Nutqning so`zlovchi va tinglovchining jinsiga ko`ra ixtisoslashuvi. Sotsiolingvistikada nutq kommunikantlarning millati, jinsi, yoshi, ijtimoiy belgilariga qarab ixtisoslashadi.
Muloqot o`ziga xos qonun-qoidalarga - me`yorlarga ega va biz bir holatdan ikkinchi holatga o`tar ekanmiz, onglimi-ongsizmi shu holat uchun me`yor bo`lgan muloqot normalariga bo`ysunamiz, o`zimizni har daf`a yangi bo`lgan holatimizga moslashtiramiz, o`zgarib turamiz. Nutqiy vaziyatga moslashamiz. Bu muloqot shakli, mazmuni va vositalarini tanlashda (resp. muloqotni tasniflashda) nafaqat kommunikantlarning saviyasi, balki ularning jnnsi - ayol yoki erkak jinsiga mansubligi ham ahamiyatlidir.
Muloqotning jinsiy xoslanishi ham ta’sir birliklari orasida muhim ahamiyat kasb etadi. Erkak va ayol biologik va fiziologik tomondangina emas, balki muloqot xulqi (muomala tarzi, usuli) jihatidan ham farqlanadi, albatta. Masalan, o’zbek xotin-qizlari nutqiga xos aylanay, girgitton, o’rgilay, qoqndiq kabi so’zlar ijobiy ma’no nozikligini ifodalovchi leksik vosita sanaladi. Ular ko’proq keksa ayollar tomonidan qo’llanadi. Xotin-qizlar nutqining individual xususiyatini voy undovining qo’llanilishi asosida ham oydinlashtirish mumkin. Ma’lum bo’lishicha, voy undovi o’ndan ortiq ma’no nozikligini ifodalaydi. Bularga sevinish, erkalash, achinish, qo’rqish, havas, sarosimalanish, koyish, alam singari holatlar kiradi. O’zbek erkak va ayollar nutqining leksik, frazeologik jihatdan xoslanishi, ayniqsa, qargish hamda so’kishlarda yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi. Biroq bu dolzarb mavzu ayrim kuzatishlarni hisobga olmaganda uzoq vaqt tadqiqotchilar nazaridan chetda qolib keldi.
Ayollar va erkaklar nutqi orasidagi farqli xususiyatlar masalasi bo‘yicha Yevropa, Yaqin Sharq mamlakatlari tillari misolida, shuningdek, yapon, rus, gruzin tillari materialida qator tadqiqotlar mavjud. Turkiyshunoslikda bu borada N. I. Grodekov (qozoq va qirg‘izlar misolida), E. D. Polivanov (Samarqand eronilarining o‘zbekcha nutqi misolida), A. N. Samoylovich (qozoqlar va oltoylar misolida) larning kuzatishlari, shuningdek, qator turkiyshunos-dialektologlarning asarlarida mazkur masala bilan bog‘liq ko‘plab qaydlar bor.
Ayollar nutqiga xos xususiyatlarni quyidagi matn orqali ham kuzatishimiz mumkin:
…Bu A'lobush edi. Shahodat xola jilmayib qo'ydi. Ko'p o'tmay bir savat bug'i chiqib turgan kulcha ko'tarib yo'lakda A'lobushning o'zi ko'rindi.
— Eshikda nima qilib turibsiz, tasadduq? — dedi A'lobush Shahodat xolaga boshdan-oyoq qarab chiqib. — Ichkariga kiring. Choyim tayyor.
— Shoshib turibman, rahmat, — dedi Shahodat xola.
— Ha, yo'l bo'lsin, tasadduq? — so'radi A'lobush, yangi kavush-mahsiga ko'z qirini tashlab.
— Po'shtaga ketyapman, aylanay, — dedi beparvolik bilan.
— Ha, tinchlikmi, tasadduq? — so'radi A'lobush.
— Adhamjon pul yuboribdi, — dedi Shahodat xola. — Shuni olib kelmoqchiman.
— Voy, tasaddug'-ey, ey, voy, tasaddug'-ey! Ho'-o'p bolalarimiz bor-da, tasadduq! — dedi A'lobush. — Sobirjonimni aytmaysizmi, tunov kuni xatida, oyi, mandalinni posilka qilsam nima deysiz, depti. Yo'q, dedim, tasadduq, yo'q, dedim. O'zing kiyaver, dedim. Maskopda yarashadi bunaqa kiyimlar, dedim.
— Mandalini nima ekan, aylanay? — so'radi Shahodat xola, kulgidan o'zini zo'rg'a tiyib.
— Nima bo'lardi, tasadduq, allambalo materiyal bo'lsa kerak-da!
Shahodat xola endi o'zini tutib turolmadi. Mandarinning nimaligini aytib yuboray dedi-yu, lekin aytmadi, o'rtog'ini xafa qilgisi kelmadi. Faqat to'yib-to'yib kuldi.
— Nega kulyapsiz, tasadduq? — so'radi A'lobush.
— Bolalarning qilgan ishiga kulmay bo'ladimi?
— To'g'ri aytasiz.
A'lobush qo'shnisiga qo'shilib kuldi.
Xo'p, men boray bo'lmasa, — dedi Shahodat xola va ko'chaga chiqdi. Chiqdiyu, quruqdan-quruq ketayotganidan tortindi. Maqtangani kirgan ekan, deb o'ylamasin tag'in A'lobush! Orqasiga qaytdi (O’. Umarbekov)
Do'stlaringiz bilan baham: |