XV bob. KORPORATIV BIRLASHMALAR VA ULARDA KORPORATIV BOSHQARUV MEXANIZMI 15.1. Korporativ birlashishlarning iqtisodiy mohiyati, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi ahamiyati va amalga oshirilishi Korporativ birlashish va qo‘shib olishlar shuningdek, korporativ miqyosda
qayta tarkiblash bugungi kun korporativ moliyaviy munosabatlarning va korporativ
boshqaruvning tarkibiy qismiga aylanib ulgurdi. Bu borada har kuni butun dunyo
miqyosida qator bitimlar tuziladi va tuziladigan bitimlar asosida ikki kompaniya
yanada yirikroq kompaniyani tashkil etish maqsadida o‘zaro birlashadi. Bundan
tashqari, kompaniyalarning o‘zaro birlashishi bilan bir qatorda, birlashishga teskari
bo‘lgan ajralib chiqish yoki bo‘linish amaliyotlari ham amalga oshiriladi.
Kompaniyalarning bo‘linishi va ajralib chiqishidan ham asosiy maqsad foydani
maksimallashtirishga qaratilishini ta’kidlash lozim. Quyida kompaniyalarning
o‘zaro birlashishi, qo‘shib olish jarayonlari va ularning o‘ziga xos jihatlari
xususida atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.
Korporativ moliyaviy taraqqiyotning bugungi bosqichida har qanday
korporativ tuzilma o‘z rivojlanish strategiyasini belgilashda o‘z tashkiliy tuzilmasi
doirasida rivojlanish yoki boshqa mustaqil iqtisodiy sub’ektlar bilan birlashish
orqali rivojlanishga e’tibor qaratadi. Bunda korporativ moliyani boshqarishning
sub’ektlari hisoblangan moliyaviy menejerlar tomonidan moliyaviy rivojlanish
strategiyalaridan qaysi biri kompaniya uchun foydali ekanligini aniq hisob-kitoblar
asosida belgilab beradi.
Birlashish va qo‘shib olish bitimlari orqali yangi biznesni tashkil etishdan
asosiy maqsad sifatida biznesga qo‘shimcha elementlarni birlashtirish va
integratsiyalash hisobiga kompaniyaning strategik ustunligini ta’minlashni keltirish
mumkin. Murakkab moliyaviy-iqtisodiy holatlarda birlashish va qo‘shib olishlar
kompaniyalar uchun yanada ko‘proq dolzarblik kasb etadi. Moliyaviy jihatdan
yuqori salohiyatga ega kompaniyalar bozorda yanada raqobatbardosh bo‘lgan
kompaniyani tashkil etish maqsadida nisbatan kuchsiz bo‘lgan kompaniyalarni
o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladi. Shuningdek, moliyaviy jihatdan o‘zaro teng
kuchga ega kompaniyalar bozorda o‘z ulushini ko‘paytirish yoki o‘z
samaradorligini oshirish maqsadida o‘zaro birlashadilar. Keltirib o‘tilayotgan
ustunlik jihatlar tufayli qo‘shib olinuvchi kompaniyalar ko‘p hollarda o‘zlarini
boshqa kompaniyalar xarid qilish usuli orqali qo‘shib olishga rozi bo‘ladi. Chunki,
ular keskin raqobat muhitida o‘zlarining mustaqil ravishda jon saqlab qola
olishlariga ko‘zlari etmaydi. Odatda, ko‘pchilik kompaniyalar o‘rtasidagi
birlashish va qo‘shib olishlarni o‘zaro sinonim atamalar va butunlay bir xil
jarayonlar sifatida qabul qiladi. Aslida esa ushbu ikki atama o‘rtasida ma’lum
farqlar mavjud. “Qo‘shib olish” atamasi ba’zan birlashishning har qanday shakliga
nisbatan ham qo‘llaniladi. Buning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Bir kompaniya boshqa bir kompaniya ustidan nazorat o‘rnatsa va o‘zini
ushbu kompaniyaning yangi xo‘jayini, deb e’lon qilsa, bu bitim
qo‘shib olish