Xamsanavislik an`anasining shakllanishi va tarqqiyotiga bir nazar.
Alisher Navoiy she`riyat sohasida ko’p mehnat qilib, she`riy asarlar yozgan va devonlar tuzgan bo’lsa-da, ammo bu ishlar uni qoniqtirmasdi.
Alisher Navoiy o’z qobiliyatining buyukligini namoyon etishda kichik she`riy nav`lar torlik qilajagini anglagach, u endi nazm sohasida o’zining dahosini namoyon etuvchi "vase` maydon"-keng maydonni izlaydi va, shoirning qayd qilganidek, masnaviy - doston ana shunday maqsadlarni amalga oshirish uchun muvofiq ekanligiga ishonch hosil qiladi. Shunisi ham borki, Alisher Navoiy buning uchun mumtoz adabiyotda yaratilgan alohida dostonlarni ham, dostonlar turkumi-xamsalarni ham chuqur o’rganib, bu sohada "xamsatayn"-ikki xamsa, ya`ni Nizomiy va Xusrav Dehlaviylar xamsalari an`anasiga murojaat etib, bu niyatni amalga oshirishga bel bog’laydi. Alisher Navoiy bu ishning og’irligini ham biladi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq…
Kerak sher ollida ham sheri jangi
Agar sher o’lmasa, bore palangi. (8-tom, 29)
Ammo uning ezgu niyati - o’zbek adabiyoti tarixida ham ana shunday asar-xamsa yozish orqali turkiy xalqlarni undan bahramand etish, turkiy-o’zbek tili imkoniyatlarining ulug’ligini namoyon etish hamda o’zining olijanob maqsad va buyuk orzularini ana shu asarda ifodalashdan iborat bo’lganidan bu ishni bajarishda duch kelishi mumkin bo’lgan qiyinchiliklardan qo’rqmadi, aksincha she`riyatning "sheri jangiysi" ekanini sharaf bilan ado etdi. Natijada, uning jahonga mashhur "Xamsa" si maydonga keldi.
Alisher Navoiyning "Xamsa"si buyuk beshlik tarzida shuhrat qozongan bo’lib, uning maydonga kelishi ham mavjud an`ana hamda zamonadagi badiiy-estetik talablar natijasi sifatida qaraladi.
Ma`lumki, xamsa yozish an`anasi islomiy sivilizatsiya tarqalgan o’lkalardagi uyg’onish davri mahsulidir. "Xamsa" yozishga birinchi bo’lib kirishgan ozarboyjonlik Nizomiy Ganjaviydir (1441-1209). U 1176-1204 yillar orasida fors tilida beshta doston yaratdi. Ularning birinchisi "Maxzan ul-asror" (1176-yilda yozilgan), ikkinchisi "Xusrav va Shirin" (1180-81 yilda yozilgan), uchinchisi "Layli va Majnun" (1188-89 yilda yozilgan), to’rtinchisi "Haft paykar" (1196-97 yilda yozilgan) va beshinchisi "Iskandarnoma" (1199-1204 yillarda yozilgan)dir. Bu asarlar Nizomiy tomonidan yagona-yaxlit nom bilan atalmaganidan keyinchalik ularni "Panj ganj" va "Xamsa" tarzida nomlash odat bo’lib qoldi.
Nizomiydan keyin uning "Panj ganji" uslubida dostonlar turkumini- Xamsani yaratgan shoir hindistonda tug’ilib, faoliyat ko’rsatgan vatandoshimiz Xusrav Dehlaviydir (1253-1325). Xusrav Dehlaviy 1299-1302 yillarda o’zining "Xamsa"sini fors tilida yozdi. Unda quyidagi dostonlar bor: "Matla` ul-anvor", "Shirin va Xusrav", "Majnun va Layli", "Oinai Iskandari", "Hasht bihisht". Nizomiy va Xusrav Dehlaviy asarlari o’zaro qiyoslansa, shu narsa aniq bo’ladiki, Xusrav Dehlaviy umumiy yo’nalish bo’yicha Nizomiy asari an`anasini davom ettirgan bo’lsa-da, ayrim yangiliklarni ham kiritgan. Buni ba`zi dostonlarni nomlashda va o’rnini almashtirganida kuzatish mumkin. Bu farqlar faqat qurilish-shakliy jihatdan yangilik kiritishning ifodasi bo’lib qolmay, balki asarlar uslubi, mazmuni, timsollar talqinida ham yangiliklar kiritilganiga ishora hamdir.
Xusrav Dehlaviydan so’ng Alisher Navoiygacha bo’lgan davr orasida (1302-1483 yillar) ham dostonlar turkumidan iborat beshliklar yaratish davom etdi. Jumladan, Xojui Kirmoniyning 1332-1348 yillar orasida yaratgan beshligi, Salmon Sovajiyning ham bu ishga qo’l urgani, XV asrda esa Jamoliy Tabreziy, Kotibiy, Kavkabiy, Ashraf kabi shoirlarning turli tarzdagi beshliklari yaratilgan edi. Alisher Navoiy bularning ko’pchiligidan xabardor edi. Jumladan, "Farhod va Shirin" dostonida (1484 yilda) ulardan biri Ashraf haqida shunday yozadi:
Bu maydonga chu Ashraf surdi markab,
Bu so’zni o’zga nav` etti murattab. (8-tom, 49).
Ashraf Marog’aviy (vaf.1459yil) va uning "Xamsa"si haqida "Majolis un-nafois" da (1491-1498 yillar) esa yana shunday yozgan:
"Mavlono Ashraf-…ko’proq avqot "Xamsa" tatabbu`ig’a sarf qilur erdi, to ul kitobni tugatur tavfiqi topti, voqean o’z xurdi holig’a ko’ra yamon bormaydur" (MAT,13-tom, 16-bet)
Ashraf Marog’aviy fors tilida yozgan "Xamsa"sining hozircha ma`lum nodir nusxasi Angliyada saqlanadi va uning tarkibi quyidagicha:
1. "Minhoj ul-abror"; 2. "Shirinu Xusrav". 3. "Layliyu Majnun"; 4. "Haft avrang"; 5. "Zafarnoma".
Mazkur "Xamsa" nashr ettirilmagani sababli uning haqida batafsil so’z yuritish imkoni yo’q.
Do'stlaringiz bilan baham: |