2. Yuridik xizmat xodimlarining lavozimlarini egallash tartibi
O`zbekiston Respublikasida yuridik xizmat muayyan tizimga ega bo`lganligi tufayli yuridik xizmat xodimlari lavozimlarini egallash tartibi va ularga qo`yiladigan talablar bir-biridan tubdan farq qiladi. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yuridik xizmatining xodimi “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni to`g`risida”gi Nizomga muvofiq Qonunchilik palatasi Spikerining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yuridik xizmatining xodimi “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni to`g`risida”gi Nizomga muvofiq Senat raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik xizmatining xodimlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Apparatining Yuridik bo`limi to`g`risida»gi Nizomda to`liq o`z ifodasini topmagan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Senati hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik xizmatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning birortasida ham yuridik xizmat xodimi lavozimiga qo`yiladigan talablar belgilab qo`yilmagan.
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari apparati tuzilmasidagi yuriskonsultlarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibini belgilab beruvchi maxsus normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Shuning uchun ularning yuriskonsultlari umumiy qoidadan kelib chiqqan holda tegishli hokimning buyrug`i bilan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tuman va shahar hokimliklari apparati tuzilmasidagi yuriskonsultlarni lavozimiga tayinlash tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24 apreldagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ”Xo`jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish to`g`risida ”gi 1998 yil 4 martdagi PF-1938-son Farmonining bajarilishini ta`minlash chora-tadbirlari haqida”gi 177-sonli qarori bilan belgilab qo`yilgan. Unga ko`ra tuman va shahar hokimlari apparati tuzilmasidagi yuriskonsultlar lavozimiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda tegishli hokimlar tomonidan tayinlanadi. Biroq mazkur normativ-huquqiy hujjatda tuman va shahar hokimlari apparati tuzilmasidagi yuriskonsultlarni lavozimdan ozod etish tartibi belgilab qo`yilmagan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 martdagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalardagi yuridik xizmat to`g`risida”gi Nizomga muvofiq oliy yuridik ma`lumotga ega bo`lgan shaxs boshqaruv organlarida va mulkchilik shaklidan qat`i nazar korxonalarda yuriskonsult bo`lib ishlashi mumkin va ular bu lavozimga tegishli boshqaruv organlari va korxonalar rahbarlari tomonidan tayinlanadilar. Vazirlik, davlat qo`mitasi, idora va respublikaning boshqa boshqaruv organi yuridik bo`linmasining boshlig`i yoki yuriskonsult lavozimini egallash uchun kamida 5 yillik yuriskonsult ish stajiga ega bo`lish zarur.
Amaldagi qonunchilikka ko`ra davlat boshqaruv organlari va korxonalar, yosh mutaxassislar va homilador ayollardan tashqari, barcha yuridik xizmat xodimlarini 5 yilda bir marta O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga qayta tayyorlash va attestatsiyadan o`tkazish uchun yuborishga majburdirlar.
Yuridik xizmat xodimi attestatsiyadan o`ta olmasa, u 6 oy muddatdan so`ng yana qayta tayyorlash va attestatsiyadan o`tish uchun yuborilishi mumkin. Agar yuridik xizmat xodimi attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo`lsa, u Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari komissiyalarining qarorlari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga shikoyat qilish huquqiga ega.
Xo`jalik boshqaruvi organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining lavozimlarini egallash tartibi ularning ichki hujjatlari bilan o`rnatiladi. Ular o`zlarining ichki hujjatlarini ishlab chiqishda “O`zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalardagi yuridik xizmat to`g`risida”gi Nizomdan namuna sifatida foydalanishlari mumkin.