2-chizma. Valuta bozorining turlari Valuta bozori valuta munosabatlarining subyektlari va unda ishlatiladigan valutalarning soniga ko’ra, milliy, hududiy va jahon valuta bozorlariga bo’linadi.
Milliy valuta bozorlari muayyan davlat hududida rezidentlar va xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar o’rtasidagi valuta munosabatlarini o’z ichiga oladi. Bu bozorlar milliy valuta konvertatsiya qilinmaydigan va qattiq valuta cheklovlari mavjud bo’lgan paytda davlat tomonidan milliy pul va valuta tizimini shakllantirish bosqichida shakllanadi. Bunday mamlakatlarda faqat vakolatli («devizli» yoki «valutali») banklar jahon valuta bozoriga chiqa oladi.
2. Valuta operatsiyalari va ularning turlari. SPOT operatsiyalari yoki kassa bitimlari
Valuta operatsiyalari – bu xorijiy valutada va valutaviy qimmatliklar bilan bo’ladigan oldi-sotdi operatsiyalaridir.
Xorijiy valuta deganda rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning banknotalari va almashinuvchi tangalari tushuniladi.
Valuta qimmatliklariga quyidagilar kiradi:
xorijiy valutada yozilgan qarz majburiyatlari, ya’ni oddiyveksellar va trattalar;
xorijiy valutada yozilgan qimmatli qog’ozlar;
oltin, platina va boshqa qimmatbaho metallar, toshlar.
Valuta operatsiyalari asosan valuta bozorlarida amalga oshiriladi. Rasmiy valuta-moliya bozorining eng yiryk jahon markazlari London, Nyu-York, Frankfurt Mayn va Tokio kabi yirik shaharlarda ko’p sonli bo’limlar tarmog’iga va chet el valutasi zaxirasiga ega bo’lgan taniqli tijorat banklari faoliyat ko’rsatadi.
Valuta bozorlarida amalga oshiriladigan valuta operatsiyalari mohiyatiga ko’ra quyidagicha bo’linadi.
SPOT operatsiyalari yoki kassa bitimlari (naqd bitimlar).
SPOT operatsiyasi – bu bitim kunini hisobga olmagan holda ikki ish kuni davomida valuta ayirboshlash bo’yicha operatsiyadir.
Spot-kurs – bu spot bitim tuzilayotgan vaqtda bir mamlakat valutasini boshqa bir mamlakat valutasidagi bahosidir. Spotkurs uning suzib yuruvchi yoki qat’iy belgilangan rejimda ishlashdan qat’iy nazar operatsiya amalga oshirilayotgan vaqtda milliy valutaning chet ellardagi qadri qancha ekanligini o’zida aks ettiradi.
Asosan spot bitimlarining kursi – bu telegraf o’tkazmasi kursidir. Spot-kurs ikki xil yo’l bilan aniqlanadi:
valuta birjasida dilerlarning yuzma-yuz savdo qilishi orqali;
birjadan tashqari savdoda dilerlarning o’zaro telefon orqalisavdosida.
Valuta kursi sotib olish kursi (xaridor kursi) va sotish kursi (sotuvchi kursi) ga bo’linadi. Valuta kotirovkasini amalga oshiruvchi bank valuta bitimini har doim o’zi uchun foydali kurs bo’yicha amalga oshiradi. Banklar xorijiy valutani har doim qimmatga sotib (sotish bahosi), arzonroqqa sotib olishga (sotib olish bahosi) harakat qiladilar. Bu valuta-tijorat operatsiyalarning asosiy tamoyilidir.
Sotish va sotib olish kurslari orasidagi farq marja deb atalib, bank xarajatlarini qoplash va qisman valuta riskini sug’urtalashga yo’naltiriladi. Agar bank amalga oshirilgan bitimni xuddi shu kurslar asosida taklif qilingan kontrbitim hisobiga qoplasa, u marja hisobiga foyda ko’radi. Shuning asosida banklar valuta operatsiyalari bo’yicha mijozlarni ko’proq jalb qilishdan manfaatdor.
Spot operatsiyalaridan keladigan foyda marjaga (albatta komissiya haqini chegirib tashlasa) teng bo’lishi ham mumkin.
Umuman olganda, spot operatsiyalari bir tomondan qisqa vaqtda yuqori foyda olishga imkon bersa, ikkinchi tomondan mavjud valuta operatsiyalari orasida risk darajasida eng yuqori bo’lgan valuta operatsiyasi hisoblanadi. Sababi shuki, spot operatsiyalarini amalga oshirish vaqti qisqa bo’lganligi tufayli, odatda, u sug’urta qilinmaydi. Shuning uchun banklar payshanba va juma kunlari spot operatsiyalarini katta hajmda amalga oshirmaydi, chunki bunda spot operatsiyasi muddati uzayib ketadi. Xuddi shu sababga asosan, banklar uzun va qisqa valuta pozitsiyalarini ham maksimal darajada qisqartirishga harakat qiladi.
Naqd valuta operatsiyalari asosan spot shartlarida amalga oshiriladi. Buning mohiyati shundaki, valuta sotish-sotib olish bitimi tuzilgandan keyin tuzilayotgan vaqtdagi kurs bo’yicha ikkinchi ish kunida naqd valuta yetkazib beriladi. Bu operatsiyalar keng tarqalgan bo’lib, jami valuta bitimlarining 90 foizga yaqinini tashkil etadi.
Valuta bozorining ishtirokchilari bo’lgan banklar o’z nomidan o’zi uchun, yana o’z nomidan mijozlari uchun valuta sotib olishi yoki sotishi mumkin. Agar banklar o’z hisobiga valutani sotsa yoki sotib olsa, bu operatsiyalar ular yoki foyda olish uchun, yoki o’z likvidligini ushlab turish uchun, yoki chet eldan bank uchun jihozlar sotib olish va boshqa maqsadlar uchun amalga oshiradi.
Spot bitimlari bo’yicha valuta oluvchi bank tomonidan ko’rsatilgan hisobvaraqlarga yetkazib beriladi. Bitimda ko’rsatilgan kurs spot-kurs deyiladi. Xuddi mana shu kurslar asosida valuta bozoridagi muddatli kurslar ham, valutani yetkazib berish bo’yicha qisqaroq muddatli bir martalik bitimlar uchun kurslar ham aniqlanadi.
Spot operatsiyalari yordamida banklar o’z mijozlarining chet el valutasidagi ehtiyojlarini, kapitallarning harakatini, shuningdek, bir valutaning boshqa valutaga oqib o’tishini ta’minlaydi, arbitraj va spekulyativ operatsiyalarni amalga oshiradi. Spot operatsiyalari risk darajasi eng yuqori operatsiya hisoblanadi.
Foyda olish uchun banklar arbitraj va spekulyativ bitimlarini amalga oshirish mumkin. Arbitraj bitimlar turli valuta bozorlarida mavjud bo’lgan valuta kurslari o’rtasidagi farqlardan foyda olish maqsadida chet el valutasini qayta sotish (sotib olish) bo’yicha tuzilgan qarshi bitimdir. Agar valuta bir valuta bozoridan sotib olinsa va boshqa valuta bozorida sotilsa – bu keng tarqalgan arbitraj deyiladi. Agar foyda vaqt o’tishiga qarab kurslar o’zgarishidan yuzaga keladigan bo’lsa, vaqtinchalik arbitraj deyiladi.