Bolaning maktabga tayyorgarligi
Ko‘rib to’rganimizdek, bolalarning maktabga psixologik jihatdan tayyorligi faqatgina uning o‘qish va yozishni bilishi bilangina baholana olmaydi.
Olti yoshli bolaning maktabga psixik jihatdan tayyorligi haqida gapirilganda ko‘pincha ma’lum reja asosida, tartibli, ko‘p qirrali maqsadga yo‘naltirilgan o‘zaro munosabatlarga asoslangan mantiqiy bog‘liq, izchil boshlang‘ich ta’limga zamin vazifasini o‘tovchi o‘sish darajasi nazarda tutiladi. Bundan tashqari bolaning oilaviy sharoiti, sog‘ligi, jismoniy o‘sish darajasi, oddiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirganlik darajasi kabi omillar ham nazarda tutiladi. Bolani o‘rab to’rgan ijtimoiy muhit, ta’lim-tarbiya jarayoni va yuqorida aytib o‘tilgan tayyorlik darajasi maktab ta’limiga tayyorgarlikning ob’yektiv tomoni hisoblansa, bolaning maktabga intilishi, qiziqishi, istagi, muloqotchanligi kabilar subyektiv tomoni hisoblanadi. Olti yoshli bolalar maxsus ravishda joylarda tashkil qilingan tashxis markazlarida suhbatdan o‘tkaziladi. Tashxis markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlar turli uslublar, testlar, so‘rovnomalar yordamida har bir bolaning o‘ziga xos psixik xususiyatlarini aniqlab beradi. Bunda psixolog bolaning individual xususiyatlarini, sog‘ligini va psixik tomondan sog‘lomlik holatlarini, psixik jarayonlari, xususiyatlari, holatlarini aniqlab beradi. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da bolalarning rivojlanishi va maktabga tayyorlash dasturining asosiy vazifalari: «Bolalarni har tomonlama yetukligi, ularning qobiliyatlari, intilishlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda maktab ta’limiga tayyorlash hamda milliy, umuminsoniy qadriyatlarga, mustaqillik g‘oyalariga sodiq holda voyaga yetib borishini ta’minlashdan iborat»dir. Bolaning maktabga tayyorligi davlat me’yoriy hujjatlari bilan aniqlanadi. Davlat talablarining asosiy maqsadi yosh avlodni milliy istiqlol mafkurasi asosida sog‘lom, har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida tar- biyalashdan va maktab ta’limiga tayyorlashdan iboratdir:
Maktabgacha yoshdagi bolaning maktab ta’limiga o‘tishi hamisha uning hayoti, axloqi, qiziqish va munosabatlarida jiddiy, tub o‘zgarishlarni yuzaga chiqaradi. Shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolani maktabgacha ta’lim muassasasida yoki uydayoq maktab ta’limiga tayyorlash, bolaning yosh xususiyatiga doir bilim, ko‘nikma va malakalar bilan tanishtirish kerak bo‘ladi. Bunday tanishtiruv, moslashuv davrining jiddiy qiyinchiliklaridan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Bolaning maktabga tayyorgarligi undagi idrok, kuzatish, xotira, tafakkurning rivojlanishi, vaqt va fazoviy tushunchalar olami, ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlarning shakllanishi bilan belgilanadi. Maktabga tayyor bo‘lmagan bolalar o‘qituvchiga birmun- cha qiyinchiliklar olib keladi. Ularning yarmidan ortig‘i keyinchalik o‘zlashtirmovchilar qatoriga qo‘shiladilar. Birinchi sinf dasturida berilgan bilimlarni oldindan egallagan bolada ham maktabda o‘qishga nisbatan qiziqish so‘nadi. Mana shularning hammasi o‘qituvchining psixodiagnostik mahorati bilan belgilanadi. Bu mahorat o‘qituvchining odamlarni ajrata olish xususiyatida ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |