5. Avtonom nerv tizimining faoliyatlarga ta’siri
Avtonom nerv tizimi a'zolar faoliyatini uyg'unlashtirib, hayotiy jarayonlarning muvozanatini ta'minlaydi. Modda almashinuvini, a'zolar va markaziy nerv tizimi qo'zg'aluvchanligini ham boshqaradi.
A'zolarning aksariyati ham simpatik, ham parasimpatik nervlanishga ega. Ba'zilarini avtonom nerv tizimining uchinchi qismi – metasimpatik nerv tizimi ham boshqaradi.
Simpatik nerv tizimi qo'zg'alganda organizmda rivojlanadigan o'zgarishlarni tasavvur qilish uchun tashlanishga yoki qochishga tayyorlangan hayvonni eslang. Bu vaqtda uning qorachiqlari kengayib, ko'zlari yonadi, yuragi gupillab uradi, teri va ichkia'zolar qon tomirlari torayib, skelet muskullari va miya tomarlari kengayadi. Havo yo'llarining silliq muskullari bo'shashib, kengayadi, o'pkaga havo ko'p kiradi. Shu tufayli organizmga ko'p miqdorda kislorod yetkaziladi. Jigar va yog' hujayralari qonga ko'plab glyukoza va yog' kislotalar ajratadi, binobarin, miya va skelet muskullari energiya bilan yaxshi ta'minlanadi. Bu o'zgarishlarning barchasi organizmning qiyin ahvoldan chiqishiga qaratilgan.
Parasimpatik tizimning qo'zg'alishi organizmda tinchlik va osoyishtalikka olib keladi. Yurak urishi soni va kuchi kamayadi, ichki a'zolar tomirlari kengayadi, qorachiqlar torayadi. Bronxlar ham torayadi. Bu vaziyat hayvon to'yib ovqat yegach, dam olayotgan holatga oxshaydi. Ko'pgina a'zolar faoliyatiga simpatik va parasimpatik tizimlar qarama-qarshi ta'sir qiladi. Masalan, parasimpatik nerv bronxlarni toraytirsa, simpatik nerv kengaytiradi, birinchisi yurak qisqarishlarini kamaytirsa, ikkinchisi ko'paytiradi. Ammo bu qoidaga hamma faoliyatlar ham bir xil bo'ysunmaydi. Masalan, parasimpatik nervning qo'zg'alishi so'lak bezlari faoliyatini kuchaytiradi. Bunda organik moddalari oz bo'lgan so'lak ajraladi. Simpatok nervni ta'sirlash ham so'lak ajralishiga olib keladi. Ammo uning miqdori oz, organik moddalarga boy bo'ladi. Demak, ba'zi faoliyatlarni boshqarishda avtonom nerv tizimining har ikkala qismi bir-biriga ko'maklashadi.
Yuqorida simpatik tizimnning qo'zg'alishi ko'z qorachiqlarini kengaytiradi, parasimpatik tizim esa uni toraytiradi, degan edik. Ammo bu refleksda avtonom nerv tizimining bo'limlari o'rtasida qarama-qarshilik ham, hamkorlik ham yo'q. Gap shundaki, parasimpatik nerv rangdor pardaning xalqa muskullarini, simpatik nerv esa radial muskullarni nervlaydi. Demak, bu nervlarning effektori boshqa-boshqa. Simpatik va parasimpatik tizimlar faqat faqat bitta effektorni nervlagandagina, raqiblik yoki hakorlik to'g'risida gap yuritish mumkin.
Avtonom nerv tizimining ahamiyatini aniqlashda ham olib tashlash usuli qo'llaniladi. Simpatik chegara stvoli butunlay olib tashlangan hayvonlarda bir qaraganda, ichki a'zolar faoliyati uncha o'zgarmaydi. Qon bosimi me'yorida bo'ladi, hazm tizimi ovqatni yetarlicha o'zlashtiradi, urchish, homilador bo'lish, bola tug'ish qobiliyatlari saqlanib qoladi. Shunga qaramasdan, bunday hayvonlar issiq va sovuqqa, umuman, boshqa muhit o'zgarishlariga yaxshi moslash olmaydilar. Zararlovchi omillarga qarshilik ko'rsatish qobiliyati susayib ketadi. Simpatoektomiya qilingan hayvonlarda xavf tug'ilganda, yurak urishining tezlashishi, qorachiqlarning kengayishi, skelet muskullari tomirlarining kengayishiga o'xshash himoya reaksiyalari kuzatilmaydi.
Parasimpatik nervlarni kesib tashlash ham a'zolar faoliyati uchun befarq emas. Sayyor nervni kesish yurak urishining tezlashishiga, ma'da bezlarida xlorid kislota ajralishining kamayishiga va boshqa o'zgarishlarga olib keladi. Ammo, me'da-ichakning harakati uncha o'zgarmaydi. Gap shundaki, preganglionar parasimpatik tolalar hazm a'zolari devoridagi silliq muskul tolalarida emas, balki metasimpatik tizim neyronlarida tugaydi. Bu tolalar kesilsa, metasimpatik tizim me'da-ichak harakatlarini o'z-o'zicha boshqarib turaveradi.
Metasimpatik tizimning yuqori darajadagi avtonomligi shundaki, tarkibida reflektor faoliyatni to'la ta'minlaydigan tuzilmalar bor. Bu tizimning o'zida sezuvchi unsurlar – mexano-, xemo-, termo- va osmoretseptorlar mavjud. Ulardan tizim tugunlari sezuvchi tolalar orqali ichki a'zo devorlarining holati to'g'risida axborot olib turadi. Bu impulslar оrqa va bosh miya markazlariga yetib borishi mumkin.
Metasimpatik neyronlar bir-biri bilan sinapslar yordamida bog'lanib, kovak a'zolar devorida to'rlar hosil qiladi. Bu yerda, birinchidan, sensor axborot tahlil qilinadi. Ikkinchidan, efferent impulslar shakllanib, efferent neyronlar orqali a'zo harakatlariga o'zgartirish kiritib turiladi.
Yuqorida simpatik nerv tizimining ta'sir o'tkazish doirasi kengligi aytilgan edi. Deyarli hamma a'zo va tizimlar simpatik nervlarga ega. Parasimpatik tizim nazorat qiladigan doira ancha tor. Ba'zi a'zo va to'qimalarda parasimpatik nervlar umuman yo'q. Metasimpatik tizim ta'siri juda chegaralangan. U faqat o'z-o'zidan harakat qilish qobiliyati bo'lgan ichki a'zolarga tarqaladi.
Ichki a'zolarda metasimpatik mahalliy boshqaruv tizim mavjudligining fiziologik mohiyati shundaki, u markaziy nerv tizimini bu faoliyatlarni boshqarishdagi ishtirokdan ko'p jihatdan xolis qiladi, boshqarish esa ishonchli bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |