Axloqiy xulq-atvor ichida burch, vijdon, qadr-qimmat, nomus kabi tu-shunchalar muhim kasbiy ahamiyatga ega bo‘lib, uni axloqiy jihatdan baholashdagi muhim xususiyatlarga e’tiborni qaratamiz. Bunda muhim mezoniy tushuncha ‒burchdir. Burch mohiyatiga ko‘ra, jamiyat, davlat va shaxslarga nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U, yuqorida aytganimizdek, vijdon, e’tiqod, mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog‘liq. Umuman, hayotda insonning har bir xatti-harakati zamirida burch tushunchasi ‒ burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi.
Burchning insonlik burchi, musulmonlik burchi, nasroniylik burchi, fuqarolik burchi, otalik burchi, onalik burchi, farzandlik burchi singari keng qamrovli, barcha davrlar uchun umumiy bo‘lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi, ijtimoiy ish xodimi burchi kabi kasbiy odob doirasidagi tushunchalari ham mavjud.
Burch tushunchasining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri ‒ uning vaqt va jamiyatda muayyanlashish xususiyatidir. Chunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy hisoblangan burch talablari ikkinchi bir tuzum yoki jamiyat uchun salbiy ma’no kasb etishi mumkin. Sobiq Sho‘rolar fuqarosining o‘sha davrdagi mavjud tuzum oldidagi burchi hozirgi kunda o‘ta salbiy hodisa sifatida baholanishi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Harbiylashgan va o‘ta mafkuraviylashgan, ya’ni yagona mafkura hukmronlik qilgan jamiyatlarda esa burch omma hamda shaxs hayotida fojiaviy hodisaga aylanadi. O‘ta ustalik bilan yo‘lga qo‘yilgan targ‘ibot natijasida bunday jamiyatlar a’zolarining ko‘pchiligi oqni – qora, qorani – oq deb qabul qiladilar. Buni umum-bashariy va milliy qadriyatlarni oyoqosti qilgan beshafqat sho‘rolar sotsializmi yoki fashistlarning milliy sotsializmi yaqqol isbotlab berdi. Yuz minglab, hatto millionlab odamlar aldandilar, keyinchalik, uzoq yillar mobaynida vijdon azobida yashadilar. Demak, jamiyat qurilishida totalitarchilikka yo‘l qo‘yilishi o‘sha jamiyat a’zolari tomonidan burchning noto‘g‘ri tushunilishiga va buning oqibatida ba’zi hollarda beixtiyor, omilik tufayli, ba’zan esa ixtiyoriy-majburiy tarzda yuz beradigan omma-viy axloqsizlikka olib keladi.
Shunday holatlar ham bo‘ladiki, unda burch shaxsning ko‘pgina mayl-istaklariga qarshi hodisaga aylanadi: uni huzur-halovatdan, turmush lazzatlaridan mahrum etadi. Masalan, Furqat mustamlakachilar mafkurasiga xizmat qilganida, uning hayoti rohat-farog‘atda kechishi mumkin edi. Lekin u Vatan oldidagi, millat oldidagi burchni deb muhojirlikning og‘ir qismatiga duchor bo‘ldi: uni mustamlaka-chilar, avval aytganimizdek, mamlakat hududidan chiqarib yuborib, qayta kiritma-dilar. Furqat xorijda vafot etdi.
Ba’zan burch tufayli odamlar o‘z sevgisidan, jon-dilidan sevgan kishisidan, hatto aka-ukasi, opa-singlisi yoki farzandidan kechishga ham majbur bo‘ladilar. Xullas, burch axloqshunoslik mezoniy, o‘lchov tushunchalari ichidagi eng “qattiq-qo‘l”, eng “shafqatsizi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |