"Ro`yo va haqiqat"
("Suv osti mamlakatida" asariga taqriz)
Ba`zan hayotimizda sodir bo`layotgan hodisalarni anglayolmay qolamiz: ular tushimizda kechyaptimi yoki ro`yomi? bilmaymiz. Hayolotimiz o`zimiz istar -istamas har yerlarda suzib yuradi. Masalan, men ham g`alati narsalar haqida hayol suraman, qaysidir ma`noda orzu qilaman. Ba'zan sarguzashtlar oroliga tushib qolishni xohlayman, ba`zan shkaf ortida sirli mamlakat borligiga ishonishni (xuddi "Narniya saltanati" filmidagidek), o`sha yerda yashashni istab qolaman. Albatta, bular bari hayol, lekin hayolan bo`lsa ham ayrim narsalarni his qilish zavqli. Asarimiz qahramoni ham g`ayrioddiy kappalar mamlakatiga kelib qoladi. U yerda ko`plab ajoyibotlarga duch keladi, odamlarga o`xshash lekin hayot tarzlari odamlarnikidan farq qiladigan bu mavjudotlarning xatti- xarakatlari, turish- turmushlari unda ajoyib qiziqish va hayrat uyg`otadi. Asarni o`qiy boshlashim bilan hayolimga darrov "Gulliverning sayohatlari" keldi. Xuddi Gulliver Liliputiyaga tushib qolganidek, asar qahramoni ham kappalar dunyosiga tushib qoladi. Bularning har ikkovi ham g`ayritabiiy, bo`lishi mumkin bo`lmagan hodisalar. Xuddi bari hayolot mahsulidek tuyuladi. Gulliverning ko`rgan kechirganlari bir majoz, uydirma bo`lgani holda, suv osti mamlakatidagi qahramonimiz voqealarni o`z ko`zi bilan ko`rganini aytadi, bular hayol yoki to`qib chiqarilgan voqea- hodisalar emas, real hayotning qog`ozga yozilgani ekanligini ta`kidlaydi. Olamning yartilishi, uning tarixi, borliq tushunchalari hayol va tasavvur chulg`ay olmaydigan qorong`uliklarga cho`kib yotadi. Bu sirli zulmatga odamzot to ko`zi yirtilib ketguncha qaraydi. Lekin undan bir narsani ilg`ash mumkin emas. Anglash g`oyatda qorong`u bo`lgan narsalar insoniyatning asotirlariga aylandi. Asotir nima o`zi? Asotirlar odamzotning o`tmishi va kelajagi ko`milib yotgan sirli zulmatning qa`rlariga hayolot quvvati vositasida kirib borishga bo`lgan urinishdir. Kappalar ham yapon xalqining afsonaviy mahluqoti, ularning yashash tarzi butunlay o`zgacha, g`ayritabiiy. Bular yapon hayotini ko`z oldimda gavdalantirdi: Rivojlanish, yashin tezligida yuksalish. Yaponiya jahon urushidan qanday talofatlar bilan chiqqanligi bizga ma`lum. Atom bombasi ham aynan shu davlatda ilk bor sinab ko`rilgan. Lekin ko`p o`tmay davlat ulkan rivojlanish bosqichiga kirdi, misli kutilmagan natijaga erishdi. Davlat deyarli tanazzulga kirgandi. Lekin bunga qanday erishdi?. Shu yerda ayrim tarix sahifalarida uchramaydigan haqiqat mavjud: avvalo, hukumat mehnatga yaroqsiz fuqarolaridan voz kechdi, ya`ni, qariyalar hamda nosog`lom fuqarolardan. Xuddi kappalar ishdan bo`shagan, ishsiz kappalarni o`ldirishib, go`sht rastalariga topshirishgani kabi. Xuddiki, yozuvchi bularni avvaldan bilgandek. Albatta, bular insonda nafrat uyg`otadi, lekin kappalarning xarakterida yana bir narsa borki, ularning nozik qalbli ekani bunda namoyon bo`ladi: bir kappa kimningdir haqoratiga uchrasa, bunga chiday olmay yuragi yorilib o`ladi. Asarni o`qiy turib, beixtiyor yana hayolot ummonim mavj urib, shu olamga tushib qolgandek bo`ldim. Bular hayolimda ro`y berdimi yoki tushmi anglolmay qoldim. O`sha ajoyib-u g`aroyib olamda, o`sha madaniyat egalari bilan yashash, menimcha, yozuvchida ham shu jarayon kechgan bo`lsa kerak. Taģin bilmadim. Ha shunday, bu tushlar-u hayollarda ba`zan haqiqatlar yashirin. Hech qachon ro`y bermaydigandek tuyuladigan narsalar haqida hayol suramiz, keyin shunga o`xshagan nimadir hayotimizda sodir bo`ladi. Shu kunlarimizni ham kimdir qachonlardir hayolidan o`tkazgan, orzu qilgan, bular esa bizning hayotimizda sodir bo`lmoqda. Insoniyat yaralibdiki, shu jarayon davom etmoqda.
Muxtasar Sultonova
Do'stlaringiz bilan baham: |