Aralash rinolaliya. Rinolaliyaning bu turi burun rezonansining patologik kamayganligi holida havoning burundan chiqib ketishi bilan izohlanadi, oqibatda barcha nutq tovushlarining artikulyatsion va akustik tomondan buzilishi kuzatiladi. Ovoz tembri ahamiyatli darajada o‘zgaradi.
Aralash rinolaliyada ham ochiq, ham yopiq rinolaliyaning belgilari birga qo‘shilgan holda namoyon bo‘ladi. Bunda burun yo‘li to‘silib qolgani holda tanglay-halqum pardasida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Burun tovushlari yopiq rinolaliyadagi singari, boshqa tovushlar esa ochiq rinolaliyadagi kabi talaffuz qilinadi. Aralash rinolaliya ham organik, ham funksional xarakterda bo‘lishi mumkin. Organik xarakterdagi aralash rinolaliyaga yumshoq tanglayning kaltaligi yoki falajligi sabab bo‘lsa, funksional aralash rinolaliyaga tanglay-halqum yorig‘ining funksiyasi o‘zgarishi natijasida burun yo‘lining to‘silib turishi sabab bo‘ladi.
Davolashdan oldin qaysi bir kamchilik ovoz tembrini ko‘proq buzib, manqalikka ko‘proq sabab bo‘layotganini aniqlash zarur. Masalan, bemor burun tovushlari bilan unli tovushlarni boshqa tovushlarga qaraganda yanada ko‘proq manqalanib talaffuz qilayotgan bo‘lsa, demak, unda yopiq rinolaliya ustun bo‘ladi va davolash chorasini Shunga qarab belgilanadi.
Rinolaliyani bartaraf etishda operatsiyagacha bo‘lgan logopedik ish tizimi
Ochiq rinolaliyada yaqin vaqtlargacha operatsiya davrigacha bo‘ladigan logopedik ta’sir deyarli qo‘llanmas, undan foydalanish haqida esa juda ehtiyotkorlik bilan mulohaza yuritilar edi.
Operatsiya davrida anatomik nuqson qisman yoki to‘liq bartaraf qilinadi, ammo nutq uchun kerakli samara aksariyat hollarda yuz bermaydi. Uranoplastika operatsiyasining nisbatan kech o‘tkazilishi, uning nutq taraqqiyotiga ta’sirining yetarli darajada bo‘lmasligi, operatsiyadan so‘ng bo‘ladigan logopedik ta’sir muddatining cho‘zilishi va yana bir qator sabablar operatsiyadan keyin bo‘ladigan logopedik ta’sir muddatlarini qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirdi hamda logopedik ishlarning operatsiyagacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladigan qulay, samarali usullarni izlashga da’vat qildi. Rinolaliyadagi nutq nuqsonini nafaqat tanglay yoriqligini mavjudligi bilan, og‘iz bo‘shlig‘ida tilning noto‘g‘ri rinolaliya holati va butun artikulyatsion apparat muskullari harakati munosabati buzilishi bilan izohlanishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, shu narsani taxmin qilish mumkinki, keyingi ikki nuqson (og‘iz bo‘shlig‘ida tilning noto‘g‘ri holati va artikulyatsion apparat muskullari orasidagi o‘zaro munosabatning buzilishi) kompensatsiyasi operatsiyagacha amalga oshirilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, nutqning yaxshilanishi uchun zamin yaratadi. Shunday qilib, operatsiyagacha bo‘lgan davrda ham to‘g‘ri nutqning shakllanishiga asos yaratish mumkin. Operatsiyagacha bo‘lgan davrda logopedik ta’sir tadbirlari psixologik o‘ziga xoslikka ega bo‘lgan bemorlarda anatomik nuqson mavjud bo‘lgan sharoitlarda amalga oshiriladi. Shuning uchun ham logopedik ishlarda to‘g‘rinolaliya tG‘g‘ri nutqni shakllantirish va shaxs rivojlanishining korreksiyasi inobatga olinadi.
Rinolalikda to‘g‘ri nutqni shakllantirish (to‘g‘ri talaffuz ustida ishlash) og‘izdan nafas olishni tarbiyalash bilan bir vaqtda nutq tovushlarining to‘laqonli artikulyatsiyasini yaratish jarayonida amalga oshiriladi.
A.G. Ippalitova metodikasiga ko‘ra logopedik ta’sir ko‘rsatish jarayoni ikki davrga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |