LIMFA TOMIRLARI
Limfa sistemasi dastlab umurtqalilarda paydo bo’lib, sut emizuvchilarda eng yuqori darajada takomillashgan bo’ladi. To’qimalarda limfa tomirlari bir uchi berk naychalar shaklida boshlanadi va ular o’zaro tutashib limfa kapillyarlari to’rini hosil qiladi. Kapillyarlar a’zo ichidagi limfa tomirlariga aylanadi, bular esa, o’z navbatida qo’shilib, a’zodan limfa suyuqligini olib ketuvchi tomirlarni hosil qiladi. Barcha a’zolardan chiqqan limfa tomirlari o’zaro qo’shilib borib, nihoyat ikkita yirik limfa tomirini hosil qiladi. Ular esa yirik venalarga ochiladi. Limfa tomirlari sistemasining vazifasi modda almashinuvi mahsulotlarini saqlovchi to’qima suyuqligi-ni barcha to’qimalardan olib chiqishdan iborat.
Limfa kapillyarlari tuzilishi bo’yicha qon kapillyarlariga o’xshasada, bir qator farq qiladigan xususiyatlari ham bor. Limfa kapillyarlari qon kapillyarlaridan keng bo’lib, bir uchi berk naychalar shaklida boshlanadi. Ularning devori bir qavat endoteliy hujayralaridan iborat bo’lib, ular qon kapillyarlarining endoteliy hujayralaridan bir necha marta kattadir. Shu bilan birga limfa kapillyarlari endoteliy hujayralarining ultrastrukturasi birmuncha farq qiladi. Jumladan, limfa kapillyarlarining endoteliy hujayralarining mitoxondriyalari qon kapillyarlarinikiga nisbatan yirikroq va sitoplazmada bir tekis joylashadi. Endoplazmatik to’r, mikropinotsitoz pufakchalari ancha kam uchraydi. Limfa kapillyarlarining endoteliy hujayralari sitoplazmasining elektron zichligi qon kapillyarlarinikiga nisbatan kamroq. Limfa kapillyarlari endoteliy hujayralari plazmolemmasining ichki yuzasi silliq, juda oz sitoplazmatik o’simtalarga ega (131-rasm).
Limfa kapillyarlarida bazal membrana va peritsitlar bo’lmaydi. Shu sababli limfa kapillyarlari endoteliysi biriktiruvchi to’qimaning oraliq asosiy moddasiga bevosita tutashadi. Limfa kapillyarlari devori tuzilishining xususiyatlari ularning drenajlash funksiyasiga nihoyatda mos keladi.
131- rasm. Limfa kapillyarlarining elektron mikrofotografiyasi (me’da osti bezidan olingan).
X.28.000.
1 – endoteliy hujayrasining sitoplazmasi; 2 – endogeliy hujayralarining tutashgan joyi; 3 – limfa kapillyarining teshigi; 4 – kollagen tolalar .
Limfa tomirlarini kichik, o’rta va yirik tomirlarga bo’lish qabul qilingan. Limfa tomirlari tuzilishi bo’ycha venalarga o’xshaydi. Ularning o’xshashligi limfa tomirida va venada qon oqish sharoitlari bir xil bo’lishi bilan bog’liqdir. Limfa tomirlari ham venalar kabi mushakli va mushaksiz bo’lishi mumkin. Mayda limfa tomirlari (30–40 mkm) asosan a’zolar ichidagi tomirlar bo’lib, ularda mushak elementlari bo’lmaydi, devori endoteliydan va biriktiruvchi to’qimadan iborat pardadan iborat. O’rta va yirik limfa tomirlari (0,2 mkm dan katta) devorida uch qavat farq qilinadi. Ichki qavatida endoteliy hamda elastik va kollagen tolalaridan iborat endoteliy osti qavati, hamda unchalik yaxshi ifodalanmagan ichki elastik membrana farq qilinadi. Ichki qavat klapanlar hosil qiladi. Klapanlarning asosini biriktiruvchi to`qima tashkil etib, yuzasi bir qavat endoteliy hujayralari bilan qoplanadi (132-rasm). O’rta qavat aylana va qiyshiq yo’nalishdagi silliq mushak hujayralari, shuningdek, kollagen va elastik tolalardan tuzilgan. Tananing pastki qismida joylashgan limfa tomirlarida bu qavat yaxshi taraqqiy etgan bo’ladi. Adventitsiya qavati biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan bo’lib, unda uzunasiga yo’nalgan silliq mushak hujayralarining tutamlari uchraydi.
Ko’krak limfa yo’li yirik limfa tomiri bo’lib, uning devorida ham uch qavat tafovut qilinadi. Har uchala qavatda ham silliq mushak hujayralari borligi kuzatiladi. Ichki qavat endoteliy hamda endoteliy osti qavatlaridan iborat. Endoteliy osti qavati biriktiruvchi to’qimadan iborat bo’lib, undagi mushak hujayralari bo’ylama yo’nalgan. Ichki elastik membrana o’rnida nozik elastik tolalar to’ri joylashadi.
132-rasm. Limfa tomirining elektron mikrofotografiyalar (gipofizdan tayyorlangan).X 4000.
1 – endoteliy hujayrasi; 2 – klapanlar; 3 – limfa tomirining teshigi.
O’rta qavat sust taraqqiy etgan bo’lib, aylanasiga yo’nalgan silliq mushak hujayralari va elastik tolalar tutamlaridan tuzilgan.
Tashqi qavat biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan va unda bo’ylama yo’nalgan silliq mushak hujayralarining yaxshigina rivojlangan tutamlari yotadi. Tashqi qavat eng qalin qavat bo’lib, ichki va o’rta qavatlar qalinligi yig’indisidan ham bir necha marta kattadir.
Barcha tomirlar devori tomirlarning tomirchalari (vasa vasorum) deb ataluvchi mayda tomirlardan oziqlanadi. Ular yirik tomirlarning adventitsiya qavatida joylashib, undan o’rta qavatga o’tadi. Ichki qavat shu tomir ichidan oqayotgan qondan oziqlanadi. Tomirlarning tomirchalari tomir atrofidagi biriktiruvchi to’qimadan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |