1.3. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, ma’naviy boʻshliqni bartaraf etish masalalari.
Vatanimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgach, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tub oʻzgarishlar yuz berdi, xalqimiz tabiati va dunyoqarashiga yod boʻlgan mustabidlik mafkurasi barham topdi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, oʻz umrini oʻtab boʻlgan eski mafkura oʻrnida yangi ijtimoiy munosabatlarni, xalqning asl maqsad-muddaolarini ifoda etuvchi ilgʻor va bunyodkor mafkura shakllanmas ekan, jamiyatda gʻoyaviy boʻshliq yuzaga keladi. “Bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham boʻshliq boʻlmaydi. Qayerdadir boʻshliq paydo boʻldimi, hech shubhasiz, kimdir toʻldirishga harakat qiladi”.1 Bunday boʻshliq ilgʻor jamiyat taraqqiyoti uchun zarur gʻoyalar bilan toʻldirilmasa, uni xalq hayoti uchun yod va begona boʻlgan mafkuraviy ta’sirlar egallab olishi mumkin.
“Boʻshliq (ma’naviy sohada) – bir siyosiy tizimdan, boshqa bir tizimga oʻtish jarayonida yoki ma’naviy-ma’rifiy ishlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida yuzaga keladigan holat”.2
Buni juda yaxshi anglagan yurtboshimiz mustaqillikning birinchi kunlaridanoq bu borada zarur chora-tadbirlar ishlab chiqishga katta e’tibor berdi. Shu bois mafkuradan voz kechish natijasida paydo boʻlgan boʻshliqni yangi-milliy istiqlol gʻoyasi tushuncha va tamoyillari bilan toʻldirish va shu tariqa zararli gʻoyaviy tajavuzlarning oldini olishga kirishildi.
Lekin, ijtimoiy ong va tafakkur tezda oʻzgarib yangicha dunyoqarash osonlikcha shakllanavermaydi. Ayniqsa, bu hali yetarli hayotiy tajribaga ega boʻlmagan, soddadil, ishonuvchan, gʻoʻr yoshlar tarbiyasida yaqqol koʻzga tashlanadi. “Shaxs ongida boʻshliqning paydo boʻlishi uning jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiylashuvining maromiga yetmagani mustaqil tafakkurning shakllanmagani va fikr qaramligi, siyosiy e’tiqodining zaifligi, huquqiy madaniyat saviyasining pastligida namoyon boʻladi”.1
Oʻzbekiston davlati mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda turli yoʻnalishdagi mafkuraviy tahdidlar ayrim odamlarning qalbini egallab, oʻz milliy qadriyatlarimiz hamda umumbashariy sivilizatsiya yutuqlaridan mahrum etish, yurtimiz aholisi tafakkurini boʻysundirishga harakat qilgan edi.
Ma’naviy, mafkuraviy boʻshliq bir kunda va birdaniga paydo boʻlmaydi. Bunda muayyan jarayonlar roʻy berishi mumkin. Ya’ni, eski gʻoya va mafkura tanazzulga yuz tutishi, umrini oʻtab boʻlishi oʻtmishga aylanadi. Masalan, sobiq ittifoq mafkurasi ana shunday holga tushgan edi. Uning asosiy gʻoyalari sobiq shoʻrolar hokimiyati rahbarligida zoʻrlik bilan amalga oshirildi. Natijada, bu mafkura yakka hukmron boʻlib qolgan edi. U XX asrning 80-yillarida tanazzulga yuz tutdi. 1991-yilda sobiq ittifoq tarqalib ketishi bilan uzil-kesil inqirozga uchradi.
Buning sabablari: Birinchidan, u oʻzini insoniyat tafakkuri erishgan eng yuksak choʻqqi, mutloq haqiqat ifodasi deb hisoblab, boshqa mafkuralarni tan olmas, ular bizning dushmanimiz, degan aqida asosida murosasizlarcha ish tutar edi.
Ikkinchidan, bu mafkura zoʻravonlikka asoslangan boʻlib, “majbur qilamiz” qabilida ish tutar, uning gʻoyalari hamma joyda, hamma vaqt xech istisno va toʻxtovsiz targʻib qilinar, xalqning erkin yashashi va fikr yuritishga yoʻl qoʻyilmas edi. Kimki bu tartibga qarshi chiqsa shavqatsiz jazolanar butun davlat mexanizmi ana shu jazoni turli shakllarda amalga oshirishga qaratilgan edi.
Uchinchidan, bu mafkura nomigagina ijtimoiy guruhlar mafkurasi edi. Aslida, sobiq ittifoq davrida ziyolilar, dehqonlar, xizmatchilar qolaversa, yoʻlboshchi sinfi boʻlgan ishchilarning orasida ham bu mafkuradan norozi boʻlganlar bor edi. Lekin, metin mafkuraviy devor ortidan ularning ovozi chiqmas edi.
Toʻrttinchidan, bu mafkura hech kimga vijdon erkinligi, oʻz fikrini ochiq bayon etish, jumladan, xorij fuqarolari bilan xolisona muloqatda boʻlishga ham yoʻl qoʻyilmas edi.
Beshinchidan, u milliylikdan butunlay xoli edi. Unda mavhum baynalminallik zoʻr berib kuylanar edi.
Oltinchidan, unda milliy tarix, xususan, Oʻzbekiston tarixi, oʻtmish merosi mutloqa tan olinmas edi.
Yettinchidan, xalqlarning diniga, diniy merosiga, diniy qadriyatlariga nisbatan mutloqa notoʻgʻri munosabat oʻrnatilgan edi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, ma’lum muddat gʻoyaviy-mafkuraviy boʻshliq holati vujudga keldi.
Gʻoyaviy boʻshliq eski tuzumdan yangi tuzumga oʻtish jarayonida oldin hukumronlik qilib kelgan mafkura oʻtmishga aylangach, taraqqiyot talablariga mos ravishda uning oʻrnini bosadigan ilgʻor gʻoyaviy tuzumning hali shakllanmagan holatidir. Bunday sharoitda turli mafkuralar ushbu hududga oʻz ta’sir doirasini oʻtkazishga urinadi.
Mamlakatimiz hududini yod mafkuralar poligoniga aylanishiga yoʻl qoʻymay, Oʻzbekiston xalqining ongi, dunyoqarashi, hayotiga ijtimoiy munosabati, xatti-harakatlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirib, milliy istiqlol mafkurasini yurtdoshlarimiz qalbi va ongiga singdirish, bugungi kundagi muhim vazifadir. “Buning yoʻli-odamlarimiz, avvalambor, yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baqquvat qilish, ularni oʻz mustaqil fikriga ega boʻlgan barkamol insonlar etib tarbiyalash. Ularning tafakkurida oʻzligini unutmaslik, ota-bobolarining muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatini qaror toptirish. Ularning, men oʻzbek farzandiman, deb gʻurur va iftixor bilan yashashga erishishdir”.1
Mafkuraviy kurashlar kuchaygan bugungi kunda yoshlar qalbida ona-Vatanimizga, boy tariximizga, milliy qadriyatlarimizga, millatning oʻlmas ruhi boʻlgan ona tilimizga, ota-bobolarimizdan meros muqaddas dinga sogʻlom munosabatni qaror toptirishimiz, ularning mafkuraviy immunitetini shakllantirishimiz maqsadga muvofiqdir. Zero, yurtboshimiz aytganlaridek, biror bir kasallikni davolashdan oldin inson organizmida avvalo unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham yoshlarimiz qalbi va ongida zararli gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantira olsak, turli xil “da’vatchi” larning aldovlariga uchmaydigan, oʻz yurti, Vatani va xalqi uchun fidoyi insonlarni tarbiyalay olamiz.
Xullas, milliy gʻoyani xalqimiz ongiga sindirish orqali ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish zamon amri, davr talabi. Bu bir zumda, birpasda amalga oshiriladigan jarayon emas. Bunda har bir kishining faolligi, omilkorligi talab etiladi. Uning amalga oshirilishi esa Oʻzbekistonimizning salohiyatini yanada oshiradi, kelajagi buyuk davlat barpo etilishini ta’minlaydi, xalqimiz e’tiqodini mustahkamlaydi.
Xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar hamda mafkuraviy immunitet Hozirgi voqealikda Milliy istiqlol g`oyasi va yot mafkuralar orasidagi munosabatlar mafkuraviy kurash, mafkuraviy qarshi turish, psixologik urush shakllarida kechmoqda. Yot mafkuralar mafkuraviy kurashlarning ming yillik uslublarini, shuningdek zamonaviylashtirilgan uslublari: axborot maydonini egallab olish; mafkuraviy qo`poruvchilik harakatlarini qo`llash orqali xalqimizda O`zbekistonning buyuk kelajagiga ishonchsizlik uyg`otishga, davlat siyosatini obro`sizlantirishga, odamlarning o`zini Vatan, millat himoyasidan chetga tortishga, loqaydlikka erishishga intiladilar. Bunda ular biror xususiy faktni umumlashtirish, yolg`onni haqiqatga o`xshatib tasvirlash, kichik muammodan katta yolgʻon yasash, bir narsani takrorlayverish, tuygʻuni aqldan ustun qo`yish, tinglovchining shaxsiy manfaatni birinchi o`ringa qo`yib, (unga do`st bo`lib ko`rinish) "hasratlashish", hukumatlarni xalqlarga yomon ko`rsatish, millat dushmanlariga rahmdillik hamfikrlik tuygularini uyg`otish, odamlarga tanish ma`lumotlarni ishlatib “falon joyda falon voqea bo`ldi”, deb rostga yolg`onni ulab yuborish uslublaridan mafkuraviy kurashda foydalanayapti.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, “Hozirgi vaqtda koʻz oʻngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur oʻzgarishlar roʻy berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan koʻra muhim ahamiyat kasb etmoqda”.1
Har qanday koʻrinishdagi ma’naviy tahdidlarga qarshi mamlakatimizning barcha fuqarolari, ayniqsa ertangi kun egalari boʻlmish yoshlar ham gʻoyaga qarshi gʻoya bilan javob berish lozim. Buning uchun esa yoshlar yuksak ma’naviyat sohibi boʻlishlari kerak.
Shuning uchun ham oʻsib ulgʻayib kelayotgan yosh avlod qalbida va ongida eng ezgu fikrlarni shakllantirib, rivojlantirib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Kattalar, ya’ni, ota-ona, ustozlar, murabbiylar, mahalla ahli bunga jiddiy yondashib har bir yoshning nimalar bilan shugʻullanayotganligini bilishlari shart. Ana shundagina yoshlarni ma’naviy tahdidlardan asrab qolish, unga qarshi kurashish immunitetini gʻoyaviy tarbiya orqali oshirish mumkin.
Yoshlar qalbida ma’naviy imunitetni shakllantirishda ulardagi ma’naviy yuksaklik, ma’naviy e’tiqod va ma’naviy ehtiyoj muhim koʻrsatkich hisoblanadi.
Bugungi kun yoshlari sogʻlom turmush tarzini odat tusiga kiritib unga ongli yondashuvni amalga oshirishda zamonaviy axborot va telekomunikatsiya vositalari imkoniyatidan keng foydalanib, yuqorida keltirilgan masalalarga e’tibor qilishsa, milliy ma’naviyatimizni yanada teran anglashi uchun asosiy omillardan biri ekanligini tushunib yetib, kundalik hayotlariga tadbiq etadi.
Zero, bugungi kunda milliy ma’naviyatni anglash Prezidentimiz ta’kidlab oʻtganlaridek: “... mening nazarimda, “ma’naviyat” tushunchasi jamiyat hayotidagi gʻoyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarni oʻzida toʻla mujassam etadi. Shuning uchun ham bu mavzuda fikr yuritganda mazkur qarashlarning barchasini umumlashtirib, keng ma’nodagi “ma’naviyat” tushunchasi orqali ifoda etish mumkin”.1 Darhaqiqat, “ma’naviyat” tushunchasining tub mohiyatida jamiyat a’zolarining ong-u tafakkurida, yashash tarzi, va hayot faoliyatida aks etadigan yozilgan va yozilmagan oltin qoidalarni oʻzida jamlagan, hayotiy e’tiqodga aylanib ulgurgan barcha sohadagi eng ezgu fikr, qarash va gʻoyalarning yigʻindisi hamda mazkur tushunchlarning borliqda aks etishidan iboratdir.
Yurtboshimiz I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarida ma’naviyatni shakllantirish omillari sifatida quyidagilar keltirilgan.
1. Avesto
2. Xalq ogʻzaki ijodi. Alpomish
3. Navroʻz
4. Muqaddas dinimiz
5. Buyuk allomalarimiz
6. Mahallaning roli
7. Ta’lim-tarbiya tizmi
Ana shunday ma’naviyatni shakllantirish omillari jamiyatning farovon hayotiga rahna soladigan turli xil tahdidlarni yengishi uchun o`zida ogohlik mafkuraviy xavfsizlik, to`kislik, jangovarlik, safarbarlik, umummilliy birlik kabi ijtimoiy sifatlarga ega bo`lishi talab etadi. Buning uchun Milliy istiqlol mafkurasining yot mafkuralarga qarshi kurash uslublari, jumladan, buzgʻunchi g`oyalar mohiyatini fosh qilishga qaratilgan targ`ibot, mafkuraviy monitoring va tahdidlar mohiyatini xalqimiz ongi va qalbiga yetkazish, jaholatga qarshi ma`rifat tarqatish uslublaridan doimo va hamma joyda foydalanish taqozo qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |