Psixologiya qanday fan? Djeyms Kalatning “Psixologiyaga kirish” nomli kitobida psixologiyani o‘rganishda 3 ta asosiy aspektlariga e’tibor qaratilgan.
1) xulq-atvorning barcha xususiyatlarini o‘rganish;
2) xulq-atvorning genetik tomondan o‘rganilishi;
3 ) xulq-atvorning ijtimoiy muhit ta’sirida o‘zgarib borishi.
Djeyms Kalatning fikricha, psixologiya keng qamrovli fan bo‘lib, u o‘ziga shaxsning hissiyotlarini, idrok etishi, xotirada eslab qolishi, och qolishi, chanqashi, e’tibor berishi, bola rivojlanishining bosqichlarini, ya’ni yosh davrlariga qarab xulq-atvorning o‘zgarib borishini ko‘rsatadigan ko‘p aspektlarning o‘zaro ta’sirini ham o‘rganib boradigan fan deb aytib o‘tgan. Psixologiya faniga shaxs xarakterini va tajribalarini o‘rganuvchi tizim sifatida qarashimiz mumkin. Shaxsning xarakteri o‘zgaruvchan xususiyatga ega.
Masalan: 1-rasm
Ushbu rasmda siz kо‘rib turgan 1 xil chiziq ahamiyatsizdek ko‘rinadi. Yaxshilab qarasangiz 1-chiziq uzun ko‘rinadi 2-chiziq esa kalta ko‘rinadi. Psixologiyada xarakter tushunchasiga juda ko‘p ta’riflar mavjud. Shunday bo‘lsa-da 1-chiziq xarakterning cheksiz, o‘zgaruvchan ekanligini ko‘rsatadi. 2-chiziqda esa biz tajriba jarayonidagi ma’lum xarakterni ko‘rishimiz mumkin 1. Insoniyat taraqqiyotining muayyan bosqichida odam o‘zini hayajonlantirgan, taajjubga solgan savollarga javob izlash imkoniyatini topgan. Buning natijasida “Inson o‘ziga-o‘zi ta’sir o‘tkaza oladimi?” “O‘zgalargachi?”, “Inson qanday fikrlaydi?”, “Psixologiya o‘zi nima?” kabi turli-tuman muammolar yechimini qidirishga to‘g‘ri keldi.
Psixologiya fanining predmeti va vazifalari. « Psixologiya» so’zi ikkita grek so’zlaridan - «psyche» - jon, ruh va «logos»- ta’limot, ilm so’zlaridan iborat bo’lib, an’anaviy ma’noda inson ruhiy dunyosiga aloqador barcha hodisalar va jarayonlar uning predmetini tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda, psixologiyaning predmeti har birimizning tashqi olamni va o’z-o’zimizni bilishimizning asosida yotgan jarayonlar, hodisalar, holatlar va shakllangan xislatlar tashkil etadi. Psixologiya bo’yicha adabiyotlarda uning predmetini qisqacha qilib, psixikadir, deb ta’rif berishadi. Psixika - bu inson ruhiyatining shunday holatiki, u tashqi olamni (ichki ruhiy olamni ham) ongli tarzda aks ettirishimizni, ya’ni bilishimiz, anglashimizni ta’minlaydi. Lekin bu qisqa ta’riflardan psixikaga aloqador jarayonlar ongning aks ettirish shakllari ekan, degan yuzaki xulosaga kelish noto’g’ri bo’ladi. Chunki inson psixikasi va uning ruhiy olamiga aloqador hodisalar va jarayonlar shu qadar murakkab va xilma - xilki, biz ba’zan o’z-o’zimizni ham tushunmay qolamiz. Shuning uchun ham odamlarning bilimdonligi nafaqat tashqi olamda ro’y berayotgan ob’ektiv hodisalar mohiyatiga aloqador bilimlar majmuiga ega bo’lish bilan, balki hayotda munosib o’rin egallash, o’z ichki imkoniyatlari va salohiyatidan samarali foydalangan holda faoliyatini oqilona tashkil etishning barcha sirlaridan boxabar bo’lish, o’ziga va o’zgalarga ta’sir ko’rsatishning usullarini bilish va ulardan o’z o’rnida unumli foydalanishni nazarda tutadi. Psixologik bilimdonlikning murakkabligi aynan shundaki, atrofimizdagi narsalar va hodisalarning mohiyatini bevosita his qilib bilishimiz mumkin, lekin psixikaga aloqador bo’lgan jarayonlarni, o’zimizda, miyamiz, ongimizda ro’y berayotgan narsalarning mohiyatini bilvosita bilamiz.
Masalan, o’rtoqlarimizdan biri bizga yoqadi, doimo bizda yaxshi, ijobiy taassurot qoldira oladi, lekin uning u yoki bu hatti-harakatlarini bevosita ko’rib, baholab, tahlil qilolsakda, unga nisbatan his qilayotgan mehrimizni, uzoq ko’rishmay qolganimizda uni sog’inayotganligimiz bilan bog’liq hisni bevosita ko’rib, idrok qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Aynan shunga o’xshash holatlar psixologiya o’rganadigan hodisalar va holatlarning o’ziga xos tabiati va murakkabligidan darak beradi. Shunday qilib, psixologiya fani o’rganadigan jarayonlar va hodisalar murakkab va xilma-xil. Ularni o’rganishning ikki jihati bor: bir tomondan, ularni o’rganish qiyin, ikkinchi tomondan oson ham. Oxirgi jihati xususida shuni aytish mumkinki, bu hodisalar bevosita bizning o’zimizda berilgan, ularni uzoqdan qidirish, mavhum analogiyalar qilish shart emas, boshqa tomondan, ular o’zaro bir - birlari bilan bog’liq bo’lgan umumiy qonuniyatlar va tamoyillarga bo’ysunadi. Demak, psixologiyaning predmeti konkret shaxs, uning jamiyatdagi xulq - atvori va turli faoliyatlarining o’ziga xos tomonlaridir, deb ta’riflash mumkin. Psixologiya fanining bugungi kundagi vazifalari, tabiiy, uning predmetiga biroz o’zgarishlar kiritadi. Zero, inson ongi va qalbi uchun kurash muammosi butun dunyo miqyosida dolzarb turgan masala sifatida qaralishini inobatga olsak, jamiyatimizning har bir a’zosi, mustaqil yurt fuqarolari ongining milliy-madaniy muhit ta’sirida, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllanishi, ular qalbida sof iymon va sog’lom dunyoqarashlar, mustaqil fikrlashning shakllanishi mexanizmlarini o’rganish ham fanning muhim predmeti hisoblanadi.Ayniqsa, bugungi yoshlarda aniq maqsad va maslakning bo’lishi, milliy iftixor va g’urur tuyg’ularining to’g’ri tarbiyalanganligi yaxlit xalq va millat manfaatlari bilan uyg’undir. Psixologiya fan sifatida aynan har bir shaxsda o’ziga, yurtdoshlariga, turli faoliyat turlari hamda dunyoga nisbatan to’g’ri munosabatlarni shakllanishi yo’llarini ham o’rganishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |