3. Ijtimoiy ish amaliyoti standartlarini rivojlantirish istiqbollari
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) BMT Bosh Assambleyasining 1946-yildagi I sessiyasida urushdan keyingi Yevropa va Xitoydagi bolalarning oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechakka bo‘lgan birlamchi ehtiyojlarini qondirish maqsadida ta’sis etilgan. Bosh Assambleya qaroriga ko‘ra, jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishi sifatida rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar manfaatlarni muhofazalovchi dasturlarni amalga oshirish belgilangan. Bu borada u muayyan davlatlarning tegishli tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Ijtimoiy ish xodimlarining Xalqaro Federatsiyasi (IXXF-IFSW) 1956-yildan eng qudratli nohukumat tashkilotlaridan biriga aylandi. Hozirgi kunda IXXT 70 milliy uyushma va 400 ming a’zo faoliyatini birlashtiradi. IXXT konsepsiyasiga ko‘ra – ijtimoiy ish gumanistik ideallarga tayanadi va u inson ehtiyojlarini qondirishga, shaxs ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Federatsiyaning bosh maqsad va vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi;
- segregatsiya va aparteid, majburiy deportatsiya jabrdiydalari, ijtimoiy tahdid ostidagi kishilar huquqlarini himoya qilish;
- jamiyatidagi ijtimoiy to‘siqlar, tengsizlik va adolatsizlikni fosh etish va ularni bartaraf qilish;
- shaxs, oila, guruhlar, tashkilot va jamoalarning turmush farovonligini ta’minlash, ulardagi mavjud muammolar yechimini topishda qisqa va uzoq muddatli ishchi aloqalarni o‘rnatish;
- kishilarga o‘z jamoalaridagi xizmatlar va moddiy-ma’naviy ne’matlardan foydalanishga yordamlashish;
- kishilar turmush farovonligini oshiradigan, taraqqiyot va inson huquqlarini paymol etmaydigan va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan tamoyillar va dasturlarni shakllantirish;
- mustaqil ravishda o‘zini-o‘zi himoya qilishga qodir bo‘lmagan kishilar, ya’ni, mehnat qobiliyatiga ega bo‘lmaganlar, bolalar, yoshlar, turli xastaliklar natijasidagi nogironlar va boshqalarning huquqlarini himoyalash;
- yuqorida keltirilgan maqsadlarning har biri uchun mo‘ljallangan dasturlarni rejalashtirish, shakllantirish va ular amaliyotini boshqarish va nazorat qilish.
O‘zbekistonda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirish masalasining tarixiy-madaniy jihatlari professorlar M.Bekmurodov344, M.G‘aniyeva345, A.Xol-bekov346, R.Ubaydullayeva, O.Ota-Mirzayev347 tomonidan o‘rganilgan. Masalan, M.Bekmurodov “O‘zbekistonda jamoatchilik fikri” nomli monografiyasida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalari rivojida jamoatchilik va uning milliy mental jihatlariga e’tibor qaratgan, M.G‘aniyeva o‘zining “Основы социальной работы” nomli o‘quv qo‘llanmasida ijtimoiy ishning genizisi, nazariyasi va amaliyoti, ijtimoiy xizmat tizimining asosiy yo‘nalishlari va mamlakatimizda ijtimoiy ishning institutsionallashuv masalalariga to‘xtalgan bo‘lsa, A.Xolbekov esa o‘zining “Boshqaruv sotsiologiyasi” nomli o‘quv qo‘llanmasida ijtimoiy xizmat tizimi ijtimoiy siyosat omili bilan bog‘liqligini ko‘rsatib o‘tgan.
Professor R.Samarov348 esa ijtimoiy ishni faoliyat sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni tasnifini amalga oshirib, jumladan: ijtimoiy ishning institutsional rivojlanishi uchun ijtimoiy yordam oluvchilarning ham individual shaxsiy xususiyatlarini ham inobatga olish lozimligini ta’kidlaydi.
Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy ishni faoliyat sifatida metodologik asosi ilmiy-amaliy jihatdan alohida o‘rganilmagan. Shuni alohida qayd etish kerakki, mavjud manbalarda ijtimoiy xizmat tizimini rivojlantirishning metodologik asoslari yaxlit holda sotsiologik nuqtayi nazardan kengroq tadqiq va tahlil qilinmaganligi sababli mavzu dolzarbligicha qolmoqda.
Ijtimoiy ish istiqboli, aniqrog‘i, “ijtimoiy xizmat olishga muhtoj fuqaro → fan-texnika yutuqlari → ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasasi → ijtimoiy yordamga muhtoj fuqaroga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi xodim → ijtimoiy xizmat olishga talab (ehtiyoj) = ijtimoiy siyosat” tarzidagi murakkab aloqadorlikka ega aksiologik konseptlardan tarkib topgan. Va ularning har bir strukturaviy-funksioanl va institutsional mazmundorligi bo‘yicha o‘z mantig‘iga ega bo‘lib, inson hayotini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Inson oliy qadriyat, uning talab va ehtiyojlarini qondirish ijtimoiy siyosatning bosh maqsadi ekanligini nazarda tutishni taqozo etadi. Bunday aksiologik tasniflarni turli modellarini keltirish mumkin. V.Bogdan va V.Ivanovlar tasnifida quyidagi konseptlar ajratib ko‘rsatiladi:
- boshqaruv strategiyasini izlash texnologiyasi;
- ijtimoiy modellashtirish va prognozlash texnologiyalari;
- axborot kommunikatsiya texnologiyalari;
- tatbiq etish texnikalari;
- innovatsion faoliyat;
- o‘tmish tajribasi + real ijtimoiy vaziyat + mavjud resurslarning holati = innovatsiyalar349.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda innovatsiyalardan foydalanish ijtimoiy hayotning turli ranglar jozibasiga ega ekanligi jihatidan xilma-xiligini ko‘rsatadi. Bunda, hududiy va etnomadaniy omillar qatori jamiyatda hukm surayotgan mafkuraviy jarayonlarga ham bog‘liqdir. Chunki “...jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida: ham individual va ijtimoiy, ham mikro va makro darajalarda amalga oshirilayotgan nazariy va amaliy ishlarning mazmun-mohiyati, ahamyati va ko‘lami, yo‘nalishlari, bosqichlari va usullari, bu jarayonlarning istiqbollari, shuningdek, qurilayotgan jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar xarakteri, ularning kelgusi taraqqiyot bosqichlari...”350 bilan bevosita aloqadordir. Shu sababli, ijtimoiy birdamlik hissini shakllantirish, ijtimoiy taraqqiyot yo‘li uchun xizmat qilishini inobatga olish lozim. Chunki bu masala oxir oqibatda siyosiy mazmun kasb etib, jamiyatda namoyon bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgust kuni “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoyishida qayd etilishicha, 2017-yil 1-yanvar holatiga 650284 nafar shaxs nogiron deb topilgan, ularning 84908 nafarini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Ularga har yili Davlat budjetidan 2,5 trillion so‘m miqdorida pensiya va nafaqalar to‘lanadi.
O‘rganishlar sog‘liqni saqlash organlari tomonidan homilador ayollarning 60 foizdan ortig‘i skrining tekshirishlari bilan qamrab olinmaganligini ko‘rsatdi. Kasalliklar o‘z vaqtida aniqlanmaganligi oqibatida 3568 nafar bola tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilgan”lar ko‘rsatib o‘tilgan351. Bu yana bir bor ijtimoiy xizmat ko‘rsatish barqaror ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashning asosi ekanligini ko‘rsatadi. Mazkur jarayonda, davlat ichki funksiyasi doirasida regulyativ vazifani352 bajarib kelmoqda.
Hozirgi vaqtda ijtimoiy ishning quyidagi ijtimoiy-kasbiy guruhlari ishini samarli yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda:
1. Yoshlarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha mutaxassislar.
2. Bandlik muammolari sohasidagi mutaxassislar.
3. Xavf-xatar guruhlari bilan ishlash sohasi mutaxassislari.
4. Sog‘liqni saqlashda ijtimoiy xodimlar.
5. Ta’lim tizimi ijtimoiy xodimlari.
6. Qurolli Kuchlarda ijtimoiy faoliyat mutaxassislari.
7. Jazoni o‘tash muassasalarida ijtimoiy faoliyat mutaxassislari.
8. Imkoniyati cheklanganlar bilan ishlash mutaxassislari.
9. Keksalar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar.
10. Ijtimoiy ta’minot xizmati mutaxassislari.
11. Ijtimoiy faoliyatni tashkil qilish, ijtimoiy sohada menejment bo‘yicha mutaxassislar va b.
Kelajakda ekologik himoya tizimi ijtimoiy xodimi sifatida mutaxassislik kiritilishi mumkin. Muhtojlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha kasbiy faoliyat tiklanishida nisbatan mustaqil yo‘nalish sifatida valeologiya rivojlanadi.
Xalq xo‘jaligi sohalarida ijtimoiy ish xodimlarni mutaxassislariga nisbatan ehtiyoj kuzatilmoqda. Jumladan, ijtimoiy xodim faoliyatining metallurgiya, tog‘-kon qazib chiqarish, ko‘mir qazib chiqarish, qishloq xo‘jaligida, savdoda, transport sohalarida amalga oshirish maqsdga muvofiq.
Ijtimoiy xizmat sohasida innovatsiyalarni tasnifi deganda bu sohada qo‘llaniladigan bilimlar, usullar, obyektlar (hodisalar, jarayonlar, kishilar guruhi, ularning jamoalari va hakozolar), rivojlanishi va mukamallashish uchun ta’sir etishning ma’lum ketma-ketligini fan-texnika yutuqlaridan foydalanilgan holda amalga oshirishni tushunish lozim.
Ijtimoiy xizmatda innovatsiyalarning tasnifi turli asoslarning ko‘rsatkichi bo‘yicha klassifikatsiya qilinadi. Jumladan:
- qo‘llanilishining turlari bo‘yicha;
- qo‘llanilish darajalarining sathi bo‘yicha;
- qo‘llanilishi sohalari bo‘yicha;
- qo‘llanilishda ishtirok etadigan mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha;
- qo‘llanilishning yengil va murakkabligi bo‘yicha.
Ta’sirga uchragan obyektning ko‘lamiga qarab esa quyidagi: jahon miqyosidagi, butun jamoat miqyosidagi, ijtimoiy hayotning turli jabhalari, ijtimoiy institutlar, jarayonlar, hodisalar xarakteridagi texnologiyalarni ajratish mumkin. Ijtimoiy texnologiyalar qo‘llanish sohasiga ko‘ra iqtisodiy-ishlab chiqarish, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy va ijtimoiy-maishiy munosabatlarni tartibga solishdagi o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir qatorda, turli xil masalalarni samarali hal etishda qo‘llaniladi353.
“Bizning asrimiz globalizatsiya va axborotlashuv, yuqori texnologiyalar asri bo‘lib, ularsiz umumiy taraqqiyot va fuqarolik jamiyatining rivojlantirishning asosi bo‘lmish iqtisodiyot taraqqiy etmas”ligini354 inobatga olsak, boshqa sohalar qatori, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda ham fan va texnika yutuqlari qatori, rivojlangan davlatlarning soha bo‘yicha tajribasini milliy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga tayangan holda o‘rganib, ijobiy jihatlarini qabul qilish maqsadga muvofiq. Chunki yangi texnologiyalarni geografik, madaniy (shu jumladan, etnomadaniy, demografik, iqtisodiy kabi) omillarning ta’sir darajasini inobatga olinmagan holda shundayincha qabul qilib bo‘lmaydi. Va shu bois mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 30-noyabrda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3416-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi va unga muvofiq:
“Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanishi belgilangan”355.
Ko‘rinib turibdiki, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha tizimli tarzda davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil markazlari hamda boshqa mas’ul tashkilotlarning faoliyatini jamiyat hayotini ta’minlash yo‘lida muvofiqlashtiradi Bu o‘z navbatida ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni ham qamrab oladi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda ijtimoiy xizmatdagi texnologiyalarni turli asoslari bo‘yicha tasniflash mumkin. Chunki ijtimoiy xizmat va xizmat ko‘rsatish tizimi sifatida obyektlar, maqsad, vositalar, boshqarish usuli, funksiyalar kabi tarkibiy qismlarda namoyon bo‘ladi. Va bu ko‘rsatkichlar, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlash uchun xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek: “Individlarimizning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashda bu muhim masalaning naqadar o‘tkir va dolzarb muammo bo‘lib turganini hisobga olib, bu ishlarning hajmini oshirgan holda, biz yangi yilda ham albatta, davom ettiramiz. Chunki xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi. Bizning mehnatkash, oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqimiz bunga to‘la haqlidir”356.
Innovatsiyalarni ishlab chiqish va qo‘llash obyektning differensiatsiya-lashuviga bog‘liq. Ijtimoiy xizmat obyektlari ancha xilma-xildir va ularning har biri qadriyatli-funksional yondashishni taqozo etadi. Bular: qariyalar va pensionerlar; nogironlar va bolalar; deviant xatti-harakatli o‘smirlar; boshpanasizlar; migrantlar; to‘liqsiz, ko‘p bolali oilalilar va boshqalar bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda 2017-yil 12-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3268-sonli “Aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”357gi qarorida, bir qator idora va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilayotgan aholining kam ta’minlangan qatlamini 2017-2018-yillarda ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hududiy manzilli dasturlari ishlab chiqilib, unda quyidagilar:
a) mehnat bilan bandlikning ma’lum bir turlari bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga ularning oilasini o‘ziga yetarliligini ta’minlovchi mikrokreditlar tijorat banklarining imtiyozli kreditlash maxsus fondi mablag‘lari hisobidan ajratish;
b) og‘ir uy-joy va maishiy sharoitlarda yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan, nogironlarni parvarishlayotgan oilalarga maqsadlarda beg‘araz yordam ko‘rsatish o‘z ifodasini topgan.
Umuman olganda ijtimoiy xizmatda innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish orqali bir tomondan respublikamizda mavjud ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablarni o‘rganish va ularni samarali bartaraf etish yo‘llari, chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish, ijtimoiy dasturlarning jamiyat ijimoiy hayotida amaliy jihatdan o‘z ifodasini topishi, ikkinchi tomondan ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda etnoan’analarni amal qilishini inobatga olgan holda yangi texnologiyalarini yaratish orqali yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish, xalqimiz turmush darajasi o‘sishiga va farovonlikning ortib borishiga xizmat qilishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |