o’simliklar ildizi uchun xarakterlidir. Ikkilamchi o’zgarish markaziy silindrda
kambiyning paydo bo’lishi bilan boshlanadi. Kambiy hujayralarning bo’linishi
natijasida odatda ichki tomonga ikkilamchi yog’ochlik, tashqariga esa ikkilamchi
lub elementlarini hosil qiladi. Shunday qilib, birlamchi lubda kollaterial turdagi
ikkilamchi o’tkazuvchi boylamlar kelib chiqadi. Ularning soni yog’ochlik nurlari
soniga tengdir. Birlamchi lub ikkilamchi lub bilan qo’shilib ketadi. Keyinchalik
ikkilamchi to’qima tazyiqi natijasida uning hujayralari siqilib, erib ketadi va
sezilmay qoladi. Uning elementlari yulduzsimon yoki urchuqsimon shaklda, vaqt
o’tishi bilan birlamchi yog’ochlik ham yo’qolib ketadi. Ildizning ikkilamchi
tuzulishida suyuqlik harakati ikkilamchi o’tkazuvchi elementlar orqali sodir bo’ladi.
Birlamchi yog’ochlik ostidagi qismdan (peritsikldan) o’zak nurlari shakllanadi. Ular
kelib chiqishi jihatidan birlamchi hisoblanadi. O’zak nurlari ikkilamchi o’tkazuvchi
boylamlar orasidan joy oladilar. Ko’pchilik ikki pallali o’simliklarda ana shu vaqtga
kelib birlamchi po’stloq tushib ketadi. Qoplagich to’qima vazifasini hosil bo’lgan
periderma bajaradi. Ko’pchilik o’simliklarda kambiyning faoliyati har yili
yangilanib turadi. Uni yog’ochlik qismda ko’rish mumkin.
Ildizmevalar
- ildizning parenxima hujayralari zapas oziq moddalar to’plashi
natijasida asosiy ildizning yo’g’onlashib ketishi. Ildizmevalar sabzi, lavlagi, rediska,
sholg’om va boshqa o’simliklar uchun xosdir. Ildizmeva uch qismdan iborat: bosh,
bo’yin va ildiz. Ildizmevaning bosh qismi poyaning bir bo’lagi bo’lib qisqargan
novda - rozetkasidir. Uning bo’yini , ya'ni yo’g’onlashgan qismi gipokotilning
yo’g’onlashishi natijasida kelib chiqqan. Haqiqiy ildiz esa o’zining odatdagi
tuzilishini saqlab qolgan. Ortiqcha sug’orish yoki oziq berish natijasida ildizmevali
o’simlikning birinchi bo’g’im oralig’i yo’g’onlashishi mumkin. Oqibatda ikki - uch
qo’shaloq ildizmevalar kelib chiqadi.
Parenxima turli to’qimalarda rivojlanishi mumkin. Sabzi, petrushka va boshqa
seldereydoshlarda ko’p miqdorda, lubda, sholg’om, rediska, turp va boshqa
karamguldoshlar oilasi vakillarida, aksincha yog’ochlik kuchli ravishda
parenximalashgan. So’rg’ich ildizning po’stloq parenxima hujayralari, o’tkazuvchi
bog’lamlari ona o’simlikning floemadagi o’tkazuvchi bog’lamlariga qarab o’sadi.
O’sayotgan ildizning uzunchoq parenxima hujayralari gaustoriya hujayralari deb
ataladi. Bu hujayralar yig’indisi tekinxo’r o’simliklarning eng asosiy organi
so’rg’ich ildizi bo’lib qoladi. So’rg’ich ildizlar zarpechakning har xil turlarida,
plyushda, shumg’iyada uchraydi.