Dogmatik o‘qitish – bu jamoa asosida idrok etish faoliyatining ilk turi bo‘lib, u o‘rta asrlarda keng tarqalgan. O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada ularning ilk ko‘rinishlari iste’molda bo‘lib, unda lotin tili, Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa arab tili yetakchi o‘rin tutgan. Bu borada musulmon pedagogik konsepsiyasi sezilarli darajadagi ma’naviyatlilik va intellektuallik xususiyatlariga hamda mazmun-mohiyatga ega bo‘lgan. Ularning g‘oyalari bo‘yicha o‘z faoliyatlarida bilimlardan faol va ijodiy foydalana oladigan odamgina komillikka erishish mumkin, degan hukumiy fikr shakllangan.
“Haqiqiy g‘oyalar” deb nom olgan pedagogik tizimning asosiy tayanch nuqtasi haqiqiy bilimlarni o‘zlashtirishdan iborat bo‘lgan. Abu Ali ibn Sinoning “Donishnoma” va “Bilimlar kitobi” nomli asarlarida ham mazkur muammo yechimiga alohida e’tibor qaratilgan. Ularda ta’kidlanishicha haqiqiy bilimlarni o‘zlashtirishga ikkita to‘siq halaqit qiladi. Ular: so‘zlarning aniq emasligi; fikrlarning tushunarli emasligi. Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishda logika fani yutuqlari va ulardan iste’molda foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Musulmon mamlakatlarida yoshlarni o‘qitish va tarbiyalashda ular tomondan arab tilida yozilgan “Qur’oni Karim”ni va “Hadisi Sharif”ni yod olinishi bilim egallashning asosiy sharti hisoblangan. Bulardan tashqari o‘sha paytda bir qator maktablarda fors tili ham o‘rgatilgan. Yoshlar asosiy ta’limni maktablar – boshlang‘ich maktabdan olganlar va unda ilohiy va muqaddas kitobni (“Qur’oni Karim”ni va “Hadisi Sharif”ni) o‘qish, yodlash va talqin qilish mashg‘ulotlari, shuningdek, boshqa manbalar bo‘yicha ham o‘qish, yozish va hisoblash tafakkurini shakllantirish faoliyatlari amalga oshirilgan. Demak, dogmatik o‘qitishda yoshlarning asosiy faoliyatlarini tinglash, o‘qish, yod olish, eslab qolish va matnni so‘zma – so‘z takrorlashlar tashkil etgan.
Yoshlarning oliy ma’lumot olishi o‘sha davrlardagi nufuzli madrasalarda amalga oshirilgan. Movarounnahrdagi eng yirik o‘quv maskanlari sirasiga Samarqand, Buxoro, Urganch va G‘ijduvondagi madrasalarni kiritish mumkin. Bu ma’rifiy markazlarining rivojlanishi XV – XVII asrlarga to‘g‘ri keldi. Madrasalarda, o‘qitish fors tilida olib borilgan. Ularda ta’lim oluvchilar majburiy tarzda arab tilini ham o‘rganganlar. Madrasalar o‘quv rejasiga grammatika, Qur’oni Karim, Hadisi Sharif, ritorika, logika, metafizika, geologiya, adabiyot, ilmi hujum, huquqshunoslik, riyoziyot, handasa, jug‘rofiya va shu kabi fanlar kirgan. O‘qitish asosan og‘zaki shaklda olib borilgan. Ulardagi o‘quv adabiyotlari asta – sekin ancha ko‘p qirrali, turli – tuman bo‘lib boravergan.
Dogmatik o‘qitish o‘rniga asta – sekin o‘quv jarayonida ko‘rgazmalilikni keng jalb etish natijasida tushuntirish, tushuntirish-namoyish etish kabi ta’lim shakllari qo‘llanila boshlandi [28; 111-b.]. Hozirgi vaqtda, respublikamizda faoliyat yuritayotgan zamonaviy ta’lim muassasalarida ta’limning eng muhim quyidagi uch turidan foydalanilmoqda:
tushuntiruvchi-namoyish etuvchi ta’lim. Bu an’anaviy yoki axborot beruvchi ta’lim deb ataladi;
muammoli o‘qitish;
dasturlashtirilgan ta’lim yoki kompyuterli o‘qitish.
Bugungi kunda o‘rta asrda keng qo‘llanilgan ta’lim turlari dogmatik va sxolastik o‘qitish elementlari ham saqlanib kelinmoqda.
Tushuntiruvchi-namoyish etuvchi ta’lim turi. Uning asosiy metodi ko‘rgazmalilik asosida tushuntirishdan iborat bo‘lib, uning asosini tinglash va eslab qolish tashkil etadi. Bu ta’lim turi vaqtni tejash, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilarning vaqtni tejash, qiyin bilimlarni tushunishini osonlashtirish, ta’lim jarayonini optimal boshqarishni ta’minlaydi. Biroq bu ta’lim turida ayrim kamchiliklar mavjud, ya’ni, “tayyor” bilimlarni berish va ta’lim oluvchilarni bilimlarini o‘zlashtirishida mustaqil hamda mahsuldor fikrlashdan ozod etish, o‘quv jarayonini individuallashtirish va differensiyallashtirish imkoniyatlarining kamligi.
Muammoli o‘qitishda o‘quv muammolarini hal etish jarayonida bilimlarni mustaqil egallash, ta’lim oluvchilarning ijodiy fikrlashlari va idrok etish faoliyatlarini rivojlantirish yo‘li bilan ta’lim tashkil etiladi. Bundagi ta’lim texnologiyasi turli tumanligi bilan ajralib turmaydi, chunki ta’lim oluvchilarni faol ishtirok etish faoliyatiga jalb etish bir necha bosqichlardan iborat bo‘ladi. Ular ketma – ket tartibda va kompleks amalga oshirilishi kerak. Bunday o‘qitishda muammoli vaziyatni yaratish muhim bosqich hisoblanadi, chunki mazkur jarayonda fikrlash jarayonida qiyinchilik his qilinadi.
Muammoli o‘qitishda muammoni ilgari surish dastlabki bosqich hisoblanadi. Muammoni hal etishning keyingi bosqichida ta’lim oluvchilar berilayotgan savol bo‘yicha mavjud muammoni aniqlaydilar, tahlil qiladilar, javob topish uchun ularning yetarli emasligini aniqlaydilar va yetishmayotgan axborotni topishga intiladilar. Uchinchi bosqich muammoni yechish uchun zarur bo‘lgan bilimlarni turli usullar bilan egallashga qaratilgan faoliyat bo‘lib, u ta’lim oluvchida mustaqil fikr shakllanishi orqali aniqlanadi. Shundan keyin muammoni hal etish, olingan natijalarni tekshirish, dastlabki gipoteza bilan solishtirish, egallangan bilimlar, malakalarni tizimlashtirish va umumlashtirish jarayonlari amalga oshiriladi.
Muammoli topshiriqlar savollar, o‘quv masalalari, amaliy vaziyatlardan iborat bo‘lishi mumkin. Muammoli savolda javoblar izlash turli variantlarda bo‘lishi mumkin. Muammoli masala esa uni yechish yo‘llarini mustaqil izlashga intilishni yuzaga keltiruvchi o‘quv – o‘rganish topshirig‘idir. Muammoli masala asosini mavjud bilimlar o‘rtasidagi qarama – qarshiliklar tashkil etadi [28; 112-b.].
O‘qish jarayonida muammoli vaziyat subekt (ta’lim oluvchi) o‘zi uchun qiyin bo‘lgan masalani yechishga qiziqishi, ammo unga ma’lumotlar yetishmasligi va uning o‘zi ularni izlab topishi zarurligini ko‘zda tutiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |