Qo`ng`iz mo`ylov, chalabosh,
Gitler degan alvasti.
Qilgan mudhish jinoyat,
Hech yoddan chiqmas asti.
Tag-tugi yo`q bu maxluq,
Odamxo`r ekan bilsak,
Nimalar qilmas edi,
Erkiga qo`yib bersak!
Bobo nutqidagi nozik o`xshatishlar, ayniqsa, Gitlerning odamxo`rligi, tashqi ko`rinishining beo`xshovligi bolalar qulog`ini ding qiladi. She’rda bolalarni hayratga solgan narsa Gitlerning ko`rinishigina emas, balki unga hikoyachining nafratli munosabati hamdir. Boboning Gitler boshliq fashistlar haqida hikoya qilayotib g’azabdan yuzlarining oqarib, o`zgarishi tinglovchilarda ham, kitobxonda ham Gitlerga nisbatan nafrat uyg`otadi.
Yuqorida Vatan posbonlarining jasorati ko`proq o`zga shaxs, xususan, otalar, ukalar va bolalar tilidan hikoya qilinishiga to`xtalgan edik. Ota-onalarning farzandlari yohud farzandlarning ota-onalari, ukalarning akalar bilan faxrlanishi, o`zlarini ular jasorati uchun qay jihatdandir daxldor hisoblashlari tabiiy holdir.
Ikkinchi jahon urushidan keyin o`tgan davr ichida o`nlab dostonlar, ertaklar, ertak-dostonlar maydonga keldi. Oybekning “Zafar va Zahro”, “Bobom”, Q.Muhammadiyning “Dunyoda eng kuchli nima?”, “Solijon”, Shukur Sa’dullaning “Laqma it”, “Ikki donishmand”, Po`lat Mo`minning “O`rinbosarlar”, “Eh, rosa shirin ekan”, “Xolning jiyron velosipedi”, «Oltin nay», «Jalil eshitgan ertak”, Qudrat Hikmatning “Toshbaqalar hujumi”, “Bobo dehqon hangomasi”, “Chovkar”, “Chirchiq farzandi”, Ramz Bobojonning “Cho`pon o`g’li”, Safar Barnoyevning “Biz dehqon bolasimiz”, “Oltin shahar haqida afsona”, “Oltin oshiqlar”, Miraziz A’zamning “Aqlli bolalar”, “Bedananing buvisi”, Tursunboy Adashboyevning “Dovonlar”, “Harflarning sarguzashti”, Toshpo`lat Hamidning “Asrorqulning qo`chqori”, Ergash Raimovning “Bir dona yaproq”, Rauf Tolibning “Sehrgar do`stim bor”, “Maqtanchoq”, Azim Usmonning “Faroyib Ajdarho”, Kavsar Turdiyevaning “Toshkesarlar mamlakatida” kabi ertak va ertak-dostonlari yaratildi.
Shoir Po`lat Mo`min “Ko`ngil istar yaxshilik” asarida bolalar o`rtasidagi do`stlik, birodarlik, o`qituvchi va jonajon maktabga muhabbat, birlik, baynalmilallik masalalarini ilgari suradi. Bolalar hayotida sodir bo`ladigan yutuq va kamchiliklar badiiy bo`yoqlarda, qiziqarli epizodlarda chizib beriladi. Bir so`z bilan aytganda, maktab o`quvchilarining jozibali hayoti zavq-shavq bilan tasvirlanadi.
Shoir eng avvalo yangi “mahallaning chiroyi” bo`lgan jonajon maktab binosi haqiqatan ham “bilim saroyi”ga aylanib ketganligini maroq bilan tasvirlaydi. Ana shundan keyingina o`quvchini bu erda ta’lim-tarbiya olayotgan o`z qahramonlari bilan tanishtiradi. dostonning har bir sahifasida ezgulik, olijanob insoniy fazilatlar qabartirilgan holda yoritiladi. Asarning asosiy syujet chizig’ini tashkil etgan O`ktam obrazi yosh kitobxonni o`ziga maftun etib oladi. U juda sho`x, olov qalbli. Tomda varrak uchirib yurib yiqilib tushgan, shuning uchun “miyasi sal lat egan”. Natijada asab kasaliga giriftor bo`lgan. O`ktam oqko`ngil, rostgo`y, haqiqatchi bola. U hayotga haqiqat ko`zi bilan qaraydi, boshqalarning ham shunday bo`lishini istaydi. Ammo o`zi o`qiydigan sinfda Tolibga o`xshagan ba’zi o`yinqaroq, qitmir, shoir so`zi bilan aytganda “olifta” bolalar uning jig’iga tegadi, asabini buzadi, kasalini qo`zg’aydi, bemorligi sababli sinfdan-sinfga o`tolmaganini yuziga soladi.
Yaxshi gapning shaydosi bo`lib qolgan O`ktamning kasali qo`zg’ab, yiqilib qolishi yosh kitobxonda O`ktamga nisbatan chuqur achinish, Tolibga nisbatan esa nafrat hissini uyg`otadi.
Bir necha kundan so`ng tuzalib ketgan O`ktam o`qishga sho`ng’ib ketadi.
Tolib o`qituvchi Shokir akaning kasal bo`lib qolganini eshitib, xursand bo`ladi, darrov o`yin-kulgi, bekorchilik haqida og’iz ko`pirtirib gap sotadi:
Shokir akamiz bu gal
Yaxshiyam bo`bdi kasal.
Darsga kelmasmush ancha,
O`ynaymiz xohlagancha, -
deb bemor bo`lib qolgan ustoziga achinish o`rniga xursandchiligini bildiradi. Bu gap O`ktamga qattiq botadi. Shunda u Tolibni yaxshilikka chaqiradi, bemor odamga, o`qituvchi-ustozga bunday munosabatda bo`lmaslik kerakligini uqtiradi. Ammo janjalkash Tolib bu gaplarga quloq solish o`rniga O`ktamning jig’iga tegadi, asabini buzadi, uni musht ko`tarishga majbur qiladi. Kasali qo`zg’agan O`ktam yana shifoxonaga tushib qoladi. Sinfdagi ayrim o`quvchilar Tolibni urib qochib ketdi, degan gap tarqatishadi. Faqat samimiy do`st Qodirgina bu gapga ishonmaydi. O`ktamning beozor, sofdil ekanligini isbotlashga urinadi.
Tolib O`ktam ustidan o`qituvchi-ustozlarga arz qiladi. O`ktamning uyiga otasini boshlab boradi. Lekin voqea davomida kitobxon Tolibning chaqimchi, o`qishga xushi yo`q, gerdaygan bola ekanini bilib oladi.
Dostonda jamoat tarbiyasining ahamiyati g’oyatda chuqur ifodalangan. O`ktam sog’ayib o`qishga qaytadi. O`ktam va Tolib janjali muhokamasiga bag`ishlanib o`tkazilgan sinf majlisi dostonning eng avj nuqtasi hisoblanadi. Bu yerda haqiqatgo`ylik, a’lo o`qish, do`stlarni, kattalarni hurmat qilish, axloq-odobda boshqalarga o`rnak bo`lish kabi masalalar targ’ib etiladi. Yolg`onchilik, beodoblik, o`zgalarni mensimay xudbinlik qilish qoralanadi.
Qodirning yig’ilishdagi so`zi ayniqsa, xarakterlidir. U haq gapni aytadi. O`ktamning gunohsiz, Tolibning esa aybdor ekanligini birma-bir isbotlaydi, hammani o`z fikriga ishontira biladi.
Natijada Tolib dakki eydi, o`z qilmishini bo`yniga olib, bemor o`rtog’ini nojo`ya xafa qilib yurgani uchun ichi achiydi.
Asarning oxirida Tolib avvalgi gerdaygan, olifta, dimog’dor bola emas, aksincha, oddiy, shirinsuhan o`quvchiga aylanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |