Oilaning bolani maktabga tayyorlashdagi o‘rni
Bolalarni maktabga tayyorlashda oila alohida ahamiyat kasb etadigan maskandir. Bola tarbiyasida oilaning barcha a’zolaridan nafaqat bolalarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni, balki ularning taqdiri uchun yuksak mas’uliyat hissini ham talab qiluvchi qiyin va murakkabishdir. Oila bolani maktabga tayyorlashda tarbiyani har tomonlama, jumladan, ma’naviy, axloqiy, aqliy, estetik, jismoniy va mehnat tarbiyalarini birgalikda olib borish yaxshi samara beradi. Ma’naviy tarbiyani bolaga o‘tmishda Vatan ravnaqi, elyurt tinchligi va farovonligi yo‘lida kurashgan xalq qahramonlari haqida gapirib berish, davlatimizning ramziy belgilari bilan tanishtirish, mustaqillik, Vatan haqidagi she’r va qo‘shiqlarni yod oldirish, qadriyat va an’analarimizni o‘rgatish orqali singdirish mumkin. Oilaviy tarbiya jarayonida shaxsning bir qator axloqiy jihatlari shakllanadiki, boshqa hech qaysi tarbiya ob’ekti oiladagidek yuqori natija bermaydi. Ularga insonparvarlik, mehr-muruvvat, rahm-shafqat, hamdardlik,muomala madaniyati, burchi va sadoqat minnatdorchilik kabi insoniy fazilatlar turadi. Kelajak avlodga estetik tarbiya berishda ham oilaning muhim o‘rni bor. Oila davrasida qo‘shiqlar kuylanishi, biror ertak yoki asarni oila davrasida o‘qish, birga spektakl, kino ko‘rish va tahlil qilish, kiyinish madaniyatini shakllantirish, uyda gullar parvarish qilish, rasm solish va hokazolar bolani estetik tarbiyasini shakllantirishdagi jihatlardir. Ota-onalar voyaga yetayotgan farzandlarining jismoniy barkamolligiga o‘ta mas’uliyat bilan qarashlari lozim.
MTTning oila bilan ishlash shakllari
«O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq bola maktabgacha ta’limni uyda ota-onalarning mustaqil ta’lim berishi orqali yoki doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha tarbiya muassasalarida, shuningdek, MTMga jalb qilingan bolalar uchun bolalar bog‘chasida, maktablarda, mahallalarda tashkil etilgan maxsus guruhlar yoki markazlarda oladi. Bola kunning asosiy qismini MTTda o‘tkazsa ham, inson kamoloti uchun eng muhim bo‘lgan omillardan biri tarbiyaning tamal toshi oilada qo‘yiladi. Shu sababli ham maktabgacha pedagogikaning asosiy maqsadi bo‘lgan bolalarni maktab ta’limiga har tomonlama tayyorlashda MTM bilan oila hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
MTMning oila bilan ishlash tizimida aniq maqsad, mazmun bo‘lishi kerak. Maktabgacha ta’lim muassasaning ota-onalar bilan ishlashida keng aholi ommasi orasida pedagogik tashviqot ishlarini tashkil qilish tufayli bolalarni tarbiyalashda ijobiy natijalarga erishish mumkin. MTT xodimlari ota-onalar va oila bilan hamkorlikdagi ishlaridan eng keng tarqalgan shakllarini keltiramiz.
Bola oilasi bilan aloqalarni o‘rnatish shakllaridan biri dastlabki pedagogik topshiriqni bajarish jarayonidagi ota-onalar va tarbiyachining muloqotida aks etadi. Pedagogik topshiriqning bir necha turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Bolalar bilan uzluksiz (yakka, guruhiy, jamoaviy) ishlash, faol tarbiyaviy nuqtai nazarni talab etuvchi topshiriq: bolalarning qiziqishlari bilan bog‘liq to‘garaklarga rahbarlik qilish va boshqalar. Tarbiyachiga tashkiliy yordam ko‘rsatishni talab etuvchi topshiriq: ekskursiyani tashkil etishga yordamlashish (transport, yo‘llanma bilan ta’minlash); taniqli kishilar bilan uchrashuvlarni tashkil etishga ko‘maklashish; guruh xonasini jihozlashga yordamlashish. Xo‘jalik vazifalarini hal etishga qaratilgan, ta’lim muassasasining moddiy bazasini rivojlantirish va mustahkamlashni talab etuvchi topshiriq: xonalarni jihozlash, o‘quv jihozlari va qurollarini tayyorlashga ishtirok etish; ta’mirlash ishlariga yordam berish. Ota-ona va oila bilan individual ishlash. Bunda oilaga tarbiyachining borishi, ota-onalar uchun suhbat o‘tkazish, ularga maslahat berish, ota-onalarni bolaning maktabgacha ta’lim muassasasidagi hayoti bilan tanishtirish kabilar kiradi. Ota-onalar bilan jamoa tarzida tashkil qilinadigan ishlar: bular ota-onalarning guruhiy va umumiy majlislari, ota-onalar maktabi, anjumanlar, shanbaliklar, savol-javob kechalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |