Temir yo‘llarda asosiy signal ranglari sifatida qizil, sariq, va yashil ranglar qabul qilingan.
Svetoforlarning tuzilishi. Temir yo‘llarda asosiy signal asbobi sifatida svetofor- kunduzi va kechasi birday bir yoki bir necha xil rang bilan nur beruvchi optik asbob qo‘llanadi.
Svetoforlar ikki xil: linzali va projektorli turlarga bo‘linadi. Linzali svetoforlar linzali komplektlari bo‘lgan kallak bilan machtali, konsolli va ko‘prikli turlarda o‘rnatilishi mumkin. Pastak svetoforlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri svetoforning taglik asosiga o‘rnatilgan bo‘lib stansiyalarda asosan manyovr harakatlari uchun va shu qatorda poezd signallari uchun ham qo‘llanadi.
Signal ko‘rinishini yaxshilash uchun svetofor kallagi fon shchiti va soyabonlar bilan jihozlangan bo‘ladi. Burilishlarda yorug‘likni yo‘naltirish uchun svetofor linzalariga og‘diruvchi shishalar qo‘yiladi. Linzali svetoforlarga tashqaridan kuchli yorug‘lik tushganda ko‘rinish susayishi yoki qisman o‘zgarishi mumkin.
Projektorli svetoforlarda taglik machtaga dumaloq gardishli fon shchiti bo‘lgan projektorli svetofor kallagi o‘rnatilib, bir kallak linza komplekti orqali uch xil rangda signal beriladi. Rang olish uchun kallak ichida uch xil rangli nur filtri o‘rnatiladi. Projektorli svetoforlar nisbatan arzon, elektr quvvatini kam sarflaydi, tashqi nurlardan ko‘rinishi o‘zgarmaydi, ammo ularning tuzilishi murakkab va ishlash chidamliligi kamroq. Projektorli svetoforlarni qo‘llash yo‘lning SMB qurilmalari tuzilishida ham ayrim o‘zgarishlarni talab etadi.
3. Poezdlar harakatini intervalli boshqarish tizimlari. Peregonlarda qo‘llaniladigan SMB qurilmalari Poezdlar harakatini vaqt oralig‘i bilan intervalli boshqarish uchun temir yo‘l peregonlarida qo‘llaniladigan signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka (SMB) tizimlaridan foydalaniladi. Ushbu avtomatika va telemexanika tizimlari harakat xavfsizligini ta’minlash bilan birgalikda zaruriy poezd o‘tkazish qobiliyatini ham ta’minlab beradi.
Temir yo‘llarda harakat boshlangan ilk davrlarda bir yo‘nalishda harakatlanayotgan poezdlarni bir-biridan vaqt oralig‘i bilan ajratganlar. Bu vaqtlarda stansiyalar o‘rtasida habar beruvchi asboblar bo‘lmagani sababli, oldingi poezdning yo‘lda biror sabab bilan to‘xtab qolishi keyingi poezd uchun xavf tug‘dirar edi. Keyinchalik, harakat ko‘paygan sari xavfsizlikni ta’minlash uchun bir peregonda faqat yagona poezd bo‘lishi prinsipi asos qilib olindi. Buning uchun stansiyalar orasida habar beruvchi tizimlar qo‘llanishiga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Hozirda poezdlar harakatini intervalli boshqarishning asosiy qurilmalari quyidagilardan iborat: avtomat blokirovka, lokomotivlarda avtomatik signallar, poezdlar harakatining dispetcherlik nazorati, temir yo‘lning o‘tish joylarida avtomatik signallar va avtoshlagbaumlar va yarim avtoblokirovka.
Temir yo‘llarni avtomatik blokirovkalash yo‘lning poezd o‘tkazish qobiliyatini keskin oshiradi, peregonlarni o‘tish signallari bilan blok-uchastkalarga ajratib va har bir uchastkada yagona poezd bo‘lishini ta’minlaydi. Yo‘l blokirovkasi qurilmalari signalni unga tegishli uchastka bo‘shamasdan turib keyingi poezd uchun ochilishiga yo‘l qo‘ymaydi va shu tariqa harakat xavfsizligini ta’minlaydi.
Temir yo‘llarda poezdlar harakati soni va harakat tezligi oshgan sari yo‘l svetoforlarini qurish qiyinlashadi. Bunday sharoitlarda avtomatlashgan lokomotiv signallari harakatni boshqarishning asosiy vositalaridan biriga aylanadi. Kam harakatli uchastkalar va sanoat tarmoq yo‘llarida SMB qurilmalari sifatida elektrojezl va telefonli boshqarish vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.