Nafl ro‘zaning qazosi
Nafl ro‘zani, qanday sabab bo‘lishidan qat’iy nazar, buzgan kishi, albatta qazosini tutishi kerak. Biroq ikki hayit va tashriq kunlari jami besh kun tutilgan nafl ro‘za buzilsa, qazo tutish lozim bo‘lmaydi (chunki bu kunlarda ro‘za tutish haromdir).
Bajarilishi shart bo‘lgan nazr qilingan namoz va ro‘za
Quyidagi uch shart bo‘lsa, nazrga vafo qilish lozimdir.
1. Nazr qilingan amal vojib amal bo‘lsin.
2. Nazr qilingan amal vasila, ya’ni tahorat kabi bir amal uchun shart bo‘lgan amal bo‘lmasin.
3. Nazr qilingan amal aslida adosi farz bo‘lgan amal bo‘lmasin, besh vaqt namoz, Ramazon ro‘zasi kabi.
Binobarin, bemorni ziyorat qilishi, tilovat sajdasi Qilishni, tahorat qilishni nazr qilish bilan ularning adosi lozim bo‘lmaydi.
Qul ozod qilishi, e’tikofga kirishni, nafl namoz o‘qishni, nafl ro‘za tutishni nazr qilishi durust.
Bir shartga bog‘liq bo‘lmagan yoki shartga bog‘liq bo‘lgan (ya’ni, "o‘g‘lim harbiy xizmatdan qaytsa, qo‘y so‘yaman" kabi) nazr shart sodir bo‘lganida bajarilishi lozimdir.
Ikki hayit kunlarida ro‘za tutishni nazr qilish durustdir. Faqat tutsa, u kunlarda tutmay, boshqa kunda tutish kerak. U kunlarda tutsa nazr bajariladi, ammo ro‘za tutgan gunohkor bo‘ladi.
Nazr aynan belgilangan vaqtda, makonda, pulda, aytilgan kambag‘aldan boshqa vaqtda, makonda, pulda va boshqa kambag‘alga berilsa ham nazr ado etilgan bo‘ladi. Ya’ni:
— Sha’bon oyida ro‘za tutishni nazr qilib, Rajab oyida tutish;
— Makkada o‘qishni nazr qilgan ikki rakat nafl namozni Misrda o‘qish;
— tayinlangan pulning o‘rniga (o‘sha miqdorda) boshqa pulni sadaqa qilish;
— faqir Ubaydullohga atalgan nazrni kambag‘al Abdullohga berish joizdir.
Nazr qilish shartga bog‘liq bo‘lganida, shart sodir bo‘lmasidan oldin ado etilsa, o‘ringa o‘tmaydi.
E’tikof
Erkaklar, jamoat bilan besh vaqt namoz o‘qiladigan amaldagi jome’ masjidida, e’tikof (ibodati) niyati bilan e’tikofga o‘tiradilar. Besh vaqt jamoat bo‘lib namoz o‘qilmaydigan masjidda e’tikof niyatida o‘tirish sahih emas. Ayolning e’tikof o‘rni uyning namoz o‘qiladigan joy: yoki burchagidir.
E’tikof turlari
E’tikofning hukmiga ko‘ra, uch turi bor:
1. Nazr qilinganida vojib.
2. Muakkad (kifoya) sunnat. Ramazonning so‘nggi o‘n kunida ba’zi musulmonlarning bajarishi bilan boshqalardan soqit bo‘ladigan sunnat.
3. Bu ikkisidan boshqasi mustahab.
Ro‘za faqat nazr qilingan e’tikofning shartidir. Nafl e’tikofning vaqti va muddati tayin emas, qisqa bir muddat e’tikof niyati bilan masjidda yurish ham e’tikofdir.
E’tikofga kirgan kishi faqat:
1. Shar’iy amal uchun, masalan, juma namoziga;
2. Hojat chiqarish uchun;
3. Zaruriy holatda, masalan, masjid buziladigan bo‘lsa;
4. Zolimning majburlashi bilan;
5. Masjid jamoatining tarqalib tugagani uchun;
6. Zolimlarning mol va joniga zarar berishlaridan qo‘rqish kabi majburiy sabablar tufayli masjiddan chiqishi mumkin.
7. Bu sabablar sodir bo‘lgani uchun e’tikofga kirgan kishi masjiddan chiqsa, tezda masjidga qaytishi yo boshqa masjidga kirib e’tikofini davom ettirishi darkor.
8. Hech qanday zaruriy sabab bo‘lmasa-yu, (bir zumga bo‘lsa ham) tashqariga chiqsa, vojib e’tikof buziladi, sunnat yoki mustahab bo‘lsa, tugaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |