3 -MAVZU. FANDA IJOD QILISH
1. Ijodiyot va uning turlari
2. Ilmiy tadqiqotda ijodiy jarayon
3. Ilmiy ijodiyotning ratsional va noratsional tomonlari
4. Tadqiqotda yangilik yaratish bosqichlari
5. Ilmiy bilish va tadqiqot tushunchalari
6. Ilmiy tadqiqot turlari
7. Ilmiy tadqiqot strukturasi
8. Ilmiy bilish darajalari va shakllari
1. Ijodiyot va uning turlari
Magistratura ta’limi haqida gapirganimizda, bu bosqichda magistrantlar hal etilmagan, hali ochilmagan yoki yetarli ma’lum bo‘lmagan narsa va hodisalarga tegishli muammolarni o‘rganishga kirishishlari haqida malohaza yuritdik. Demak, magistrantlar tadqiqotchi sifatida izlanish olib borganlarida yangi tushuncha, xulosa yoki tavsiya ishlab chiqish shaklida ijod qilish bilan shug‘ullanadilar. Ular chop etadigan maqolalarda, yozadigan dissertatsiyalarida yangicha yondashuv, faktlarni yangicha talqini, yangi mazmunga ega bo‘lgan xulosa va tavsiyalar berilishi lozim. Bu esa ilmiy ijodiyot jarayonini anglatadi. Fanda ijodiyot o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shu bois, ijodiyot tushunchasiga, ilmiy ijodiyot mohiyatini tushunish masalasiga to‘xtalib o‘tamiz.
Ijodiyot inson faoliyatining yangi narsalar yoki qadriyatlar yaratishga qaratilgan hislatini bildiradi. Inson, jamoa, kishilar va tashkilotlar uyushmasini ijodiyot sub’ekti,deb atash mumkin.
Ijodiyotga aniqroq qilib quyidagi ta’rifni berish mumkin: ijodiyot – bu insonni tobora takomillashib borayotgan xilma-xil ehtiyojlarini qondiradigan yangidan-yangi moddiy, ijtimoiy va ma’naviy qadriyatlar yaratish faoliyatidir. Fanda yaratiladigan yangi g‘oyalar,nazariyalar va texnologik loyihalar ma’naviy qadriyatlar turiga kiradi.
Ijodiyot xususida so‘z yuritganda ijodiy tafakkur va ijtimoiy-ijodiy faoliyatni farqlash lozim. Birinchisi ma’naviyat, san’at, fan sohasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Islohotlarni amalga oshirish, yangi ijtimoiy tuzilmalarni bunyod etish ijtimoiy-ijodiy faoliyatni bildiradi.
Fanda ijodiy tafakkur va ijtimoiy-ijodiy faoliyat birlashadi. Bunday birlashishni natijasi sifatida xalqaro ilmiy hamkorlik, fanning tashkiliy strukturalarini takomillashtirish, fan sohasida islohotlarni joriy qilish kabi jarayonlarni ko‘rsatish mumkin.
Endi ilmiy ijodiyot tushunchasi ta’rifini beramiz: ilmiy ijodiyot-bu bilish shakllari va unsurlarini tafakkurda ratsional va noratsional tarzda harakatlantirib, yangi ilmiy va texnologik qadriyatlar yaratish faoliyatidir.
Bu yerda bilish shakllari va unsurlari deganda, tasavvur, tushuncha, g‘oya, nazariy qoidalar va turli uslubiy vositalar ko‘zda tutiladi. Bularni hammasi tafkkurda anglash, mulohaza yuritish,tahlil qilish va taqqoslash jarayonida ratsional fikrlash tarzida, ya’ni, aqliy, mantiqiy izchillik bilan harakatga keltiriladi, ob’ekt o‘rganiladi. Ayni paytda ruhiyatimizning ong osti qatlamida murakkab muammoli vaziyatda intuitiv va nogahon fahmlash yo‘li bilan ham noratsional bilish va ijod qilishni amalga oshirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |