Mimika. Ma’ruza o`qilayotganda yuz ko`zlar harakati,holati mavzuni o`quvchilarga yetkazishda muhim vosita hisoblanadi.Yuz va ko`z harakati holatiningqanday bo`lishi mavzuni belgilaydi.Agar mavzuda shodlik, quvonch,faxr ma’nolari ifodalansa, yuz va ko`zda shunga monand ifoda bo`lmog`I zarur.Mavzuda g`am ,alam ,iztirob mazmuni mavjud bo`lsa, yuz va ko`z ifodasi ana shu mazmunga monand bo`lmog`i kerak. Ana shu vositalardan unumli foydalangan muallim ma’ruzasi ta’sirli, qiziqarli bo`lib eng muhimi,mavzuni o`quvchilarga ehtirosli tarzda yetib borishiga yo`l ochadi.
Adabiyot fani o`qituvchisiga qo`yiladigan talablar yanada o`zgacha bo`ladi. Chunki adabiyot darslarida she`rlar o`qiladi.Adabiyot muallimi ma’ruza jarayonida she’rlarni yod o`qishi zarur.Shuningdek she’rlar badiiy o`qish darajasida o`qilmog`i kerak.
She’rni shunchaki yod o`qish emas,balki badiiy o`qish darajasida o`qish adabiyot muallimi ma’ruzasiga qo`yiladigan muhim talablardan biri. Chunki bu xususiyat o`zbekning qadriyatlariga bog`liq xususiyatdir. Bobomiz Amir Temur nasr va nazmni zo`r o`qiydigan kishi bo`lgan. Bu haqida Alisher Navoiy shunday yozgan: “Agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andog` xo`b mahal va mavqida o`qibturlarkim, aningdek bir bayt o`qig`on ming yaxshi bayt aytkoncha bor”.
Adabiyot muallimlari ma’ruza o`qish jarayonida barmoq, aruz, erkin she’r tizimidagi she`rlarni o`qishiga to`g`ri keladi. Ularga qiyinchilik tug`diradigan narsa bu aruz she`r tizimidagi matnlarni badiiy o`qiy olmaslikdir.Buning sabablaridan biri aruz she`r tizimi qonuniyatlarining murakkabligi bo`lsa, ikkinchisi , bu tizimdagi she’rlarni badiiy o`qish borasida nazariy va uslubiy adabiyotlarning yo`qligidir.
Aruz she’r tizimidagi matnlarni o`qishda quyidagilarga amal qilish lozim.
Aruz she`r tizimidagi materiallar o`qilayotganda , bir tuvushning o`zi misra yoki bayt tarkibida turli cho`ziqlikda o`qilishi mumkin.Masalan Muqimiyning “Navbahor” g`azalidagi matla’ni olib ko`raylik:
Navbahor ochildi gullar / sabza bo`ldi bog`lar/
Suhbat aylaylik kelinglar/jo`ralar o`rtoqlar/.
Bayt tarkibidagi “Navbhor” so`zidagi “o” unlisi odatdagidek talaffuz qilinsa, “ochildi”so`zidagi “o” unlisi avvalgisiga nisbatan bir marta ortiq cho`ziq talaffuz qilinadi.G`azal qofiyasidagi “o” unlisi unlisi esa birinchi “o”ga nisbatan ikki marta cho`ziq talaffuz qilinadi.
Vazn talabiga ko`ra faqat “bog`lar”, “o`rtoqlar”so`zlaridagina emas, g`azaldagi barcha qofiya bo`layotgan so`zlardagi “o” unlisi ana shu cho`ziqlikda talaffuz qilinadi.Mazkur matla’ni vazn talabida o`qish uchun “jo`ralar” so`zidagi “o`” tovushi ham , “ochildi” so`zidagi “o” unlisi darajasida cho`ziq o`qiladi.
Bayon qilingan shartlarni bajargan muallim matla’ni vazn talabiga ko`ra to`g`ri o`qigan bo`ladi.Bu endi ifodali o`qish hisoblanadi.Baytni badiiy o`qish uchun quyidagi shartlarni ham amalga oshirishi kerak.
Ovozda bahor kelganidan mamnunlik, quvonch tuyg`ulari ifodalanib,yuz va ko`zda shodlik ifodasi berilishi kerak.O`quvchilar “sabza” so`zini tushunmasliklari mumkin . Muallim bu so`z “ ko`kardi”, yam-yashil bo`ldi ma’nolarini berishini aytadi. “gullar”, “kelinglar” so`zlaridan keyin , misralar oxirida pauza qilinadi. Muallim qo`li bilan deraza ortidagi “ochilgan gullar” ni , “sabza bo`ldgan bog`lar” ni ko`rsatadi.O`zini tinglayotgano`quvchilarni qo`li bilan , ovozi bilan suhbatga chorlaydi.Ana endi bayt o`qilishi badiiy o`qishga aylanadi.
Aruz matnlarini o`qishda so`z tarkibida ikki undosh yonma-yon kelsa, uning oldidagi unli cho`ziq o`qiladi.Navoiyda shunday bayt bor:
Jonda qo`ygach naqd ishqing qildi ko`nglumni halok,
O`lturur mahramni sulton ganji pinhon aylagach.
Baytni to`g`rio`qish uchun “naqd”, “ganj” so`zlaridagi “a” unlisi cho`ziq o`qilishi kerak.
Aruz she`r tizimiga oid matnlar o`qilayotganda, vazn talabiga ko`ra bir so`zning ma’lum bo`g`inlari avvalgi ruknda qolib, qolgan qismi keying ruknga qo`shib o`qiladi.Masalan:
Xush bu muhfilda tiriklik ulfatu ahbob ila,
O`ynashib gohi tabiatni qilaylik chog`lar.
Ikkinchi misradagi “tabiatni” so`zi o`qilishida “tabi-atni” shaklida bo`ladi.Vazn talabiga ko`ra , “tabi” qismi oldidagi ruknga , “atni qismi keying ruknga qo`shib o`qiladi.
Zulm ila qahru g`azab izhor qilmoq shunchalar,
Oshig`i bechoraga ozor bermoq shunchalar.
Mazkur bayt o`qilishida “zulm”, “ila” so`zlari alohida o`qilsa, vazn buziladi.Baytni to`g`ri o`qish uchun “zulm” so`zidagi “m” undoshi “ila” so`ziga qo`shib o`qiladi: zul/mila.
Matnda tutuq belgisi bo`lsa,undan avvalgi unli cho`ziq o`qiladi.Buning sababi shuki,biz o`qiyotgan she`rlar arab yozuvida yozilgan.Arab alifbosida “ayn” harfi bor.Bugungi yozuvda bu harf yo`q. Shuning uchun “ayn” o`rniga tutuq belgisi qo`yilgan.Matnda “ng” tovushi kelsa, “n-g” tarzida bo`lib o`qish vaznni buzadi.Uni bir tovush tarzida o`qimoq kerak.
Istadim sayr aylamakni men g`azal bo`stonida ,
Kulmangiz ne bor senga deb mir Alisher yonida.
Baytda “yurmangiz”, “senga” so`zlaridagi “ng” harfi bir tovush tarzida o`qilmog`I lozim.
Xulosa o`rnida shuni aytish kerakki, u xoh adabiyot muallimi bo`lsin ,xoh boshqa fan o`qituvchisi , qaysi soha vakili bo`lishidan qat’iy nazar notiqlik san’atini puxta egallagan bo`lsa, o`z faoliyati davomida har qanday to`siqni yangib o`ta oladi. Bundan tashqari kelajak avlodlarni o`z ortidan ergashtirib, o`z fikrini chiroyli nutq orqali ifoda eta oladigan komil inson bo`lib yetishishlarida kamarbasta bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |