Marginal guruhlar. Marginallar (lot. marginalis – chetga chiqib qolgan) – ongi, xulq-atvori va maqomi ijtimoiy guruhlar chegarasida joylashgan kishilar majmuyi. Bular bir ijtimoiy (masalan, milliy, diniy) muhitdan chiqib, o‘zi uchun yangi bo‘lgan boshqa ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmagan kishilardir. Marginallar maqomi chegaraviy xususiyatga ega bo‘ladi, shu bois marginal o‘zini o‘zi aniq identifikatsiya qila olmaydi.
Marginallik ijtimoiy hodisa sifatida hozirgi jamiyatda ancha keng tarqalgan. Ijtimoiy marginallik kuchli ijtimoiy bo‘hronlar yuz berayotgan jamiyatlarda ayniqsa, keng tarqaladi (barqaror jamiyatda marginallar jamiyat ijtimoiy strukturasida ahamiyatga molik o‘rin egallamaydilar va uning rivojlanish jarayoniga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmaydilar).
Hozirgi vaqtda MDHda butun ijtimoiy strukturaning marginallashuvi muammosi dolzarb ahamiyat kasb etayotir (uysiz odamlar, qarovsiz bolalar va h.k.). Marginallashuv – bu jamiyatda marginallar sonining ko‘payish jarayonidir. So‘nggi yillarda qishloqdan shaharga ko‘chib kelgan odamlar (qishloqda ish yo‘qligi va h.k.), qochoqlar (millatlararo mojarolar va h.k.), ishsizlar, ozodlikdan mahrum qilish joylaridan chiqqan shaxslar soni sezilarli darajada ko‘paydi.
Ijtimoiy o‘zgarishlar jarayoni shikastsiz kechishi mumkin emas. Ular yuzlab va minglab kishilar, oilalar, milliy va ijtimoiy guruhlarning ijtimoiy holati, moddiy farovonlik darajasi va taqdiriga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi muqarrardir.
1991-yil 1-sentabrda o‘z davlat mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston totalitar tuzumdan demokratik jamiyatga, rejali-markazlashgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga, aholining eng muhim manfaatlari mafkuraviy aqidalarni keng yoyish yo‘lida qurbon qilingan jamiyatdan iqtisodiy o‘sish va inson farovonligini ta’minlash bosh vazifaga aylangan jamiyatga o‘tish yo‘liga kirdi.
Iqtisodiy o‘sish, daromadlar darajasi, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlaridan bahramand bo‘lish, atrof muhitni muhofaza qilish, davlat boshqaruvining samaradorligi bilan bog‘liq muammolar asosan o‘tish davrida namoyon bo‘ldi. Biroq amalga oshirilgan tahlil natijalari O‘zbekistonda mazkur muammolar zamirida sho‘ro tuzumi davri va mamlakatning murakkab tarixiy o‘tmishi yotishini ko‘rsatadi. O‘zbekiston hukumati mazkur muammolarning shikastli ta’sirini mumkin qadar kamaytirish uchun yangi iqtisodiy va ijtimoiy tizimga o‘tishning bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘lini tanladi. O‘tgan 20-yil mobaynida O‘zbekistonda XX asrning 80-yillari oxiri – 90-yillari boshida sobiq Ittifoq respublikalarining barchasini chulg‘ab olgan inqiroz oqibatlari asta-sekin bartaraf etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |