О‘quv-tarbiyaviy jarayon «О‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qо‘yilgan davlat talablari» asosida amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi о‘quv-tarbiyaviy jarayonni о‘quv yili bо‘yicha tashkil qiladi. О‘quv yili 2 sentabrda boshlanadi va 31 maygacha davom etadi. 1 iyundan 31 avgustgacha MTMda yozgi sog‘lomlashtirish davri tashkil etiladi [12; 11-b.].
О‘quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirish. О‘quv-tarbiyaviy jarayon guruhning kundalik ish tartibiga tayanadi va unda pedagog tomonidan rejalashtirilgan kundalik harakatlar, bolalar о‘yinlari, bо‘sh vaqt va о‘quv-tarbiyaviy faoliyat turlari navbatma-navbat amalga oshiriladi. О‘quv-tarbiyaviy jarayon ta’lim va ijtimoiy ehtiyojlar (salomatlik, ovqatlanish va xavfsizlik)ni qondirish maqsadida bolaning yoshi va individual rivojiga asoslanuvchi о‘quv rejaga muvofiq olib boriladi. О‘quv-tarbiyaviy jarayon bola hayoti va uning atrofidagi muhitdan kelib chiquvchi yagona bir butun mavzuga birlashtiriladi. О‘quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirish ta’lim sharoitlariga bog‘liq holda integratsiya, xilma-xillik va moslashuvchanlik tamoyillaridan tarkib topadi. О‘quv-tarbiyaviy jarayonda quyidagi rejalashtirish turlari qо‘llaniladi:
yillik mavzuviy;
haftalik.
Rejalashtirishda ta’lim jarayonining mavzusi, maqsadlari, mazmuni va turlari yoritiladi. Jarayon turlarini tanlashda nafaqat о‘quv-tarbiyaviy jarayonning umumiy maqsadlari, balki rivojlanish sohalari bо‘yicha maqsadlar, faoliyat mazmuni va turlarini integratsiyalash ham hisobga olinadi. Rejalashtirishda kun tartibini hisobga olish zarur. Kun tartibi ish sur’atini belgilaydi va bolaga bir faoliyatdan boshqasiga oson о‘tishda yordam berishi lozim. Shuni yodda tutish joizki, о‘yin maktabgacha yoshdagi bolalarning asosiy faoliyati hisoblanadi. Kun tartibini tuzishda kunduzgi uyqu, dam olish vaqti va sayrga chiqish vaqti hisobga olinadi.
Rivojlantiruvchi muhitni tashkil etish
Mazkur dastur bola rivojiga individual yondashuv, uning shaxsini hurmat qilish, uning manfaatlari, ehtiyojlari va rivojlanish darajasini hisobga olish, hissiy qulaylik borasida g‘amxо‘rlik qilish, erkin ijodiy о‘zо‘zini kо‘rsatishi uchun sharoitlar yaratishga intilishni kо‘zda tutadi. Shu sababli, rejalashtirish bilan bir qatorda, bola rivojlanishini kuzatib borish pedagog faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Pedagog bolani va uning о‘zini tutishi sabablarini yaxshiroq tushunish, bola rivojini, uning ichki dunyosini kо‘rish, qо‘llab-quvvatlash, rivojlanish yо‘llarini belgilash, ehtiyoj va manfaatlarini aniqlash uchun bola hayotini sistematik kuzatib boradi. Pedagogik kuzatuvlar asosida ta’lim jarayonini rejalashtirish amalga oshiriladi va takomillashtirib boriladi.
Bolaning individual rivojlanishini kuzatish uchun О‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qо‘yilgan Davlat talablarida aks ettirilgan sohalar va kichik sohalar hamda kutilayotgan natijalar (malaka va kо‘nikmalar) olingan. Bolaning rivojlanish xaritasi 3 dan 7 yoshgacha bо‘lgan davrni о‘z ichiga oladi, har bir bola uchun individual tarzda yiliga uch marta tо‘ldiriladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasidan chiqishda 6-7 yoshdagi bolaning maktabga tayyorlik xaritasi tо‘ldiriladi (faqat maktabgacha ta’lim muassasa bitiruvchilari uchun. Maktabga tayyorlik deganda bolada umumiy kompetensiyalarni va rivojlanish sohalari kompetensiyalarining shakllanganligi tushuniladi. Bu xarita maktabgacha ta’lim muassasasining har bir bitiruvchisi uchun tо‘ldiriladi. Unda Davlat dasturiga muvofiq rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetensiyalari) bо‘yicha kutilayotgan natijalar ifodalanadi. Tarbiyachiga u yoki bu natija qanday darajada aks etayotganini belgilash taklif etiladi. Rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetensiyalari) umumlashtiriladi va tavsiya hamda takliflar kо‘rinishida ota-onalar e’tiboriga havola etiladi.
Rivojlantiruvchi muhitni tashkil qilish. Maktabgacha ta’lim muassasasida rivojlantiruvchi muhitni tashkil etishda bolalarning о‘ziga xos belgilarga ega bо‘lgan yoshga doir xususiyatlari va ehtiyojlarini hisobga olish muhim ahmiyat kasb etadi.
Rivojlantiruvchi muhit mazmuni quyidagilardan iborat:
maktabgacha ta’lim muassasasining kо‘rgazmali-rivojlantiruvchi muhiti mazmuni madaniy-tarixiy qadriyatlar: milliy va hududiy an’analar; tabiat, iqlimdan kelib chiquvchi xususiyatlarga mos bо‘lishi lozim;
muhit mazmuni birlamchi dunyoqarash asoslarini shakllantirish, bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiy moslashuviga yordam berishi lozim [12; 12-b.].