Reja:
1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta‘sir etuvchi omillar. Talab qonuni. 2
2. Taklif tushunchasi. Taklif miqdoriga ta‘sir etuvchi omillar. Taklif qonuni. 4
3. Talab miqdori va taklif miqdori o’rtasidagi nisbatning o’zgarishi. Bozor muvozanati. 6
4. Iste‘molchi hatti-harakati nazariyasi 8
1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta‘sir etuvchi omillar. Talab qonuni.
Kishilarning ehtiyoji ilmiy va hayotiy tushuncha bo’lib, iqtisodiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida amal qilib kelmoqda, chunki bu tushuncha kishilarning hayotiy vositalarga bo’lgan zaruriyatini bildiradi. Ehtiyojning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi ko’rinishi va amal qilishi talabdir. Lekin talab ehtiyojdan farq qiladi va mustaqil iqtisodiy kategoriya (ilmiy tushuncha) sifatida amal qiladi. Uning farqi shundan iboratki, kishilarning ehtiyoji o’sib boraveradi, cheksizdir. U pul bilan ta‘minlansa va sotib olish kurbiga ega bo’lgan taqdirda talabga aylanadi.
Demak, aytish mumkinki, talab – bu pul bilan ta‘minlangan ehtiyojdir. Ehtiyoj sotib olish uchun zarur bo’lgan pul bilan ta‘minlanmasa, u “xoxish”, “istak” bo’lib qolaveradi.
Bozordagi narxlarni o’zgarib turish darajasida iste‘molchilarning tovar va xizmatlarning ma‘lum turlarini va ma‘lum miqdorlarini sotib olishga layoqati bo’lgan ehtiyoj talab deyiladi.
Talablar turlicha bo’ladi. Bir xil tovar va xizmatga bo’lgan talabning ikki turi bor va ular bir-biridan farq qilinadi. Shu boisdan, yakka talab va bozor talabi bo’ladi.
Har bir iste‘molchining, ya‘ni alohida shaxs, oila, korxona, firmaning moddiy va nomoddiy ne‘matlarga bo’lgan talabi – bu yakka talab deyiladi. Bir qancha iste‘molchilarning tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talablari yig’indisi bozor talabi deyiladi.
Misol keltiramiz. Bir kg kartoshkani narxi 600 so’m bo’lsa, talab 5 kg bo’ladi (bir oy davomida). 500 so’m bo’lsa, 7 kg bo’ladi, 300 so’m bo’lsa, talab 10 kg chiqadi. Bozor talabi esa, 1 tonna, 2 tonna, 4 tonna va xaqozo bo’lishi mumkin.
Mahsulot narxi va sotib olinadigan tovar miqdori o’zgarishi o’rtasida bo’ladigan teskari yoki qarama-qarshi bog’liqlik talab qonuni deyiladi.
Talab miqdori va hajmi faqat narxga bog’liq bo’lib qolmasdan, bir qator omillar ham ta‘sir qiladi:
1. Iste‘molchilarning didi, ya‘ni tovarlar va xizmatlarni sotib olishga yoki olmaslikka moyilligi yoki moyil emasligidir.
2. Bozor iste‘molchilarning soni.
3. Iste‘molchilarning daromadlari
4. Bir-biriga bog’liq tovarlarning narxi
5. Kelajakda narx va daromadlarning o’zgarishi ehtimoli.
Ana shu omillar o’zgarishi talab hajmining o’zgarishiga qanday ta‘sir ko’rsatishga harakat qilamiz:
1. Biron-bir tovarga iste‘molchining didida ijobiy o’zgarish ro’y bersa, narxning tegishli darajasida unga bo’lgan talab ortadi va aksincha bo’ladi.
2. Bozorda iste‘molchilar soni ko’paysa, talab ortadi, iste‘molchilarning soni kamaysa talab qisqaradi.
Masalan, aloqa vositalarining takomillashuvi xalqaro moliyaviy bozor doirasini, undagi qimmatli qog’ozlarning oldi-sotdi jarayonlarida ishtirok etuvchilar sonini mislsiz kamaytiradi hamda aktsiya va obligatsiya kabi moliyaviy aktivlarga bo’lgan talabning o’sishiga olib keladi. Tug’ilish darajasining pasayishi bolalar bog’chasi va maktabga bo’lgan talabni kamaytiradi.
3. Pul daromadi o’zgarishining talab hajmiga ta‘siri boshqa omillarga qaraganda ancha murakkab. Daromad yuqori bo’lsa, iste‘molchilar yuqori sifatli tovarlarni xarid qiladilar va aksincha. Masalan, non, kartoshka o’rnida go’sht, asal va sut maxsulotlari xarid qilinadi.
Daromadning o’zgarishi bilan talab miqdori to’g’ri bog’liqlikda o’zgaradigan tovarlar oliy toifali tovarlar deyiladi. Daromadlar o’zgarishi bilan talab miqdori teskari bog’liqlikda o’zgaradigan tovarlar past toifali tovarlar deyiladi.
Iste‘molchilar daromadi va ular tomonidan sotib olinadigan tovarlar miqdori o’rtasidagi bog’liqlik nemis iqtisodchisi va statisti Ernst Engel (1821-1896) tomonidan chuqur tadqiq etilgan. Shunga ko’ra, iste‘molchi daromadi bilan u tomonidan sotib olinishi mumkin bo’lgan tovarlar miqdori o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik Engel qonuni deyiladi. Haqiqatan ham, aholi daromadlari o’sib borishi bilan tovarlar ko’proq xarid qilinadi, daromadlar pasaysa (kamaysa) xarid qilish ham pasayadi.
Past toifali tovarlar uchun Engel egri chizig’i pasayuvchi ko’rinishda bo’lib, daromadlar oshib borishi bilan iste‘molchilar ularni kamroq miqdorda sotib oladilar. Agar tovarning iste‘moli daromad darajasiga bog’liq bo’lmasa, u xolda Engel egri chizig’i tik holda bo’ladi.
Engel egri chizig’i
4. O’zaro bog’liq tovarlar narxi o’zgarishining talabga ta‘sirini o’rganishda ularning 2 guruhga ajratish maqsadida muvofiq bo’ladi:
1) o’zaro bir-birini almashtiruvchi yoki o’rinbosar tovarlar;
2) o’zaro bir-birini to’ldiruvchi tovarlar.
Masalan, sariyog’ narxining oshishi margaringa bo’lgan talabning ortishiga olib keladi. Agar avtomobilning narxi oshsa benzindan bo’lgan talab qisqaradi va aksincha bo’ladi.
5. Kelgusida iste‘molchi daromadlari, tovar narxi o’zgarishining kutilishi va tovarlar miqdorining yetarli bo’lishi yoki bo’lmasligi kabi omillar talab hajmining o’zgartirishi mumkin. Kelgusida narxning nisbatan oshishining kutilishi, iste‘molchi jooriy talabining oshishiga olib keladi va aksincha bo’lishi mumkin.
2. Taklif tushunchasi. Taklif miqdoriga ta‘sir etuvchi omillar. Taklif qonuni.
Bozor narxlarining amaldagi darajasida ma‘lum davr oralig’ida ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar tomonidan tovarlar va xizmatlarning belgilangan miqdorini bozorga chiqarilishi taklif deyiladi.
Bozor narxining o’zgarishi bilan taklif ham o’zgaradi. Taklif narxlarning turli darajasida qancha miqdordagi mahsulotning sotishga chiqarilishini bildiradi. Masalan, 1 kg kartoshka 450 so’m bo’lsa, bir oy davomida uning yakka taklifi miqdori 60 kg bo’ladi, 1 kg 300 so’m bo’lsa, 50 kg taklif bo’ladi. Bir oy davomida uning bozor taklifi miqdori quyidagi bo’ladi: (tonna) 350 – 6,0; 300 – 5,0; 200 – 2,0 va 150 – 1,0 tn taklif qilinadi.
Narxning o’zgarishi bilan taklif etilayotgan tovar miqdorining to’g’ri bog’liqlikdagi o’zgarishi taklif qonuni deyiladi.
Bozorda taklif qilinadigan tovar hajmiga narxdan tashqari boshqa bir qator omillar ham ta‘sir qiladi:
1. Resurslarning narxi;
2, Ishlab chiqarish texnologiyasi;
3. Soliq va subsidiyalar;
4. Boshqa tovarlarning narxi;
5. Narx o’zgarishining kutilishi;
6. Bozordagi sotuvchilarning soni;
7, Xaridorlarning daromadlari.
Bu omillarni har birini tushuntirishga harakat qilamiz:
- resurslarga sarf qilinadigan xarajatlar bilan taklif o’rtasida o’zaro bog’liqlik mavjud. Resurs narxi pasayishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi. Natijada taklif qilinadigan tovarlar va xizmatlar ko’payadi va aksincha bo’ladi. Masalan, mineral o’g’itlar narxini oshib borishi g’alla taklifini kamaytiradi.
- texnologiyalarni takomillashuvi mahsulot birligini ancha samarali ishlab chiqarishga imkon beradi. Masalan, paxta zararkunandalariga qarshi ancha samarali biologik usullarning yaratilishi paxta tolasining miqdorini va sifatini oshiradi, taklifni ko’payadi.
- ko’pchilik soliqlar ishlab chiqarish xarajatlari tarkibiga kiradi. Shu sababli soliqlarning oshishi ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi uning taklifini qisqartiradi. Aksincha, davlat qandaydir tovar ishlab chiqarish yoki biror sohaga subsidiya bersa, bu amalda xarajatlarni kamaytiradi va uning taklifini oshiradi.
- boshqa tovarlar narxlarining o’zgarishi ham mazkur tovar taklifini o’zgartiradi. Masalan, qo’y go’shti narxining pasayishi mol go’shti taklifini oshiradi. Aksincha, mol go’shti narxining tushishi qo’y go’shti taklifini oshiradi.
- kelgusida mahsulot narxining o’zgarishining kutilishi ham ishlab chiqaruvchining bugungi kundagi bozorga mahsulot yetkazib berish xohishiga ta‘sir ko’rsatishi mumkin. Masalan, kelajakda neft narxining keskin pasayishining kutilishi neftning taklifini pasaytiradi.
- tovar ishlab chiqaruvchilar qanchalik ko’p bo’lsa, taklif qilinadigan mahsulot miqdori shunchalik ko’p bo’ladi, chunki tovar ishlab chiqarish ko’payadi.
Taklif hajmining o’zgarishiga tovarning saqlanish xususiyati, saqlash xarajatlari va tansport-tashish imkoniyatlari ham ta‘sir ko’rsatadi. Masalan, uzoq vaqt saqlab bo’lmaydigan qishloq xo’jalik va oziq-ovqat mahsulotlari uchun taklif kamdan-kam o’zgaruvchan bo’ladi.
Qishloq xo’jaligiga yaroqli bo’lgan yerlar cheklangan bo’lsa, uning narxi (renta) qanchalik oshmasin, yer taklifini oshirib bo’lmaydi.
Ijodiy kasb soha xodimlarining (masaln, olimlar, shoirdar, yozuvchilar, musavvirlar va boshqalar) mehnat mahsuli va noyob san‘at asarlarining taklifi ham noo’zgaruvchan bo’ladi.
3. Talab miqdori va taklif miqdori o’rtasidagi nisbatning o’zgarishi. Bozor muvozanati.
Talab bilan taklif miqdorlari bir-birlari bilan doimo ma‘lum nisbatda bo’ladi va nisbatlar o’zgarib turadi. Ba‘zan talab miqdori taklif miqdoridan oshib ketib, narx ko’tarilsa, ayrim paytda taklif miqdori talab miqdoridan oshib ketib, narx pasayib qoladi.
Talab miqdori bilan taklif miqdori o’rtasidagi nisbat bir-biriga teng bo’lgan holat bozor muvozanati deyiladi. Bozor muvozanati vujudga kelgan holda shakllangan narx bozor narxi deyiladi.
Talab va taklif tushunchalari tahlili, sotuvchi va xaridorlar manfaatlari mos kelishini qarab chiqish imkonini berdi, ular o’rtasidagi mos kelishlik o’z ifodasini muvozanatli narxda topadi.
Talab narxga qandaydir darajada egiluvchan bo’ladi. Masalan, narxning bir foizga o’zgarishi talabning necha foizga o’zgarishini ifodaluvchi ko’rsatkich talabning narx bo’yicha egiluvchanligi ko’rsatkichi deyiladi.
Talabning narx bo’yicha egiluvchanligi (Et) darajasi quyidagi formula bo’yicha hisoblanadi: Et =ΔQ / ΔP(1);
Bu yerda: Et - talabning egiluvchanligi; ΔQ – talab miqdorining foizli o’zgarishi; ΔP- narxlarning foizli o’zgarishi.
Talab egiluvchanligini belgilab beruvchi bir kator omillar mavjud bo’ladi, ularga quyidagilar kiradi:
1. Mahsulotning o’rnini bosuvchanligi. Iste‘molchiga biror mahsulotning o’rnini bosuvchi boshqa mahsulotlar ko’proq tavsiya qilinsa, unga talab shuncha egiluvchan bo’ladi. Masalan, sariyog’ bilan margarin, mol go’shti bilan qo’y go’shti va haqozo.
2. Mahsulot qiymati (narx)ning iste‘molchi daromadidagi salmog’i. Iste‘molchi daromadida mahsulotlar narxi qanchalik katta o’rinni egallasa, unga talab shuncha yuqori bo’ladi. Masalan, daftar yoki qalam narxining 10 fozga o’sishi bir necha so’mni tashkil qiladi va bu talab bildirgan mahsulot miqdorida juda kam o’zgarish bo’lishiga olib keladi. Shu bilan birga, avtomobil yeki uy narxining 10 foizga o’sishi mos ravishda 0,5 yoki 1,5 mln so’mni tashkil qiladi. Narxlarning bunday oshishi juda ko’p oilalar bir necha yillik daromadining katta qismini tashkil qiladi va aytish mumkinki, bu sotib olinadigan mahsulot miqdorini sezilarli ravishda kamaytiradi.
3. Mahsulotlarning iste‘mol xususiyatlari. Zeb-ziynat buyumlariga talab egiluvchan bo’ladi, hayotiy zarur buyumlarga esa talab noegiluvchandir. Masalan, non va elektr energiyasini iste‘mol qilishning kesin kamayishiga olib kelmaydi, lekin zeb-ziynat mahsulotlarini (buyumlarining) narxi oshganda, ularni iste‘mol qilishni to’xtatish mumkin.
4. Vaqt omili. Mahsulotlar narxi to’g’risida qaror qabul qilish vaqt oralig’i qancha uzoq bo’lsa, mahsulotga talab shuncha egiluvchan bo’ladi. Masalan, agar mol go’shtining narxi 10 foizga ko’tarilsa, iste‘molchi uni xarid qilishni birdaniga qisqartirmasligi mumkin. Lekin bir qancha vaqt o’tishi bilan iste‘molchi o’zining moyilligini tovuq go’shti yoki baliqqa o’tkazishi mumkin.
Daromad bo’yicha talab egiluvchanligi ham mavjud. Daromad ko’payishi bilan tovar va xizmatlarga bo’lgan talab ham oshib boradi, daromad talabga ta‘sir etadi. Uni aniqlash uchun daromad bo’yicha talab egiluvchanligi ko’rsatkichidan foydalaniladi va quyidagi formula bilan aniqlanadi:
Et =ΔQ / ΔD (2);
Iste‘molchi daromadning 1 foizga o’zgarishi talabning necha foizga o’zgarishini ifodaluvchi ko’rsatkich talabning daromad bo’yicha egiluvchanligi ko’rsatkichi deyiladi. 2 formulada Et – talabning egiluvchanligi; ΔQ – talab miqdorining foizli o’zgarishi; ΔD – daromadning foizli o’zgarishini bildiradi.
Taklif hajmiga ta‘sir qiluvchi boshqa omillar o’zgarmay qolgan sharoitda narxning bir foizga o’zgarishi taklifning necha foizga o’zgarishini ifodalovchi ko’rsatkich taklifning narx bo’yicha egiluvchanligi ko’rsatkichi deyiladi yoki buni taklifning egiluvchanligi deb ham ataladi. Taklifning narx bo’yicha egiluvchanligi:
Etf = ΔQ / ΔP(3);
Bu yerda: Etf – taklifning egiluvchanligi; ΔQ - taklif miqdorining foizli o’zgarishi; ΔP- narxlarning foizli o’zgarishi.
Taklif egiluvchanligiga ta‘sir ko’rsatuvchi muhim omil, mahsulotga narxning mavjud o’zgarishini hisobga olish uchun zarur bo’lgan vaqt oralig’i hisoblanadi.
4. Iste‘molchi hatti-harakati nazariyasi
Hozirgi kunda bozor talabini shakllanishi va namoyon bo’lishi iste‘molchining hatti-harakati orqali tushuntirilmoqda va G’arb adabiyotlarida mavjud bo’lib kelgan turli nazariyalardan foydalanib, iste‘molchi hatti-harakati nazariyasi alohida yo’nalish sifatida bayon etilmoqda.
Iste‘molchining bozordagi hatti-harakati so’nggi qo’shilgan naflilik nazariyasi hamda iste‘molchi tanlovi nazariyasi orqali izohlanadi. Agar naflilikka iste‘molchi o’lchami bilan qaralsa, u iste‘molchining biron-bir ne‘matni iste‘mol qilishdan olinadigan qoniqishni anglatadi.
Iste‘molchi tomonidan o’zi uchun turli tovarlarning naflilik darajasining baholanishi iste‘molchining afzal ko’rishi deyiladi.
Naflilik funktsiyasi ma‘lum miqdordagi tovarlarga boshqa bir miqdordagi tovarlarni taqqoslashni bildiradi.
So’nggi qo’shilgan naflilik muayyan ne‘matning navbatdagi birligini iste‘mol qilishdan olingan qo’shimcha naflilikdir. Iste‘molchi tovarlarning turli to’plamini xarid qilishda doimo naflilikni maksimallashtirish qoidasiga amal qiladi. Bu qoidaning mazmuni quyidagicha bayon etiladi: iste‘molchi o’zining daromadini shunday sarflashi kerakki, daromad to’liq sarflangan holda tovarni xarid qilishda olingan so’nggi qo’shilgan naflilikning tovar narxiga nisbatan barcha tovarlar uchun bir xil qiymatga ega bo’lishi lozim. Ya‘ni:
MVx / Px = MVy / Py (4);
Bu yerda: MVx va MVy – tovarlarning so’nggi qo’shilgan nafliligi; P – ularning narxini bildiradi.
Bu qoida iste‘molchining muvozanatli holatini ifodalaydi.
Asosiy tayanch tushunchalar:
Talab – iste‘molchi ma‘lum vaqtda narxlarning har bir darajasida sotib olishga qodir bo’lgan tovarlar va xizmatlar miqdoridir.
Talab egri chizig’i – narx va talabning hajmi o’rtasidagi teskari bog’liqlikni ko’rsatadigan tushunchadir.
Talab qonuni – tovarlar narxi bilan uning sotib olinadigan miqdori o’rtasidagi teskari yoki qarama-qarshi bog’liqlikni ifodalaydi.
Taklif – ishlab chiqaruvchi ma‘lum vaqtda ishlab chiqarishga qodir bo’lgan, narxning har bir darajasida bozorga sotishga chiqaradigan tovarlar miqdoridir.
Taklif egri chizig’i – narx va taklifning hajmi o’rtasidagi to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlikning grafikdagi tasviridir.
Taklif qonuni – narx bilan sotishga chiqariladigan tovarlar miqdori o’rtasidagi bevosita yoki to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlikni ifodalaydi.
Taklif (talab)ning egiluvchanligi – narx bir foiz o’zgarganda talab necha foiz o’zgarishini ko’rsatadi. Bu talabning narx bo’yicha o’zgaruvchanligi ham deyiladi.
Daromad samarasi – narx pasayganda iste‘molchi pul daromadlarining sotib olish layoqatining ortishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |