MEHRIBON VA YORLAQUVCHI OLLOHNING NOMI BILAN
Jahonni yaratgan, zaminu zamon egasi, barcha tirik mavjudotga ozuqa beruvchi, oshkoru nihonni biluvchi, benaziru behamto va bedasturu beniyoz, qiyosu sanog‘i yo‘q yagona, qodiru nomuhtoj ollohga hamdi shukronalar, uning payg‘ambarlariga tahzimlar, pok Odam-i safiydan boshlab to arablardan chiqqan payg‘ambar Muhammad mustafo sallalohu alayhgacha hamda uning yoru qarindoshlariga ollohning marhamati bo‘lsin.
Xojai hakim, davr faylasufi, malikul-hukamo Umar ibn Ibrohim ul-Xayyom — olloh uni yorlaqasin — bunday deydi: men aql barkamolligi nuqtai nazaridan qaraganimda so‘zdan mo‘htabarroq va kalomdan buyukroq hech narsani topmadim, chunki undan afzalroq biror narsa bo‘lganda edi, haq taolo payg‘ambarga — sallolohu alayhga o‘sha narsa bilan murojaat qilgan bo‘lardi. Arab tilida: «hayotda eng yaxshi suhbatdosh — kitob»,— deyilgan.
O‘z so‘ziga vafodor bir yaxshi do‘stim mendan Navro‘zning joriy etilganligining sababini tushuntirib berishni va qaysi podshoh tayin qilganini so‘radi. Men iltimosni qabul qildim va unga buyukligi buyuk yordamida ushbuni insho etdim.
“NAVRO‘ZNOMA” KITOBINING BOSHLANISHI
Bu kitobda Navro‘z haqidagi haqiqat, Ajam podshohlari davrida u qaysi kunda bo‘lgani, qaysi podshoh joriy qilgani va nega uni nishonlashlari hamda podshohlarning boshqa odatlari, shuningdek, ularning barcha ishlarda tutgan yo‘llari ko‘rsatiladi.
Navro‘zning joriy qilinishi sababini aytsak, u shundan iboratki, Oftobning ikki aylanishi mavjud, ulardan biri quyidagicha: Oftob har uch yuz oltmish besh kunu kecha-kunduzning to‘rtdan birida Hamal burjining birinchi daqiqasiga chiqib ketgan paytining o‘zida yana qaytib keladi va har yili bu davr kamaya boradi.
Jamshid bu kunni tushungandan keyin Navro‘z deb atadi va bayram qilishni odatga aylantirdi. Podshohlar va boshqa odamlar ham uni qabul qildilar. Aytishlaricha, birinchi Ajam podshosi Kayumars podshoh bo‘lgandan keyin yilning kunlari va oylariga nom berishga hamda odamlar bilsin deb yilnoma joriy qilishga qaror qilgan. U, tongda Oftob Hamal burjining avvalgi daqiqasiga kirgan kunni aniqlab, ajam mubadlarini yig‘di va yil hisobini shu paytdan boshlashni buyurdi. Mubadlar yig‘ildilar va yil hisobini shu paytdan boshlashni joriy qildilar.
O‘sha zamonning olimlari bo‘lgan ajam mubadlarning aytishicha, buyuk va muborak Izid o‘n ikki farishta yaratdi, ulardan to‘rttasini ahramanlardan qo‘riqlash uchun osmonga yubordi, to‘rttasini ahramanlarni Qof tog‘idan o‘tkazmaslik uchun jahonning to‘rt burchagiga yubordi, to‘rtta farishtaga esa osmon va yerda yurib odamlardan ahramanlarni haydab turishni buyurdi. Ularning aytishicha, bu dunyo o‘zga bir dunyoning ichida xuddi eski qasrdagi yangi uy kabi joylashgan va Izid taolo nurdan oftobni yaratib, u bilan osmonu yerni parvarish qilgan. Jahon ahli nazarida quyosh Izid taolo nurlarining bir nuridir. Unga ulug‘vor deb tahzim bilan boqishlariga sabab, uni yaratishda Izid taoloning unga inoyati o‘zgalarga nisbatan ko‘proq bo‘lgan, deyiladi. Bunga shunday misol keltiradilar: bir ulug‘ podshoh o‘z xalifalaridan biriga izzat-hurmat ko‘rsatsa, uni ulug‘laydilar va har kim uni ulug‘lasa, podshohni ulug‘lagan bo‘ladi, deb biladilar. Deydilarki, buyuk va muborak Izid oftobning nurlari va keltiradigan foydasi hamma narsaga tegsin deb oftobga o‘z joyidan qo‘zg‘alishni buyurganda, u Hamalning boshidan chiqib, zulmat nurdan ayrildi, kecha va kunduz paydo bo‘ldi. Bu dunyoning tarixi ana shunday boshlandi. SHundan so‘ng bir ming to‘rt yuz oltmish bir yil o‘tgach, u (oftob) o‘sha joyning o‘ziga o‘sha kun va o‘sha dakiqada qaytib keldi. Bu vaqt ichida Mushtariy Zuhal bilan yetmish uch marta birlashdi. Buni «kichik qiron» deydilar, bu birlashuv har yigirma yilda bo‘ladi. Oftob o‘zining bir aylanib chiqishini tugatib o‘z joyiga qaytib kelganida Zuhal va Mushtariy orasida Zuhalning hubut kelgan burjida birlashuv bo‘ladi va u Zuhalning sharaf burji bo‘lgan Mezon burjiga muqobil (qarama-qarshi)dir. Bir aylanib chiqish bu yerda, biri u yerda biz ishora qilganday va yulduzlarning turar joyi ham biz ko‘rsatganday bo‘ladi. Oftob Hamaldan chiqqan paytida va Zuhal ham, Mushtariy ham boshqa yulduzlar bilan Izid taolo hukmi bo‘yicha turganlarida jahonning holati o‘zgardi va dunyo hamda taqdirga mos ravishda yangi narsalar paydo bo‘ldi. Ajam podshohlari shu paytda Oftobni ulug‘lash uchun, shuningdek, har kim bu kunni topa olmasligini hisobga olib, uni belgilab qo‘ydilar, bayram joriy etdilar va hamma bu sanaga rioya qilsin degan maqsadda barchaga mahlum qildilar. Deydilarki, Kayumars yil hisobining boshlanishi sifatida bu kunni joriy etganda, uch yuz oltmish besh kun ichida oftobning bir aylanib chiqishi ro‘y beradigan quyosh yilini har biri o‘ttiz kundan iborat o‘n ikki oyga bo‘ldi va ularni buyuk va muborak Izid dunyoga yuborgan o‘n ikki farishta nomi bilan atadi. So‘ngra, u uch yuz oltmish besh kunu kecha-kunduzning choragidan iborat ulug‘ davrni «ulug‘ yil» deb atadi va uni to‘rt bo‘lakka bo‘ldi. Katta yilning to‘rt bo‘lagi o‘tganda katta Navro‘z bo‘ladi va dunyoning holati yangilanadi. Podshohlarning bir odati bor: yil boshida ular yaxshilikka fatvo berish va sanalarni belgilash hamda maishat uchun mahlum marosimlar o‘tkazishlari zarur. Kimki Navro‘z kuni bayram qilib quvonsa, keyingi Navro‘zgacha xurram bo‘ladi va farog‘atda yashaydi. Podshohlar uchun bu odatni olimlar belgilab berishgan.
Farvardin oyi — «farvardin» — pahlaviycha so‘z va uning mahnosi aynan jannatlar bo‘lib, bu oy o‘simliklar o‘sishining boshlanishidir. Bu oy Hamal burjiga oid. Binobarin, oyning boshidan to oxirigacha oftob shu burjda bo‘ladi.
Urdbixisht oyi — bu oyni urdbixisht deb atadilar, bu oyda dunyo o‘zining ko‘karishi ila jannatmonanddir, urd pahlaviy tilida «manand» degani. Oftob bu oyda haqiqiy aylanishi bo‘yicha Savr burjida bo‘ladi. Bu oy bahorning o‘rtasidir.
Xurdad oyi — odamlarni bug‘doy, arpa va mevalar bilan boqadi. Oftob bu oyda Javzo burjida bo‘ladi.
Tir oyi — bu oyni «tir» atadilar, chunki bu oyda bug‘doy, arpa va boshqa narsalarni taqsim qiladilar. Oftobning avji pasaya boshlaydi. Saraton burjida bo‘ladi. Bu oy yoz oyining birinchi»sidir.
Murdod oyi — tuproq berdi, yahni unda yetilgan meva va sabzavotlarni berdi. Yana bu oyda havo tuproq to‘zoniga o‘xshaydi. Bu oy yoz o‘rtasidir. Oftob Asad burjida bo‘ladi.
SHahrivar oyi — bu oyni shahrivar deydilar, chunki bu daromad oyidir, yahni, podshohlarning daromadlari shu oyga to‘g‘ri keladi. Bu oyda dehqonga o‘lpon to‘lash oson. Oftob Azro (Sunbula)da bo‘ladi. Bu yozning oxirgi oyi.
Mehr oyi — bu oyni mexr deyishadi, chunki u insonlar o‘rtasidagi do‘stlik oyidir va pishgan barcha meva va boshqa narsalar hamda o‘zlarining ulushlariga tekkanini birga baham ko‘radilar. Oftob bu oyda Mezonda bo‘ladi, yahni kuzning boshlanishidir.
Obon oyi — yahni bu oyda boshlangan yomg‘irlardan suv ko‘payadi va odamlar ekinlarini sug‘oradilar. Oftob bu oyda Aqrabda bo‘ladi.
Ozar oyi — pahlaviy tilida ozar «olov» deganidir. Bu oyda ob-havo soviy boshlaydi va olovga muhtojlik paydo bo‘ladi, yahni bu olov oyidir. Oftob bu oyda Qavs burjida bo‘ladi.
Day oyi — pahlaviy tilida «day» devni anglatadi. Bu oyni «day» deyishlariga sabab, u qahrli va bu oyda yer ko‘karishdan yiroqdir. Oftob Jadida bo‘ladi. Bu qishning birinchi oyi.
Bahman oyi — o‘shanga o‘xshagan, degani. CHunki bu oy o‘sha day oyiga o‘xshab sovuq va quruqdir. Oftob bu oyda Zuhal xonasida, dalvning jadi bilan tutash yerida bo‘ladi.
Isfandarmuz oyi — bu oyni isfandarmuz deydilar, chunki isfand pahlaviy tilida mevani anglatadi, yahni bu oyda mevali daraxt va o‘simliklar ko‘kara boshlaydi. Oftob bu oyda oxirgi Hut burjiga yetib keladi.
Kayumars bu vaqtni o‘n ikki bo‘lakka bo‘ldi va yil hisobining boshlanishini belgiladi. SHundan keyin u qirq yil yashadi. U o‘lgach, Xushang taxtga o‘tirib to‘qqiz yuz yetmish yil podshoh bo‘ldi. U devlarni yengdi, temirchilik, duradgorchilik, to‘qimachilik hamda ipak qurtidan ipak, asal aridan asal olishni kashf etdi va dunyoni shod-xurramlikda o‘tkazib, o‘zi haqida yaxshi xotira qoldirib ketdi. Undan keyin taxtga Taxmuras o‘tirdi. U o‘ttiz yil podshohlik qildi. U devlarni o‘ziga bo‘ysundirdi, ko‘chalar va rastalar qurdirdi, jun va ipakdan mato to‘qishni rasm qildi. Zohid Buzasp unga qarshi chiqib, sabiylar dinini tarqatdi. Taxmuras bu dinni qabul qilib, beliga zunnor bog‘ladi. U quyoshga sig‘indi, odamlarni yozuvga o‘rgatdi. Uni devband Taxmuras deb atadilar. Undan keyin podshohlik uning ukasi Jamshidga o‘tdi. Bu orada tarixdan bir ming qirq yil o‘tdi va Oftob farvardinning birinchisida to‘qqizinchi burj (Qavs)ga kirdi. Jamshid podshohligining to‘rt yuz yigirma birinchi yili o‘tgach, bu davr tugadi va quyosh o‘z farvardinida Hamalning boshiga qaytib keldi. SHunday qilib, dunyo muvozanatga keldi. Jamshid devlarni bo‘ysundirdi va hammom qurish va mato to‘qishni buyurdi. Jamshidgacha debo «dev to‘qigan narsa», deyilardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan odamlar idrok va tajribalar yordamida hozir biz ko‘rib turgan darajaga yetib kelishdi. So‘ngra, Jamshid eshak bilan otni chatishtirib xachir oldi. U konlardai qimmatbaho toshlar qazib olib qurol va bezaklarning barcha turlarini yaratdi. Konlardan qazib olingan oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, qalay singari mahdanlardan toj, taxt, bilakuzuk, taqinchoqlar va uzuklar yasadi. U mushk, anbar, kofur, zahfaron, ud va boshqa xushbo‘y narsalarni kashf etdi. Biz eslatgan kunda u bayram tashkil qildi, unga «Navro‘z» deb nom berdi va odamlarga har yili farvardin kelganda bayram qilishni va o‘sha kunni yangi (yil) deb hisoblashni, Quyosh turguncha Navro‘z ham barqaror bo‘lsin, deb buyurdi. Navro‘z haqidagi haqiqat mana shudir. Jamshid o‘z podshohligining boshlanishida juda odil va marhamatli edi, fuqaro uni sevar va undan mamnun edi, Izid taolo esa unga saxovat va ong berdi, u odamlarni oltin, qimmatbaho toshlar, debo, atir va chorva bilan mahmur etdi. Podshohligiga to‘rt yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, dev bilan oshno bo‘ldi, dev esa uning dilida dunyoga hirs uyg‘otdi, ishqilib hech kim dunyoga mehr qo‘ymasin! — mag‘rurlanib ketdi va adolatsizlik hamda shuhratga berilib, boylik to‘play boshladi, odamlar azob cheka boshladilar va kecha-kunduz Iziddan uning hukmronligiga chek qo‘yishni iltijo qildilar. Xudoning marhamati undan yiroqlashdi va uning hamma ishlari xatolikka ketdi. SHunda podshohlikning bir burchagidan Zaxxok deb atalgan Bayurasp chiqdi va uni tor-mor qildi, odamlar bo‘lsa Jamshidga ko‘mak bermadilar, chunki undan azob chekkan edilar. U Hind yeriga qochdi, Bayurasp bo‘lsa taxtga o‘tirdi, keyinroq uni tutib nimtalab tashladi. Bayurasp ming yil podshohlik qildi. Avvaliga u odil bo‘ldi, oxirida adolatsiz bo‘lib qoldi, so‘z va ishlarida devga quloq soldi va Hindistondan Afridun kelguniga qadar odamlarga azob berdi. Afridun uni o‘ldirib taxtga o‘tirdi. Afridun Jamshid avlodidan edi. U besh yuz yil podshohlik qildi. Afridunning podshohligining bir yuz oltmish to‘rt yili o‘tganda Kayumars tarixining ikkinchi davri tugadi. Afridun Ibrohim alayhis-salomning — joyi jannatda bo‘lg‘ay — dinini qabul qildi. U, fil, arslon va sirtlonni qo‘lga o‘rgatdi, chodir tikdi va muhtasham ayvon qurdi, bog‘ va imoratlarga oqar suv olib keldi, mevazor bog‘larga nihollar va turunj, noranj (apelg‘sin), bodrang, limu hamda atir gul, binafsha, nargis, nilufar va boshqa narsalarning urug‘larini ekdi. Mehrgonni ham joriy qildi, xuddi shu kuni Zaxxokni zindonband qilib, podshohlikni qabul qilgan kuni Sada bayramini joriy qildi. Zaxxokning adolatsizligi va istibdodidan xalos etilgan odamlar mamnun bo‘lib, shu kunni yaxshi istiqbol darakchisi sifatida bayram qildilar va Ajam va Turonda bu kun shu paytgacha mehribon podshohlar sharafiga har yili nishonlanadi. Oftob o‘z farvardiniga yetganda Afridun bu kunni yana bayram qildi. U butun dunyodan odamlarni yig‘ib bu haqda shartnoma tuzdi. U o‘z amaldorlariga adolatli bo‘lishni buyurdi. O‘z podshohligini o‘g‘illariga bo‘lib berdi. Turkistonni Jayxun daryosidan to CHin va Mochingacha Turga, Rum yerini Salmga, Ajam va o‘z taxtini — Erajga berdi. SHunday qilib Turkiston, Rum va Ajamning barcha podshohlarining kelib chiqishi bitta, bir-birlari bilan qarindoshdirlar, chunki ularning hammasi Afridun avlodidir. SHuning uchun barcha insonlar podshohlar sharafiga marosimlarni o‘tkazishlari zarur, zero ular Afridun urug‘idandirlar. Uning zamonasi va Gushtaspgacha bo‘lgan boshqa barcha podshohlarning zamonasi tugagandan so‘ng, Gushtasp podshohligining o‘ttizinchi yili o‘tganda Zardo‘sht paydo bo‘ldi va gabr dinini olib keldi. Gushtasp uning dinini va ichimlik mayini qabul qildi. Afridun bayramidan o‘sha paytgacha to‘qqiz yuz qirq yil o‘tdi.
Oftob Aqrab burjiga kirganda, Gushtasp kabisa qilishga buyurdi va buning natijasida farvardinni Oftobning Saraton burjiga kirgandan boshlab bayram qilina boshlandi. Gushtasp Navro‘zni ana shu kuni bayram qilish kerak, chunki Saraton — mehnat uchun saodatmand burj, dehqon va qorandalarga shu vaqtda o‘lpon to‘lashga imkon berish zarur, shunda ularga yengillik bo‘ladi, deya bayramni shu kunga belgiladi. So‘ngra, u, yillar ham aniq bo‘lsin va odamlar o‘z vaqtlarini sovuqda ham, issiqda ham bila olsinlar deb, har yuz yigirma yilda kabisa qilishga buyurdi. Bu odat to Zulqarnayn deb ataluvchi Iskandar Rumiy zamonasigacha davom etdi. SHu paytdan boshlab odamlar kabisani nishonlamay qo‘ydilar va mazkur odat qaror topguncha nima ish qilgan bo‘lsalar, o‘shanday ishni qilaverdilar. Bu Ardasher Bobakon zamonasigacha davom etdi, u yana kabisani qaror toptirdi va katta bayram uyushtirdi. Bu haqda ahdnoma tuzdi va shu kunni Navro‘z deb atadi. Odamlar bu bayramni to No‘shiravoni Odil zamonasigacha nishonladilar. Madoyin ayvoni bitganda No‘shiravon Navro‘z bayramini o‘sha zamon odatlari bo‘yicha o‘tkazdi. Ammo u kabisani qaror toptirmadi. U Oftob aylanish davrining oxirida Saratonning birinchi kuniga yetmaguncha odamlar bu ishni qilmasinlar, toki Kayumars va Jamshidlarning ko‘rsatmalari oradan ko‘tarilsin, dedi. SHunday degandan so‘ng kabisa qilmadilar. Bu Oftobni kuzatib turish va har yili Oftob Hamal burjiga kirganda Navro‘zni bayram qilishni buyurgan Mahmun zamonasigacha davom etdi. SHunday qilib «Zich-i Mahmuniy» tuzildi va shu paytgacha yil hisobini shu zich yordamida bajaradilar. Bu to Mutavakkil zamonasigacha davom etdi. Mutavakkilning Muhammad ibn Abdal-Malik degan vaziri bor edi, u Mutavakkilga o‘rim solig‘i shunday vaqtga to‘g‘ri kelyaptiki, uni amalga oshirish g‘alla vaqtidan uzoq bo‘layapti va bu odamlarni qiynayapti, Ajam podshohlarining odaticha, odamlar hosil yig‘ilgandan keyin soliq; to‘lash paytida qiynalmaslik uchun yilni o‘z o‘rniga qaytarmoq maqsadida kabisa qiladilar, deb aytdi. Mutavakkil rozilik bildirib, kabisa qilishga buyurdi va Oftobni Saratondan farvardinga qaytardilar. SHundan keyin odamlar tinchlanib yana o‘sha odatga rioya qila boshladilar. SHundan keyin Seiston amiri Halaf ibn Ahmad boshqa kabisani joriy qildi. O‘sha davrdan bizning zamongacha o‘n olti kun farqlana boshladi. Saodatmand va din tayanchi Sulton Malikshoh — ollo ruhini shod etsin — bundan xabar topib eski kabisani joriy etish va yilni o‘z joyiga qaytarishga buyurdi. Buning uchun o‘sha zamondagi Xuroson olimlarini chaqirtirdi. Ular kuzatish uchun barcha ishlarni bajardilar — devorlar ko‘tarishdi, usturlab o‘rnatdilar va shunga o‘xshash ishlarni amalga oshirib, Navro‘zni farvardinga ko‘chirdilar. Ammo zamona podshohga bu ishni oxiriga yetkazishga imkon bermadi va kabisa tamomlanmay qoldi.
Navro‘zning kelib chiqish tarixi mana shu. Bularning hammasini biz ajdodlarimizning kitoblaridan topdik va olimlardan eshitdik.
Risolani to‘liq holda sahifa yakunida mutolaa qilishingiz mumkin.
Umar Xayyomning «Navro‘znoma» risolasi uning tarixni, etnografiyani, xalq urf-odatlarini juda mukammal bilganligidan dalolat beradi. Biz bu risolada Navro‘z bayrami bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘‘ odatlar, hodisalar, afsonalarga duch kelamiz. Hozirgi zamonda o‘tayotgan Navro‘z bayrami bilan Umar Xayyom tasvir qilayotgan davrdagi Navro‘z bayrami orasida katta farqlar mavjudligidan hayron bo‘lamiz. Durust, hozirgi zamonda qilichbozlik, tirandozlik, chavandozlik kabi odatlar deyarli yo‘q, ammo risola bu odatlar haqida ma’lum darajada o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. Atom va kosmos asrida yashasak-da, o‘sha go‘zal odatlarni qo‘msagimiz keladi, jiyron, qorabayir otlarimizning kishnashlarini sog‘inamiz.
Umar Xayyom bu risolada nafaqat etnograf, tarixchi, balki bilimdon tabib sifatida ham ko‘rinadi. U inson organizmining fasldan faslga o‘tganda o‘zgarishini hisobga olib, eng kerakli tibbiy maslahatlarni beradi. Masalan, ar’aning ming dardga davo ekanligini hozirda juda kam odamlar bilsa kerak. Yoki may — uzumdan tayyorlangan ichimlikning foyda va zararlarini bilish va uni iste’mol qilishda nimalarga rioya qilish kerakligi haqida ma’lumot olish muhim ahamiyatga egadir.
«Navro‘znoma» faqatgina tarixning obidasi emas, juda ko‘‘ foydali tomonlari bilan bugungi kunimizga ham eshdir. Binobarin, Umar Xayyom asrlar osha bugun o‘z hududini tiklagan va umumxalq bayramiga aylangan Navro‘zi olamni muborakbod etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |