MAJLISIY
XVI asr adabiyotining o’ziga xos namoyandalaridan bo’lgan shoir Majlisiy o’zbek adabiyoti tarixiga alohida xususiyatlarga ega bo’lgan o’ziga xos doston janrining vakili sifatida kirib kelgan ijodkorlardandir. Majlisiyning hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar nihoyatda oz. Uning faqat taxallusigina ma’lum, ismi, tug’ilgan va vafot etgan yillari, vatani qayer ekanligi noma’lum. Uning haqidagi ilmiy adabiyotlarda Xorazmda tug’ilgan, deb taxmin qilinadi. Hasanxo’ja Nisoriyning «Muzakkir ul-ahbob» tazkirasini o’zbek tiliga tarjima qilib, so’z boshi va izohlar bilan nashr ettirgan. Ismoil Bekjon Husaynqulixon Azimobodiyning «Tazkirai nashtari ishq» asarida keltirilgan ma’lumotga asoslanib, Majlisiyning Hirotda yashagani, dastlab G’aribiy taxallusi bilan ijod etgani, Husayn Boyqaro suhbatlarida qatnashgani va Majlisiy taxallusini qabul qilganligini yozadi. Shuningdek, Majlisiyning Hasanxo’ja Nisoriy tazkirasida Bobur bilan bo’lgan voqeasi 1507-1512 yillar orasida sodir bo’lganligi, keyin shoirning o’zbek xonlari xizmatiga o’tib Buxoroga kelganligi, Ubaydulloxon zamonasida yashab, 1520 yillar atrofida vafot etganligini ma’lum qiladi. Olim Sarafiddinov esa 1945-yilda nashr etdirilgan «O’zbek adabiyoti tarixi» xrestomatiyasining ikkinchi tomida Hasanxo’ja Nisoriyga asoslanib Majlisiy Ubaydulloxon saroyining obro’yli shoirlaridan bo’lib, rasmiy vazifada turganligini, Ubaydulloxon vafotidan keyin uning o’g’li Abdullazizxon xizmatida bo’lganligini qayd etgan. Ammo Nisoriy asarida bunday ma’lumot uchramaydi. Agar bu to’g’ri bo’lsa, Majlisiy 1540-yillargacha yashagan bo’ladi. Bu ma’lumotlar ishonchli manbalar bilan tasdiqlanmagan. Agar Majlisiy Hirotda Husayn Boyqaro majlislarida ishtirok etib, hatto taxallusini o’zgartirganligi rost bo’lsa, Alisher Navoiy uni albatta «Majolis un-nafois»ga kiritgan yozud Bobur uni «Boburnoma»da eslagan bo’lardi. Chunki «Boburnoma»da Husayn Boyqaro saroyida bo’lgan hamma shoirlar tilga olingan. Hech bo’lmaganda, o’zi bilan Majlisiy orasida bo’lib o’tgan voqea sababli shoirni unutmagan bo’lardi. Shu sababli bu ma’lumotlar hozircha taxmin xususiyatigagina ega. Majlisiy haqidagi ishonsa bo’ladigan yagona ma’lumot Hasanxoja Nisoriy tazkirasidagi rivoyat, deb aytish mumkin. Buni rivoyat deganimizning sababi shundaki, tazkira bu voqeadan deyarlik 50 yildan ortiq vaqt o’tgach yozilgan. O’zi ham rivoyat tariqasida hikoya qilingan. Uni quyida to’la keltiramiz: «Mavlono Majlisiy xushsuhbat va majlisga oro beruvchi kishi ekan. Qofiya imkoniyatni qanchalik cheklamasin, uning ilhom tulpori o’zini keng maydonda chopayotgandek his qilar ekan. U so’z to’pini mahorat chavgoni bilan tortib olarkan. Yaxshi she’rlari va diltortar so’zlari bor. Qasidalari latif va g’aroyib. Bobur podshoh madhida qasida aytib, uni muborak majlisida o’qib berayotganda, podshohning xotiriga uni etti ming tanga bilan mukofotlash keldi. Qasidani o’qish jarayonida podshohning esiga tasodifan Chig’atoy hajv qilingan ruboiy kelib, Muhammad Soleh bu ruboiyni qanday munosabat bilan aytganligini so’radi. Mullo ruboiy podshohga ma’qul bo’lgan ekan, deb o’ylab, ruboiyni aytgan men, ammo u Muhammad Soleh nomiga noto’g’ri shuhrat topgan, dedi. Podshohning avzoi o’zgarib, uni qatlga buyurmoqchi bo’ldi. Ammo avf so’rayotganlar tomonini ma’qul ko’rib aytgan ekanki, she’rining mukofoti uchun qaror qilingan etti ming tangani xuni bahosiga qaytarib, o’zini quvib yuborsinlar». Qasidaning matlai:
Soqiyo, barxez ki mashshotai bog’ ast nasim,
Dastai oyini jom kun az soidi sim.
Do'stlaringiz bilan baham: |