Yuridik shaxsning huquq layoqati va muomala layoqati
Yuridik shaxs oʻz faoliyatida oʻz ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega boʻladi. Tashkilotlar bilan fuqarolar oʻrtasidagi huquq layoqatining hajmida farq boʻlishi mutlaqo tabiiydir. Tashkilotlar fuqarolarga nisbatan belgilangan birmuncha huquq va majburiyatlarga ega boʻla olmaydilar. Bundan tashqari, vujudga kelish vaqtida ham fuqarolarning huquq va muomala layoqatidan yuridik shaxslarniki farqlanadi. Yuridik shaxslarning huquq va
muomala layoqati bir vaqtda roʻyxatdan oʻtishi bilan vujudga keladi.
Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonun hujjatlari bilan belgilanadi (FK, 41-modda). Aynan ushbu holat yuridik shaxslarning huquq va muomala layoqati doirasini kengaytirib, istalgan qonuniy harakatni amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Yuridik shaxs hisoblangan tashkilot yoki korxona qatnashadigan munosabatlarning doirasi uning tashkil qilinish maqsadlari bilan hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarning harakteri bilan belgilanadi. Yuridik shaxslarning huquq va muomala layoqati ikki turga: umumiy (universal) va maxsus huquq layoqatiga boʻlinadi. Qonunda taqiqlanmagan istalgan faoliyatni amalga oshirish yuridik shaxsga umumiy (universal) huquq layoqatini beradi. Bu layoqat bilan yuridik shaxs oʻz faoliyat doirasining barchasini ta’sis hujjatlarida sanab oʻtishi shart boʻlmaydi. Aksincha, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan shugʻullanish mumkinligi haqidagi ta’sis hujjatidagi havolaning oʻzi faoliyat doirasining keng ekanligidan dalolat beradi. Maxsus huquq layoqatida esa yuridik shaxs oʻz faoliyatini ta’sis hujjatida nazarda tutilgan maqsadga muvofiq shugʻullanishi nazarda tutiladi. Shunday qilib, yuridik shaxsning huquq layoqati, unga maxsus yuklangan vazifalar bilan belgilanadi (maxsus huquq layoqati). Yuridik shaxs qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shugʻullanishi mumkin. Masalan, neft, neft mahsulotlari va gaz qazib chiqarish, ularni qayta ishlash va sotish faoliyati. Fuqarolik huquqida fuqarolardan farqli oʻlaroq, yuridik shaxslarning huquq layoqatida tenglik mavjud emas, ularning har qaysi turi uchun har xil. U muayyan yuridik shaxsning paydo boʻlishida, uning ish maqsadlariga qarab, qonun, ustav yoki nizomlarida belgilanadi.
Yuridik shaxslarning muomala layoqati huquq layoqati bilan bir vaqtda vujudga keladi. Shu bilan birga, yuridik shaxslarni muomalaga layoqatsiz deb topish mumkin emas. Yuridik shaxsning muomala layoqati oʻz nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda harakat qilishi, ya’ni bitimlar tuzish, majburiyatlarga ega boʻlish va uni bajarish, da’vogar hamda javobgar boʻlish layoqatidir.
Yuridik shaxs oʻz ta’sis hujjatlari (ustavi, nizomi yoki ta’sis shartnomasi) asosida harakat qiladi. Yuridik shaxsning huquq layoqati, uning ta’sis hujjati tasdiqlangan paytdan boshlab yoxud tegishli vakolatli idora ushbu yuridik shaxsni tashkil etish haqida qaror chiqargandan keyin vujudga keladi. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi (FK, 44-modda, 4-qism).
Yuridik shaxsning huquq va muomala layoqati uning qonun, ustav
yoki nizom boʻyicha belgilangan vakolatlar doirasida harakat qiluvchi oʻz organlari orqali amalga oshiriladi hamda fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻladi. Yuridik shaxslarning organlari korporativ boshqaruvning taqsimlanishiga qarab, bir, ikki yoki uch boʻgʻinli boʻlishi mumkin. Masalan, xususiy korxonalarda bir boʻgʻinli, shirkat xoʻjaligida ta’sis hujjatiga qarab bir yoki ikki boʻgʻinli, jamoat fondlari, oilaviy korxonalarda ikki boʻgʻinli, MChJ, QMJda ikki yoki uch boʻgʻinli, AJda uch boʻgʻinli boshqaruv mavjud.
Yuridik shaxsning tashkiliy jihatdan tuzilishi (strukturasi)ni koʻrsatadigan ustavi yoki ta’sis shartnomasi boʻlishi kerak. Ba’zi davlat muassasalari va davlat budjetida boʻlgan boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa tashkilotlar ham alohida Nizomga ega boʻlmay, mazkur turdagi tashkilotlar haqidagi umumiy (namunaviy) ustav (nizom) asosida ish olib borishlari mumkin. Ta’sis shartnomasi va ustav bir-biridan farqlanadi. Ta’sis shartnomasi ikki yoki undan ortiq ta’sischilar tomonidan tuzilsa, ustav mulkdor yoki ishtirokchilar umumiy yigʻilishida tasdiqlanib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Amaldagi qonun hujjatlarida ustav va ta’sis shartnomasi ta’sis hujjati sifatida turli yuridik shaxslarda turlicha ekanligi ayon boʻladi. Masalan, xoʻjalik shirkatlarida faqat ta’sis shartnomasi, mas’ulyati cheklangan jamiyat, qoʻshimcha mas’ulyatli jamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlarida ustav va ta’sis shartnomasi, xususiy korxona, aksiyadorlik jamiyati va davlat korxonalarida ustav ta’sis hujjati hisoblanadi.
Ta’sis shartnomalarida yuridik shaxs turidan kelib chiqib, umumiy holda ta’sis etilayotgan yuridik shaxsning turi, firma nomi va pochta manzili, uning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddatlari, vakolatxonalari va filiallari, ularni tuzish tartibi, muassislarning (ishtirokchilarning) tarkibi, har bir ishtirokchi ulushining miqdori va nominal qiymati, hissalarining tarkibi, ularni kiritish muddatlari va tartibi, ustav fondining miqdori va uni hosil qilish tartibi, uni koʻpaytirish va kamaytirish tartibi, faoliyatni boshqarish tartibi, foydani taqsimlash va zararni qoplash tartibi, qayta tashkil etish va tugatish tartibi, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar oʻz ifodasini topadi.
Yuqoridagilardan tashqari, har bir yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan kelib chiqib, oʻziga xos ma’lumotlar ham boʻladi. Bunday ma’lumotlar maxsus qonun hujjatlarida belgilangan boʻladi. Masalan, aksiyadorlik jamiyatlarida emissiya qilinayotgan aksiyalar va ular bilan bogʻliq ma’lumotlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |