Barqarorlik bosqichida avvalgi davrlarda erishilgan muvaffa-qiyatlarni
mustahkamlashga bo‘lgan intilish kuchayadi va u 45 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan davrni qamraydi.
Ana shu bosqichda malakani takomillashtirish cho‘qqisiga erishiladi. Xodimning malakasi jo‘shqin faoliyat va maxsus ta’lim orqali yanada oshiriladi. O‘z kasbining ustasiga aylangan xodim ish uslublarini shogirdlariga o‘rgatishga harakat qiladi. Xodim xizmat lavozimida ko‘tarilib boradi. Unga nisbatan hamkasblari, jamoa a’zolarining hurmat- e’tibori ortadi. Bu davrda xodimning ko‘pgina ehtiyojlari qondirilgan bo‘lsada, uni hali ham mehnatga haq to‘lash miqdori qiziqtiradi. SHu bilan birga unda daromad olishning boshqa manbalari (foydaga sheriklik, aksiyalari uchun dividend olish va hokazolar)ga ham qiziqish ortadi.
Yakuniy bosqich 60—65 yoshni qamrab oladi va xodim pensiyaga chiqish taraddudini ko‘radi. U o‘ziga munosib vorisni tayyorlash harakatiga tushadi. Ana shu davrda lavozimda o‘sish (karera) tanglik xususiyatiga ega bo‘lsa ham xodimlar o‘z ishlaridan tobora kamroq qoniqish hosil qilishlariga qaramasdan o‘zlari va tengdoshlaridan g‘ururlanish hislari juda kuchli bo‘ladi. Mazkur bosqichda xodimlar ish haqi darajasi barqaror bo‘lishini xohlaydilar, pensiyaga chiqqanlaridan so‘ng oladigan pensiyalari miqdoriga qo‘shimcha daromad topish harakatida bo‘ladilar.
Nafaqadan so‘ng bosqich davrida mazkur korxonadagi (faoliyat turidagi) karera nihoyasiga etadi. Bu davrga kelib, korxonada ishlabturgan vaqtda shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmagan faoliyatning boshqa turlarida (qiziqishi bo‘yicha badiiy ijod, bog‘dorchilik, kolleksiyalar to‘plash, jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullanish va hokazolar) o‘zligini namoyon qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Real karera — lavozimda amalga oshirilgan, erishilgan o‘sishdir. Bunda xodimning muayyan davr ichida faoliyatning tegishli turida aniq bir korxona yoki tashkilotdagi lavozimda o‘sishi tushuniladi.
Salohiyatli karera — lavozimda rejalashtirilgan, yoki ehtimol tutilgan o‘sishdir.
Xodim mehnat faoliyati va hayotiy yo‘li davomida o‘z rejalari, ehtiyojlari, qobiliyatlari, maqsadlarini ko‘zlab lavozimda o‘sishni orzu qilishi, xohlashi salohiyatli karera hisoblanadi. Ana shunday istak xodim faoliyatini tashkil etishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bu umidlar to‘la yoki qisman ro‘yobga chiqishi, umuman amalga oshmay qolishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |