4.Mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmatining vazifalari Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati to‘g‘risida
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (keyingi o‘rinlarda “davlat organlari” deb ataladi) yuridik xizmati faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Davlat organining yuridik xizmati — davlat organining faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy bo‘linma yoki lavozim.
Yuridik xizmat bevosita davlat organining rahbariga bo‘ysunadi.
Yuridik xizmat yuridik departament, yuridik boshqarma, yuridik bo‘lim, yuridik byuro shaklida tashkil qilinishi yoxud bitta shtatdan iborat bosh yuriskonsult, yetakchi yuriskonsult, katta yuriskonsult yoki yuriskonsult bo‘lishi mumkin.
Yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarini qisqartirishga yoxud ularni davlat organining boshqa tarkibiy bo‘linmalariga qayta taqsimlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 23-son, 302-modda)
3. Davlat organining yuridik xizmati o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Davlat organining yuridik xizmati xodimi yoxud yuriskonsult lavozimida oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs ishlashi mumkin.
Davlat organining yuridik xizmati boshlig‘i lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga va kamida ikki yillik yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanadi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 23-son, 302-modda)
Yuridik xizmat xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslar belgilangan tartibda adliya organlarida satijirovkadan o‘tadilar.
Adliya organlarida stajirovkadan o‘tish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 23-son, 302-modda)
5. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadilar hamda tegishli hokimga va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hisob beradilar.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari lavozimga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda tayinlanadilar hamda tegishli hokimga va hududiy adliya organiga hisob beradilar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 268-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 37-son, 429-modda)
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimi lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodlarni adliya organlari bilan kelishish tartibi, shuningdek adliya organlariga taqdim etiladigan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimlari tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot shakli, uni taqdim etish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
6. Davlat organida yuriskonsult yordamchisi lavozimi joriy etilishi mumkin.
Yuriskonsult yordamchisi lavozimida oliy yoki o‘rta maxsus yuridik ma’lumotli shaxs, shuningdek “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistratura tinglovchisi ishlashi mumkin.
7. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar yuridik xizmat xodimi, yuriskonsult yordamchisi lavozimida ishlashi mumkin emas.
8. Yuridik xizmat xodimlari umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat birlashmalari tuzishlari mumkin.
II. Yuridik xizmatning vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar davlat organi yuridik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) davlat organining huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatida bevosita qatnashish;
2) normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritish;
3) davlat organi xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirishda, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va mohiyatini ularga yetkazishda qatnashish;
4) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga ko‘maklashish;
5) davlat organining shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritishda qatnashish;
6) sudlarda va boshqa idoralarda davlat organining mulkiy va boshqa manfaatlarini himoya qilish.
10. Davlat organining yuridik xizmati o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash amaliyoti va huquqiy madaniyatni oshirish sohasida:
a) davlat organining huquq ijodkorligi faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida amalga oshirilishi va bajarilishini nazorat qilishda qatnashadi;
b) davlat organi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda qatnashadi;
v) davlat organining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va davlat ro‘yxatiga olish uchun yuborishda qatnashadi;
g) ekspertizadan o‘tkazish va davlat organi bilan kelishish uchun taqdim etilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi yuzasidan huquqiy xulosalar tayyorlaydi;
(10-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 23-son, 302-modda)
d) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, ularga viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli tarkibiy bo‘linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
e) davlat organi faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;
j) davlat organiga kelib tushgan va davlat organining o‘zi tomonidan chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritadi, ularning saqlanishini va nazorat qilinishini ta’minlaydi;
z) davlat organining normativ-huquqiy hujjatlar fondini to‘ldirish, shu jumladan fondni kodekslar, qonunlar, sharhlar, axborotnomalar va boshqa huquqiy nashrlar bilan butlash choralarini ko‘radi, davlat organi rahbariyatiga huquqiy nashrlarga obuna bo‘lish haqida takliflar kiritadi;
i) davlat organi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari to‘plamlarini nashr etishga tayyorlaydi;
k) davlat organi rahbariyati uchun qonunchilik masalalari bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;
l) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, ushbu tadbirlarni o‘tkazishda qatnashadi;
m) davlat organi faoliyatiga tegishli qonunchilikni targ‘ib qilish ishlarini amalga oshiradi;
n) davlat organi xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ularga davlat organi faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishga ko‘maklashadi, zarur hollarda ularning qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
2) davlat organi faoliyatida qonuniylikni ta’minlash sohasida:
a) davlat organida va uning tizimiga kiruvchi bo‘linmalarda qonun buzilishlarini, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida takliflar kiritadi, zarur hollarda ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda qatnashadi;
b) davlat organi rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli bo‘linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
v) mustaqil ravishda yoki boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda davlat organining buyruqlari, farmoyishlari va huquqiy tusdagi boshqa hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
g) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarning huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganadi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va rahbariyatga kiritadi;
d) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarda mulk saqlanishi ta’minlanishining huquqiy mexanizmlarini tashkil qiladi;
e) davlat organining boshqa bo‘linmalari bilan birgalikda davlat organi, uning tizimiga kiradigan bo‘linmalar va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikning buzilishi ko‘rsatilgan arizalar, shikoyatlar va boshqa murojaatlarni ko‘rib chiqadi;
j) davlat organida boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat organi tizimiga kiradigan bo‘linmalar va ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;
z) davlat organida mehnat haqidagi qonunga rioya etilishini ta’minlashda, shu jumladan mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoaviy shartnoma, jamoaviy bitim va boshqalarni) ishlab chiqishda qatnashadi, ushbu hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;
3) shartnomaviy-huquqiy, talabnoma-da’vo ishlari va huquqiy himoya qilish sohasida:
a) boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda davlat organi tomonidan shartnomalar tayyorlanishi va tuzish ishlarida qatnashadi, ularning qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi hamda shartnomalar loyihalariga, agar e’tiroz va takliflari bo‘lmasa, viza qo‘yadi. Bunda loyihalarga yuridik xizmat tomonidan davlat organining boshqa vakolatli tarkibiy bo‘linmalaridan (xodimlaridan) keyin viza qo‘yiladi;
b) qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining ikki yuz baravaridan ortiq summadagi shartnomalarning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan yozma xulosalarni tayyorlaydi va imzolaydi;
v) shartnomalarni tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
g) davlat organi tomonidan tuzilgan shartnomalarni zarur darajada bajarish bo‘yicha takliflar kiritadi, shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;
d) davlat organining manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha talabnomalar tayyorlashda va davlat organiga nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko‘rib chiqishda qatnashadi, davlat organida talabnomalar bildirish va ularni ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
e) tegishli bo‘linmalar bilan birgalikda davlat organining debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o‘rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko‘radi;
j) shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan da’vo ishlarini olib boradi;
z) davlat organining mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda hamda belgilangan tartibda sud majlislarida qatnashadi;
4) boshqa sohalarda:
a) davlat organi tizimiga kiradigan bo‘linmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko‘rsatadi, yuridik xizmat faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyanomalar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqadi;
b) qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni, sud amaliyotini, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ishlarga taalluqli ko‘rsatmalarini davlat organi tizimiga kiradigan bo‘linmalarga yetkazadi;
v) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
11. Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati mazkur organning normativ tusdagi qarorlari loyihalarining hududiy adliya organlariga kiritilishini ta’minlaydi.
12. Yuridik xizmatga ushbu Nizomda yoki boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
III. Yuridik xizmatning huquq va majburiyatlari
13. Davlat organining yuridik xizmati quyidagi huquqlarga ega:
a) davlat organiga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanishish, xizmatda foydalanish va ularning tizimlashtirilgan hisobini yuritish uchun birinchi navbatda olish;
b) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarning mansabdor shaxslaridan yuridik xizmatga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni olish;
v) rahbariyat tomonidan chaqiriladigan huquqiy masalalarga tegishli yig‘ilishlar, kengashlar va majlislarda qatnashish;
g) rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra yoki tegishli bo‘linma rahbarining roziligi bilan ularning xodimlarini normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun, huquqiy ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
d) qonunchilikka zid bo‘lgan, qonunchilik texnikasi talablariga javob bermaydigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ijrochilariga puxta ishlash uchun qaytarish, o‘z e’tirozlarini asoslagan holda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida huquqiy xulosalar berish, rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda ushbu loyihalarni puxta ishlashda qatnashish;
e) davlat organi tizimiga kiradigan bo‘linmalarda davlat organi vakolatga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi masalalarini o‘rganish;
j) davlat organi va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarning qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlamayotgan yoxud ularni buzayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish haqida rahbariyatga takliflar kiritish;
z) davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarda yoki davlat organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlar, taftishlar va xatlovlarda, shuningdek ularning yakunlari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda qatnashish hamda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqiy xulosalar berish.
Yuridik xizmat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14. Yuridik xizmat xodimi:
unga ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida yuklangan vazifalarni zarur darajada va samarali bajarishi;
davlat organida va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalarda qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi to‘g‘risida zudlik bilan rahbariyatga xabar berishi;
belgilangan tartibda va muddatlarda malaka oshirishi va attestatsiyadan o‘tishi shart.
Yuridik xizmat xodimi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
IV. Yuridik xizmat xodimining javobgarligi
15. Yuridik xizmat xodimi o‘zi viza qo‘ygan hujjatlar loyihalarining va o‘zi bergan xulosalarning qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi.
16. Yuridik xizmat xodimi o‘z vazifalari va funksiyalari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
V. Ushbu Nizomning bajarilishini nazorat qilish
17. Ushbu Nizomga rioya etilishini nazorat qilish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Adliya organlari o‘z vakolatlari doirasida ushbu Nizom va yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablarining yuridik xizmat xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan buzilishining aniqlangan holatlarini bartaraf etishga, shuningdek aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortishga yo‘naltirilgan choralarni ko‘radi.
Adliya organlari yuridik xizmat faoliyatiga tegishli hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni davlat organlaridan so‘rab olish huquqiga ega.
18. Adliya organlari:
davlat organlarida huquqiy ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularni yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;
har chorakda davlat organlaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, umumlashtirish ma’lumotlarini o‘rganadi va davlat organlarining yuridik xizmatlariga ko‘rsatmalar beradi, shuningdek ularni tayyorlash davomida yo‘l qo‘yilgan aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan metodik yordam ko‘rsatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
1.Karimov I. A. O`zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. T. 1. – T.: O`zbekiston, 1996. – 364 b.
2.Karimov I. A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. T. 2. – T.: O`zbekiston, 1996. – 380 b.
3.Karimov I. A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. T. 3. – T.: O`zbekiston, 1996. – 366 b.
4.Karimov I. A. Bunyodkorlik yo`lidan. T. 4. – T.: O`zbekiston, 1996. – 394 b.
5.Karimov I. A. Yangicha fikrlash va ishlash – davr talabi. T. 5. – T.: O`zbekiston, 1997. – 384 b.
6.Karimov I. A. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo`lida. T. 6. – T.: O`zbekiston, 1998. – 429 b.
7.Karimov I. A. Biz kelajagimizni o`z qo`limiz bilan quramiz. T. 7. – T.: O`zbekiston, 1999. – 413 b.
8.Karimov I. A. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot pirovard maqsadimiz. T. 8. – T.: O`zbekiston, 2000. – 525 b.
10.Karimov I. A. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas`ulmiz. T. 9. – T.:
www.ziyonet.uz