Ish o’rnidagi birlamchi yo’l-yo’riq va uni o’tkazish tartibi: Ish o’rnidagi birlamchi yo’l-yo’riq, kirish yo’l-yo’rig’i o’tkazilgandan keyin yangidan ishga kirayotgan yoki bir ish o’rnidan ikkinchi bir ish o’rniga ko’chirilgan ishchilar, bir bo’limdan ikkinchi bo’limga ko’chirilgan ishchilar bilan ish beruvchi tomonidan o’tkazilib quyidagilar bilan tanishtiriladi:
1 - ishchining doimiy ishlash joyi;
2 - bo’limdagi texnologik jarayon va xavfli omillar;
3 - ishchining doimiy ishlashi zarur bo’lgan mashinaning yoki dastgohning tuzilishi;
4 - dastgohning xavfli joylari;
5 - muhofaza qurilmalari va ulardan foydalanish qoidalari;
6 - dastgohning sozlanganligini tekshirish;
7 - yurgizish va to’xtatish asboblarining tuzilishi va ishlash jarayoni;
8 - dastgohning yerga ulanganligi;
9 - yordamchi va asosiy muhofaza vositalarining mavjudligi;
10 - shaxsiy muhofaza vositalari va ulardan foydalanish qoidalari;
11- ish kiyimlari, maxsus kiyimlar, oyoq kiyimlari va bosh kiyimlariga qo’yiladigan talablar;
12 - ish joyini tashkil qilishda material va tayyor mahsulotlarni joylashtirishda xavfsizlik talablari;
13 - ish joylarni iflos va keraksiz narsalar bilan to’planishiga yo’l qo’ymaslik;
14 - yo’llarni o’tish joylari va ish joylarini ortiqcha narsalar bilan to’sib qo’ymaslik;
15 - transport vositalari, ko’tarish kranlari va jihozlarni ishga tushirish qoidalari va boshqa yordamchi vositalardan foydalanish tartib qoidalari;
16 - baxtsiz xodisalarni keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan ish usullarini qo’llashni ta’qiqlash va kasb kasalliklariga olib keluvchi ishlab chiqarishdagi sanoat zararli moddalari haqida tushuncha berish va ulardan saqlanish usullarini ko’rsatish va hokazo.
Ish o’rnida birlamchi yo’l-yo’riqni o’tkazishdan maqsad, ishlovchi shaxslarni aniq ish joylari bilan tanishtirish u yerdagi dastgohlar, moslamalar, ish joyining xavfli va zararli joylarini aniqlash va himoya vositalarini qo’llab ishlashni o’rgatishdan iborat.
Yo’l-yo’riqda avvalo, odatdagi ish sharoitida ishchi o’zini qanday tutishi kerakligi haqida ma’lumot beriladi. Lekin korxonalarda ba’zi bir favqulodda holatlar ham yuz berib qolishi mumkin. Masalan, buzilish, yong’in va boshqa holatlarda ishchi o’zini qanday tutishi, harakat qilishi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun bunday holatlarda qanday harakat qilish kerakligi haqida ham ma’lumot berish kerak. Ish o’rnidagi birlamchi yo’l-yo’riq ishga kiradigan ishchilarning har biri bilan ish beruvchi tomonidan alohida-alohida va bir xil kasbdagilar bilan guruhli o’tkaziladi, so’ngra ishga kiruvchidan ko’rsatilgan xavfsizlik qoidalarini takroran ko’rsatish talab qilinadi. Ishchi ko’rsatilgan xavfsizlik talablarini to’g’ri bajarsa ish o’rnidagi birlamchi yo’l-yo’riqni tugallangan deb hisoblanib, so’ngra bir hafta davomida ish beruvchi ishchining bajargan ishini kuzatib boradi va uning bilim darajasini tekshiradi. Shundan so’ng ishchini ish kiyimi, ishni bajarish uchun kerak bo’ladigan moslama va muhofaza vositalari hamda o’z mutaxassisligi bo’yicha texnika xavfsizligi yo’riqnomasi bilan ta’minlab, maxsus «Ish o’rnidagi yo’l-yo’riqni qayd qilish daftari»ga belgilaydi va mustaqil ish bajarishga ruxsat beradi (ilova 3-4).