4. Xarakter tuzilishi va xususiyatlari
SHaxsning xarakteri tuzilishi turli xususiyatlarning tasodifiy yig‘indisidan iborat emas, balki o‘zaro bir-biriga bog‘liq, hatto tobe yaxlit tizimdan tarkib topadi. Xarakter xislatlarining muayyan qismida xabardor bo‘lishlik notanishlarni tashxis qilish imkoniyatini yaratadi. Misol uchun, shaxsning shuhratparastligi ma’lum bo‘lsa, uning dili (ko‘ngli) qoraligi yuzasidan taxmin qilish mumkin yoki inson kamtar, mo‘min, yuvosh xususiyatli bo‘lsa, albatta u ko‘ngilchan ekanligi ko‘nglimizga keladi.
Odatda psixik xususiyatlarning o‘zaro bog‘liq tizimi simptomokomplekslar (omillar) deyiladi. «Simptom» yunoncha symptoma belgi, mos tushish, «kompleks» lotincha, aloqa, majmua degan ma’no anglatadi. Misol uchun, qarama-qarshi simptomokomplekslar haqida mulohaza yuritilsa, u holda insonlarda bu tizim o‘ziga ishonish, o‘zidan mag‘rurlanish, maqtanchoqlik, o‘zbilarmonlik, urishqoqlik, keksaqlash kabilar birikmasida yuzaga keladi. Boshqa toifadagi shaxslar o‘zlarining kamtarinligi, ko‘ngilchanligi, iltifotliligi, dilkashligi, haqqoniyligi bilan ajralib turadilar. Voqelikka shaxsning bir xil munosabati xarakter xislatlarining o‘zaro bir-biriga bog‘liqligini bildiradi.
SHaxsning munosabatlarini aks ettiruvchi xarakter xislatlarini to‘rtta tizimga ajratish qonuniy holatga aylangan:
Jamoaga (guruhga) va ba’zi bir insonlarga nisbatan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar: yaxshilik, mehribonlik, talabchanlik, takabburlik va boshqalar.
Mehnatga nisbatan munosabatlarni mujassamlashtiruvchi xususiyatlar: mehnatsevarlik, dangasalik, vijdonlilik, mas’uliyatlilik, mas’uliyatsizlik kabilar.
Narsalarga nisbatan munosabatni aks ettiruvchi xususiyatlar: ozodalik, ifloslik, ayash, ayamaslik va hokazo.
SHaxsning o‘ziga nisbatan munosabatlarini ifodalovchi xislatlar: izzat-nafslilik, shuhratparastlik, mag‘rurlik, takabburlik, dimog‘dorlik, kamtarinlik, samimiylik va boshqalar.
SHartli ravishda qabul qilingan «shaxs va atrof-muhitdagi insonlar» simptomokompleksi o‘z tarkibiga nafaqat boshqa shaxslarga nisbatan munosabatlarni, balki o‘ziga qaratilgan munosabatlarni mujassamlashtiruvchi xislatlar ham kiradi, chunonchi, o‘ziga ishonch, o‘zbilarmonlik, o‘ziga bino qo‘yish, maqtanchoqlik yoki aksincha xususiyatlar shular jumlasidandir. SHunday qilib, "«shaxs va atrof-muhitdagi insonlar"» degan shartli nom berilgan xislatlar tizimi o‘zga kishilarga, jamoa (guruh) a’zolariga va o‘ziga nisbatan munosabatlarni ifodalovchi xususiyatlarni birlashtiradi. Turlicha munosabatlar o‘zaro bir-biriga bog‘langan tarzda muayyan tizimni tashkil qiladi, natijada «Men-Biz» munosabati o‘zaro o‘rin almashtirib turadi, ya’ni o‘ziga qaratilgan munosabat guruhiy xususiyat kasb etadi.
SHuning uchun shaxsning turlicha munosabatlari o‘zaro bog‘liqligi uning xarakteri tuzilishi xususiyatlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Umumiy va xususiy munosabatlar xarakter xislatlari bilan birlashgan holda muayyan ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu boisdan insonning xarakteri nisbatan butun, yaxlit xususiyatga ega. SHaxs munosabatlarining kelib chiqishiga asoslanib, ular markaziy (asosiy) va ularga tobe, hosilaviy munosabatlarga ajratiladi. SHaxsning markaziy (asosiy) munosabatlari ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanganligi tufayli, bunday munosabatlar hamisha ijtimoiy-tipik xususiyatga egadir. Masalan, ijobiy xislatlar mujassamlashgan shaxsning asosiy munosabatlari o‘zga odamlarga, jamoa (guruh)ga nisbatan munosabatlarida ifodalanadi. SHunday qilib, xarakter xislatlarining individual o‘ziga xosligi, betakrorligiga qaramay, uning tuzilishi negizida hamma vaqt shaxsning ijtimoiy-tipik markaziy (asosiy) munosabatlari yotadi.
Xarakterning tuzilishi qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda muhim tarbiyaviy xulosalar chiqarish mumkin. Xarakter xislatlarining ba’zi nuqsonlarini (qo‘pollik va yolg‘onchilikni) bartaraf qilish, uning ijobiy xususiyatlarini (xushfe’llik va haqqoniylikni) shakllantirish muddaosini rejalashtirilgan dasturda amalga oshirib bo‘lmaydi. CHunki insonlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni tarkib toptirmay turib, illatga qarshi kurashib, ijobiy fazilatni shakllantira olmaymiz. SHu narsa ma’lumki, shaxsda o‘zaro bir-biriga bog‘liq xususiyatlarning yaxlit bir tizimini tarkib toptirish mumkin, xolos. Mazkur jarayonda xususiyatlar tizimini shakllantirishning muhim shartlaridan biri-bu shaxsning markaziy (asosiy) munosabatlarini tarkib toptirishdan iboratdir.
SHaxs xarakterining yaxlitligi bus-butunligi mutlaq narsa emas, albatta, chunki insonning asosiy munosabatlaridan biri boshqa barcha munosabatlarni to‘la belgilay olgandagina xarakter mutlaq xususiyat kasb etadi. Lekin shaxsning munosabatlari ijtimoiy munosabatlarning aks ettirilishidan iboratligi tufayli uning munosabatlari bilan xarakter xislatlari o‘rtasida ziddiyat hukm suradi. Bunday xulosaga kelgan holda shaxsning xarakteri nisbiy jihatdan yaxlitdir deyishimiz mumkin, biroq uning bir butunligi ham individual, o‘ziga xos xususiyatga egadir. YAxlitlik nuqtai nazaridan qaraganda, turli qarama-qarshi xususiyatli shaxslar qarshiliklar oqibatida harakatlarda va inson xulqida shunday holat hosil bo‘ladi va ijtimoiy-axloqiy me’yorlar buzilishini yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatlarda harakatdagi kamchiliklar bilan kurashishning asosiy yo‘li – bu shaxs xarakteridagi qarama-qarshiliklarni engishga o‘rganishdir.
Xarakterning tuzilishi ba’zi xislatlarining o‘zaro bog‘liqligi bilan emas, balki uning yaxlitligiga mutanosib xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Xarakter tuzilishining qatoriga ularning chuqurlik darajasi kiradi va shaxsning asosiy munosabatlari bilan belgilanadi. Insonning boshqa odamlarga, jamoaga, mehnatga nisbatan fidoiy munosabatda bo‘lishini belgilovchi xususiyatlar chuqurroq xususiyatlar deyiladi. Mazkur mezonga qarab shaxslarning farqlanishini yuzaki tasavvur qilmaslik kerak, chunki insonga beriladigan tavsifnoma simptomokomplekslarni ta’kidlab o‘tish bilan cheklanmasligi lozim. Aks holda shaxsning psixologik qiyofasining tavsifnomasi: birinchidan, simptomokomplekslarni chuqurroq joylashtirishni, ikkinchidan, muayyan darajada chuqurroq mujassamlashtirishni, uchinchidan, bir oz yuzakiroq tizimni ajratishni taqozo qiladi.
Xarakter tuzilishi xususiyatlari jumlasiga faollik yoki xarakter kuchi kiritiladi va shunga asosan insonlar kuchli hamda kuchsiz xarakter turlariga ajratiladi. SHuningdek, xarakter tuzilishi xususiyatlari tarkibiga uning barqarorlik va o‘zgaruvchanlik darajasi ham kiritilgandir. Xarakterning barqarorligi ham, o‘zgaruvchanligi ham moslashishi faoliyatining zaruriy shartlaridan hisoblanadi. SHaxsning xarakter xususiyatlari turlicha turmush sharoitlarida, qarshilik qiluvchi vaziyatga uchrashiga qaramay, uning xatti-harakatlarini boshqaradi. SHu boisdan inson tashqi vaziyatga bog‘liq bo‘libgina qolmasdan, balki tashqi vaziyatni uning shaxsan o‘zi yaratadi, shuningdek, maqsadga muvofiqlashtiradi.
Bundan tashqari, shaxsning turmushdagi zaruriy sharoitlaridan biri - bu xarakterning muayyan darajada plastikligidir. Xarakterning plastikligi ikki xil ma’no kasb etadi. Xarakterning plastikligi uning barqarorligi singari muhitga faol ta’sir o‘tkazishning shartlaridan hisoblanadi. Ish-amallari maqsadga muvofiq va foydali kechishi uchun ular o‘zgaruvchan tashqi sharoitga moslashishlari lozim. Xarakterning plastikligi, mustahkamligi uni shakllantirishning zaruriy sharti sanaladi. Xarakterning barqarorligi, plastikligi o‘ziga xos individual xususiyatga ega bo‘lib, uni tuzilishining xislati sifatida mujassamlashadi.
Xarakter xususiyatlarining kuchi va barqarorliligi markaziy tizimga bog‘liqligiga binoan muayyan darajada shaxs munosabatlarining mazmuni bilan belgilanadi. Biroq ular munosabatlar mazmuniga bog‘liqligiga qaramay, ba’zan yuzaki xususiyatga ham ega bo‘ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |