag‘batlantirishga imkon beradigan undovchi chora-tadbirlar kompleksi.
Jamoatchilik bilan aloqalar («pablik rileyshnz») — korxona va turli xil aloqa qiluvchi auditoriyalar (jamoatchilik) o‘rtasida yaxshi munosabatlarni o‘rnatish va saqlashga qaratilgan harakatlarni korxona uchun manfaatli obro‘-e’tibor, ijobiy imijni yaratish vositasida yo‘lga qo‘yish. Buning uchun tashviqot, matbuot, ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etish, firma uslubini saqlab turish qo‘llaniladi.
Keyingi -yillarda pablik rileyshnz keskin rivojlanmoqda va marketing tizimida yirik va salobatli firmalarning murakkab, mustaqil, samarali quroli sifatida baholanmoqda. U iste’mol tovarlarini ishlab chiqaradigan sanoat firmalari va kompaniyalari tomonidan potensial haridorlar doirasini kengaytirish, tovar haqida keng axborotga ega bo‘lish maqsadida ishlatiladi.
Korxonaning bozor bilan kommunikativ aloqalari korxona bozorga o‘zining tovarlari, xizmatlari va ular haqidagi xabarlarni yo‘naltirishda namoyon bo‘ladi. Bozor esa korxonaga sotilgan mahsulot uchun pul mablag‘larini va mazkur tovarga bozorning munosabati qandayligi haqidagi axborotni qaytaradi.
Kommunikatsiyalar jarayoni kommunikativ modelni tuzish yordamida tasvirlanishi mumkin. U quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi:
Ø maqsadli auditoriyani topish va uning tavsiflarini aniqlash; Ø firma va tovar haqida potensial mijozlarning xabardorligini ta’minlash; Ø kutiladigan javob reaksiyasini aniqlash; Ø auditoriyaning xayrixoxligini qozonish; Ø mijozni harid qilishga undash.