2. Qurilish pudrati shartnomasi bo’yicha taraflar, ularning huquq va majburiyatlari. Pudratchi buyurtmachining topshirig’iga asosan muayyan ishlarni amalga oshirish bo’yicha shartnoma tuzar ekan, uning asosiy huquq va majburiyatlari buyurtmachi topshirig’iga asosan ishni bajarish va uning haqini talab qilib olish bilan bog’liq holda vujudga keladi.
FKning 632-moddasi talablaridan kelib chiqib, buyurtma pudratchining materiallari, uning kuchi va mablag’lari hisobidan bajarilishi nazarda tutilgan bo’lsa shartnoma bahosini pudratchi sarflayotgan mablag’larni qo’shgan holda shakllantirishni talab qilish huquqiga ega.
Vaziyat taqozosi bilan ishni bajarishda qo’shimcha ishlarni bajarish zarur bo’lib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga to’g’ri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida ko’rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi bo’lmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini to’lashni talab qilishi mumkin.
Buyurtmachini pudrat shartnomasida ko’rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi to’g’risida o’z vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada ko’rsatilgan baho bo’yicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart.
Pudratchi, qoida tariqasida, qat’iy baho (qat’iy smeta)ni oshirishni, buyutmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak bo’lgan ishning to’la hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati bo’lmagan hollarda ham, haqli emas.
Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak bo’lgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga ko’rsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin bo’lmagan hollarda pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.
FKning 644-moddasi talablariga muvofiq, buyurtmachi pudrat shartnomasi bo’yicha o’zining muqobil majburiyatlarini bajarmaganligi, xususan material, uskunalar, texnik hujjatlarni yoki qayta ishlanishi (ishlov berilishi) kerak bo’lgan ashyoni bermaganligi pudratchining shartnomani bajarishiga to’sqinlik qilgan hollarda, shuningdek mazkur majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol ko’rsatib turgan holatlar mavjud bo’lganida pudratchi ishga kirishmaslikka, boshlangan ishni esa to’xtatib qo’yishga haqli. Masalan, ganchkor kerakli sifatdagi mahsulotni talab qilganda buyurtmachining o’z vaqtida olib kelmasligi yoki boshqa sifatdagi mahsulotni olib kelganligi ishning sifatiga, amalga oshirilish muddatiga ta’sir etishi mumkin. Chunki boshqa sifatli ganch mahsuloti tez qatmasligi yoki boshqa xususiyatga ega bo’lib, ganch ishida ishlatilmasligi mumkin. Shu sababli ganchkor kelishilgan ganch mahsuloti kelguncha ishni to’xtatib turishi yoki muddat o’tib ketayotganligini, buyurtmachining e’tiborsizligini vaj qilib shartnomani bekor qilishga haqli bo’ladi.
Agar buyurtmachi pudratchining o’z vaqtida va asosli ogohlantirganiga qaramasdan, oqilona muddatda yaroqsiz yoki sifatsiz materialni almashtirmasa, ishni bajarish usuli to’g’risidagi ko’rsatmalarini o’zgartirmasa yoxud ishning yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qo’yadigan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo’lgan boshqa choralarni ko’rmasa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
FKning 637-moddasiga asosan pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam bo’lgan hollarda, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga ta’sir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida ko’rsatilgan baho bo’yicha haq olish huquqini saqlab qoladi. Pudrat shartnomasida pudratchining tejami taraflar o’rtasida taqsimlanishi nazarda tutilishi mumkin.
Pudratchi qonun hujjatlarida yoki pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va miqdordagina o’ziga bo’nak yoki zakalat berilishini talab qilishga haqli. Shartnomaning bajarilishi munosabati bilan buyurtmachi pudratchiga belgilangan tegishli haqni yoki boshqa summani to’lash majburiyatini bajarmagan taqdirda, buyurtmachi tomonidan tegishli summa to’langunga qadar pudratchi ishning natijalarini, shuningdek buyurtmachiga tegishli uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyolarni, foydalanilmay qolgan material qoldig’i va pudratchining ixtiyoridagi boshqa mol-mulkni majburiyatni bajarilishini ta’minlash maqsadida ushlab qolish huquqiga ega. Bu orqali pudratchi buyurtmachining o’ziga yuklatilgan summani to’linishini o’z vaqtida amalga oshirilishiga erishadi.
Shuningdek, agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, buyurtmachining topshirig’ini bajarish usullarini pudratchi mustaqil belgilaydi. Bu yerda ishning o’ziga xos usulini tanlash huquqidan foydalangan holda pudratchi ishni tez, sifatli, tejamli asosda bajarish yo’llarini o’ylab topishga haqli. Bu yerda asosan pudratchining mahorati, tajribasi o’ziga xos ishni bajarish usulini tanlash imkonini beradi.
Shartnomaning subyektlari sifatida buyurtmachi va puratchi ishtirok etadi. Buyurtmachi sifatida har qanday jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, asosiy buyurtmachilar tegishli obyektning lozim darajada qurilishini, ta’mirlanishini, jihozlanishini ta’minlash uchun zaruriyat tug’ilganda o’zining barcha huquqlarini boshqa shaxslarga o’tkazishlari mumkin. Buning uchun ular mazkur shaxslarga tegishli tarzda vakolat berishlari shart bo’ladi Masalan: davlat o’z ehtiyojlari uchun quriladigan obyektlarning belgilangan muddatda qurib topshirilishi va ekspulatasiya qiliishini to’g’ri ta’minlash maqsadida ma’lum bir vazirlik, agentlik yoki muassasaga o’z vakolatini berishi mumkin. Bunday tarzda vakolatini o’tzkazishga fuqarolik huquqining barcha subyektlari ham haqlidirlar.
Shartnomaning ikkinchi tomoni hisoblangan pudratchi sifatida bunday harakatlarni amalga oshirish huquqiga tegishli tarzda mutasadi tashkilotlardan maxsus lsenziya olgan, tabirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.09.2005 yilgi 186-sonli qaroriga asosan lisenziyalar kamida 5 yil muddatga berilishi nazarda tutilgan bo’lib, ta’mirlash qurilish-montaj ishlariga lisenziyani Davlat arxitektura va qurilish qo’mitasi tomonidan beriladi.
Shuningdek pudratchilar maxsus uyushmalarga birlashgan holda ham munosabatga kirishishlari mumkin. Masalan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.08.2004 yilgi 400-sonli “O’zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari uyushmasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to’g’risida”gi qaroriga asosan montaj, ixtisoslashtirilgan qurilish, sozlash va loyihalashtirish tashkilotlarining, metall konstruksiyalari tayyorlovchi sanoat korxonalari va boshqa ishlab chiqarish tuzilmalarining O’zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari uyushmasi ("O’zmontajmaxsusqurilish" uyushmasi) tashkil etilgapn bo’lib, uning tarkibiga 93 - Maxsus trest" OAJ, Qo’qonqurilish" OAJ, Al-me’mor" MChJ, “Qurilishmontaj" XF, “Binokor" sanoat-qurilish kompaniyasi" MChJ, “O’zta’minbutlash" OAJ, “Montajloyiha LTI" MChJ kabi 41 ta qurilish, montaj va maxsus qurilish ishlari korxonalari, Sanoat korxonalari va tashkilotlari Loyihalash tashkilotlari, Ishlab chiqarish-texnik butlash korxonalari ixtiyoriy ravishda kirganlar.
Shuningdek, pudratchi qonun yo’l qo’ygan yoki shartnomada ko’rsatilgan holatlarda mazkur qurilish obyektini tezroq bitkazib topshiish yoki ta’mirlash maqsadida boshqa shaxslar bilan subpudrat shartnomalarini tuzishi mumkin.
Bajarilgan ishlarga haq to’lash tartibi va muddatlari buyurtmachi tomonidan qonnun hujjatlarida yoki shartnomda ko’rsatilgan ishlar asosida amalga oshirilishi lozim. Shartnomada obyekt bosqichlariga bo’linib topshirilishi xususida kelishilgan bo’lsa, buyurtmachi o’zi bosqichma-bosqich qabul qilgan obyektlar uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishi lozim. Taraflar o’zaro kelishgan hollarda buyurtmachi tegishli obyektni qurish uchun lozim bo’lgan harakatlar summasini oldindan puratchiga o’tkazib qo’yishi ham mumkin.