19 - Mavzu: Mantiq fanining predmeti,
maqsadi va vazifalari.
Reja:
Mantiq fanining predmeti, maqsadi, vazifalari.
Tafakkurning asosiy qonunlari.
Tushunchaning mohiyati, turlari va ular o’rtasidagi munosabat.
Xulosa.
1 – savol: Logika so’zi yunoncha – logos so’zidan olingan bo’lib, so’z, tushuncha, fikr, tafakkur ma’nolarini bildiradi. Osiyo xalqlarida logika mantiq shaklida qo’llaniladi. Mantiq – fikr yuritishning qounun-qoidalari, usullari, shakllari haqidagi fan.
Logika so’zi hozir ko’p ma’nolarda qo’llaniladi. An’anaviy jihatdan logika tushunchasining uch tomoni bor: birinchisi – ontologik tomoni – u ob’yektiv dunyo hodisalari o’rtasidagi o’zaro zaruriy aloqani o’rganadi va narsalar mantiqi deb yuritiladi, ikkinchisi – gnosologik, ya’ni bilimlar mantiqi tushunchalar o’rtasidagi zaruriy aloqani tekshiradi, uchinchisi esa, sof mantiqiy tomoni isbotlash va rad etish logikasidir. Ma ntiqning dastlabki ikki tomoni falsafa va dialektik mantiqqa mansubdir, uchinchisi tomoni – formal logikani tashkil etadi.
Biz ijtimoiy taraqqiyot mantiqqa asoslanib, jamiyat o’z-o’zidan rivojlanuvchi tizimdir, degen xulosaga kelamiz. Albatta, bundan so’z hayot taraqqiyoti qonuniyatlarining ichki zaruriyati, ya’ni mantiq haqida boradi. Agar so’z biror odamning nutqidagi mantiqning kuchi yoki, aksincha, uning muhokamasida mantiq yo’qligi haqida boradigan bo’lsa, u vaqtda so’z ichki zaruriy qonuniyatli bog’lanish, borlikdagi narsalar va hodisalar haqida emas, balki bizning fikrimiz, buyumlar haqidagi muhokama haqida boradi.
Fikrimiz bog’lanishi va taraqqiyotidagi ichki zaruriy qonuniyat inson irodasi uning psixik holati va boshqalarga muhtoj bo’lmagan qonuniyatdir. Bu qonuniyatlar moddiy olamdagi narsalar va ular o’rtasidagi bog’lanish hamda munosabat xarakteriga bog’liq va ular inson tafakkuri mazmunini tashkil etadi. Shuning uchun ham tafakkur mantiqi mazmunini narsalar mantiqi tashkil etadi. Demak, tafakkur mantiqi narsalar yoki mantiqin’ikosidir.
Biz tafakkurimizdagi muhokama yordami bilan bir hukmdan ikkinchi hukmni chiqarib, fikrda aks ettirilgan buyumlar va ular munosabatini uzviy bog’laymiz. Chunki hayotimizdagi narsa va hodisalar bizning muhokamamizda o’zaro aloqadorlikda o’z ifodasini topadi. Masalan, hamma vaqt chigit bahorda ekilib, paxta kuzda teriladi deb muhokama qilsak, bunday muhokama mantiqiy bo’lishining asosiy sababi shundaki, biz haqiqatdagi bog’lanish qanday bo’lsa, uning o’zini xuddi shunday iyaodalaymiz.
Tafakkur ko’p qirrali, murakkab, shu bilan birga, bir butunni tashkil etadigan aqliy jarayondir. Demak, mantiq deganda biz insonlarning kundalik faoliyatida, munosabatlarida, ya’ni amalda namoyon bo’lib turuvchi to’g’ri, tartibli, aniq, asosli,ya’ni mantiqiy fikr yuritishni tushunamiz.
Shu ma’noda, mantiq ob’yektiv olamning rivojlanishi va o’zgarishining inson tafakkuridagi in’ikos qonunlari va shakllari haqidagi fandir. Demak, uning predmeti tafakkurning shakl va qonunlarini o’rganishdan iborat. Tafakkurning uch xil: tushuncha, hukm, xulosa chiqarish kabi shakllari mavjud.
1. Tushuncha deb, buyum va xodisalar xususiyatlari, umumiy va muxim belgilarining yaxlit holda ifodalanishiga aytiladi.
Masalan, «odam» tushunchasini olaylik. Uning birinchi xususiyati – mehnat qurollarini, vositalarini tayyorlaydi; ikkinchi xususiyati – ijtimoiy hayot mahsuli; uchinchi xususiyati – odam ongli mavjudot. Demak, tushuncha olamning tafakkurda in’ikos etish shakllaridan biri, uning yordamida hodisalarning, jarayonlarning mohiyati bilib olinadi, ularning muhim tomonlari va belgilari umumlashtiriladi.
2. Hukm esa buyum va hodisalarning belgilari to’g’risida tasdiqlab yoki inkor qilib aytilgan fikrdir. Masalan, mehnatkashlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash hozirgi kun talabi, inson ijtimoiy mavjudot.
Hukm tushunchalarda tashkil topadi va u hodisalar o’rtasidagi sababiy bog’lanishlarning ongimizdagi in’ikosi, ya’ni o’z shakliga ko’ra hukm odatda ikki tushunchaning bog’lanishidan iborat.
3. Xulosa chiqarish tafakkurning asosiy mantiqiy shaklidir. Xulosa chiqarish muhokamaning shunday jarayoniki, bir necha hukmdan chiqarilgan yangi hukm aqliy xulosadir. Ma ’lum xulosa chiqarishga tayanch manba bo’ladigan hukmlar mantiqiy asos deyiladi. Ulardan ma ntiqdan kelib chiqadigan yangi hukm xulosa deyiladi. Masalan, ustozlarni hurmat qilish olijanob fazilat, har bir mutaxassisning o’z ustozi bor va hokazo. Ammo shunday xulosalar borki, ularning amalda sezgi organlarimiz orqali his qilishimiz mumkin emas. Masalan: yerningo’z o’qi atrofida aylanish tezligi taxminan 1650 km. soatga teng; 2) ekvatorning uzunligi 40000 km ga teng. Demak yer o’z o’qi atrofida 24 soatda bir marta aylanib chiqadi, (40000:1650q24 soat 25 minut).
Xulosaning to’g’ri bo’lishi uchun xulosa asosida yotgan hukm to’g’ri bo’lishi, hukm xlosada o’z aksini topishi kerak. Masalan, «Jamiyat ob’yektiv qonuniyatlar asosida rivojlanadi», «Bozor munosabatlari – jamiyat rivojlanishining ob’yektiv qonuniyatlaridan biridir». Demak, jamiyat bozor munosabatlari asosida rivojlanadi.
Bilish jarayonida til muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, inson moddiy mavjudot sifatida buyumga xos shaklda mavjuddir. Bilish til shakliga kirgandagina hissiy qabullanadigan buyumlar – belgilar sistemasi bilan ifodalangandagina u bilan ish ko’rish mumkin. Demak, tafakkur voqelikni abstraksiyalashgan va umumlashgan obrazlarda aks ettiradi. Bilim til belgilarida mavjud bo’lib, ular olamdagi u yoki bu hodisalarning, jarayonlarning bildiruvchilik tasviriga ega.
Ammo bilimlarimizning hammasi ham haqiqat bo’lavermaydi. Masalan, ertalab quyosh juda yaqindan, tepalik ortidan chiqib kelayotgandek ko’rinadi. Aslida bunday emas, bunda narsa, hodisalarning haqiqiy munosabatini va hislatlarini to’g’ri aks ettirmaydi. Bilimlarning haqiqatligi insonning amaliy faoliyatida, tajribada aniqalanadi.
Inson amaliyoti bilish asosi va haqaiqat mezonidir. Amaliyot dastavval: insonning mehnat faoliyatidir, mehnat esa sanoatda: qishloq xo’jaligida, mada niyatda, ilmda turli shakllarda namoyon bo’ladi.
Tafakkur qonunlari esa fikr yuritishning barcha shakllarida sodir bo’ladigan ichki zaruriy bog’lanishlarni aks ettiruvchi eng umumiy qonunlardir. Mantiqda tafakkurning to’rtta qonuni o’rganiladi. Ular ayniyat, ziddiyat, uchinchisi istisno hamda yetarli asos qonunlaridir. Bu qonunlarga rioya qilib fikr yuritish, xulosaning aniq, izchil, asosli bo’lishini ta’minlaydi va xato fikrlar hosil qilishdan saqlaydi.
Tafakkur shakllari va qonunlari ob’yektiv xaraketrga ega.
Mantiqning fan sifatida shakllanishi qadimgi grek faylasufi Aristotel nomi bilan bog’liq. Aristotelning «Organon»nomli asari tafakkur shakllari haqidagi 6 asarni o’z ichiga olib, bu asarlarda tushuncha va hukm, sillogistik xulosa chiqarish va isbotlash, tafakkur qonunlari chuqur tahlil qilingan bo’lib, ular keyinchalik formal mantiq dnb nomlanadi.
Aristotelь ta’limoti keyinchalik bir qancha jihatlarda dialektik mantiq, formal mantiq sifatida rivojlantirildi. Ayniqsa, ingliz faylasuflari F.Bekon (1561-1626) va D.S.Millning (1806-1873) induksiya nazariyasi, fransuz faylasufi R.Dekartning (1596-1650) deduksiyaga oid ta’limoti, nemis mutafakkiri G.V.Leybnitsning tafakkur masalalarini matematik metod bilan yechish haqidagi g’olari va shu kabilar mantiq ilmining turli tarmoqlarining shakllanishi va rivojlanishida muhim rolь o’ynaydi.
Nemis klassik falsafasining asoschisi I.Kant (1724 – 1804) tafakkur tuzilishini izchil formalistik talqin qilish bilan birinchi marta formal mantiqning predmetini va qo’llanish sohasini qat’iy chegaralab berdi. Natijada falsafa oldiga tafakkur dialektikasini o’rganuvchi yangi mantiq yaratish vazifasi paydo bo’ldi. Dialektik mantiqni sistemali tarzda Gegelь ishlab chiqdi va uni mutloq ruhning umumiy taraqqiyoti haqidagi ta’limot deb atadi.
Formal mantiq tafakkurning aniq mazmunini nazardan soqit qilib, asosiy e’tiborni uning tuzilishiga qaratadi. Tafakkur shakllari o’rtasidagi bog’lanishlarni formal mantiq faqat ularning tuzilishi nuqtai nazaridangina o’rganadi. Xususan hukmni tushunchalar, xulosa chiqarishni esa, hukmlar o’rtasidagi bog’lanish natijasi deb biladi, xolos. Tafakkur shakllarining vujudga kelishi va taraqqiyetishini, ular o’rtasidagi dialektik bog’lanishlarni o’rganish dialektik mantiq vazifasiga kiradi.
Dialektik mantiq tafakkur shakllarini ularda ifoda qilingan fikrning mazmuni bilan bog’liq holda, taraqqiyotida olib tekshiradi.
Tafakkur shakllari va qonunlari umuminsoniy xarakterga ega. Siyosiy qarashlari qaysi sinfga mansubligi va millatidan qat’iy nazar barcha kishilarning tafakkuri bir xil mantiq qonuniyatlariga bo’ysunadi.
Formal va dialektik mantiq haqida gapirilganda, tafakkurni o’rganuvchi yana bir fan matematik (simvolik) mantiq haqida ham fikr yuritmoq zarur.
Simvolik mantiq XIX asr o’rtalarida matematika fanining muhim yo’nalishlaridan biri shaklida vujudga keldi. Shu sababli matematik isbootlash uchun mantiqiy qurollardan foydalnish, matematik metodlar matematikaning tor doirasidan chiqib, bilimning ko’p tarmoqlari uchun va amaliy ishlar uchun xizmat qiladigan bo’ldi. Hozirda matematik mantiq metodlari fan va texnikada, kibernetikada, tarjimon mashinalar va boshqa ko’p xalq xo’jaligi sohalarida qo’llanilmoqda. Bulardan tashqari matematik metodlarni mantiqiy ayrim masalalari, ayniqsa xulosa chiqarish va isbotlashda foydalanish ham yo’lga qo’yildi.
Matematik – simvolik mantiqning tub mazmuni xulosa chiqarish asosidagi tushunchalar va hukmlar asosida formal – mantiq bog’lanishlarni tashkil etishdir. Matematik mantiq mantiqning algebrasi uning yordamida mantiqli hisoblash ishi bajariladi. Simvolik mantiqda ifoda etiladigan tushuncha, hukm va xulosalar shartli belgilar orqali ko’rsatiladi. Odatda, ayrim muhokamalar a,v,s degan lotin harflari bilan belgilanadi. BOg’lovchi «va»-kon’yuksiya belgisi bilan: ayiruvchi hukm belgisi «yoki» - diz’yunksiya belgisi bilan, shartli hukm «agarda-unda! U simvolik belgisi bilan ifodalanadi.
Mantiq fanini rivojlantirishda O’rta Osiyo mutafakkirlaridan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi qomusiy olimlar katta hissa qo’shdilar. Forobiy o’zining «Falsafaning kelib chiqishi» risolasida mantiq fani rivojlanishining asosiy bosqichlari va uning arab mamlakatlariga o’tish tarixini ilmiy asosda izchil tadqiq etib berdi. Forobiy fikricha, mantiq bu to’g’ri fikrni amalga oshirish, haqiqatni qo’lga kiritish, to’g’ri fikr yuritish san’atidir. U fikrda turli xatoliklarga yo’l qo’ymaslikni ta’minlaydi.
- «Mantiq to’g’risidagi risolaga muqaddima» asarida Forobiy mantiqqa shunday ta’rif beradi: «Bu shunday bir san’atki u har doim odam notiqlikda adashib qoladigan bo’lsa, to’g’ri fikrashga olib keluvchi va aql yordamida biror – bir xulosa qilinadigan bo’lsa, xatolardan asrovchi narsalarni o’z ichiga oladi».
Demak, mantiq fikrning to’g’ri bo’lishini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
- Forobiy til haqida gapirib, u milliy xarakterga ega, mantiq qoidalari esa umuminsoniy xarakterga ega ekaьnligini alohida ta’kidlaydi.
- Forobiy fikricha, sillogizm (xulosa chiqarish yoki Aristotelь ifodalangan deduksiyaning ma ntiqiy sistemasi) va isbotlash usuli eng to’g’ri, haqiqatga olib boruvchi usul, ilm-fan, fa lsafaga asoslanishi lozim. Forobiy asosiy mantiqiy shakllar-tushuncha, hukm va xulosa chiqarish, deduksiya haqida fikr yuritadi. Bular Forobiy mantiqining muhim qismini tashkil etadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Forobiy fikrlashning asosiy qoidalari –aynanlik, hukmlarning o’zaro zid bo’lmasligi, har qanday xulosaning asoslanganligi, izchilligi kabi muhim logik masalalarni har tomonlama taxlil qilib bergan.
- Ibn Sino Forobiy ishini davom ettirdi. Ibn Sino «imorat va tanbiqot», «Aq-Najot», «Donishnoma» asarlarida manti ilmini barcha ilmlarning ajralmas qismisifatida talqin qildi. Demak, uning fikricha, mantiq shunday bir qurolki, uning talablariga amal qilish yoramida inson tafakkuri xato va yolg’ondan saqlab qolinadi. Mantiq haqiqatni bilish to’g’risidagi ma’lum bilimdan noma’lum bilishga o’tishning qoidalari, shakllari, usullari haqidagi fan sifatida ob’yektiv olamni bilish uchun xizmat qiladi.
- Ibn Sino mantiqida tushuncha, hukmlar, xulosalar chiqarish, ularning turlari, tuzilishi, deduksiya masalalari har tomonlama tahlil qilingan. U mantiq matematik tushunchalarni, belgilarni qo’llashga harakat qildi va mantiq fanini yangi bosqichga ko’tardi.
2-savol: Mantiq fani tafakkurning quyidagi qonunlarini o’rganadi. Ayniyat qonuni. Ob’yektiv voqelikdagi predmet va hodisalarning doimo o’zgarib turishiga qaramay, ularda nisbiy barqarorlik mavjud, u o’z ifodasini ayniyat qonunida topadi. Predmetlar va hodisalar bir holatdan ikkinchi holatga o’tib turadi, lekin ular ma’lum vaqtda ma’lum xususiyatlarni saqlab qoladi, o’sha ma’lum predmetli yoki hodisalik holatidan chiqib qolmaydi. Masalan, ilgari bizga tanish bo’lgan biror odamni ma’lum muddat o’tgandan so’ng ko’rsak, uning anchagina o’zgarib qolishiga qaramay, baribir tanib olamiz. Ayniyat qonuni fikralsh jarayonida fikrning aniqligini, muayyanligini ifodalaydi. Nisbiy barqarorlik tufayli tabiat va jamiyatdagi predmetlar va hodisalar hamda ularning inson ongidagi in’ikosi bir-biri bilan aralashib ketmaydi, shu tufayli odamlar fikrlash jarayonida bir necha ma’noli so’zlarni, iboralarni ishlatmaslikka harakat qiladi. Ayniyat qonunini quyidagicha ifodalash mumkin: ma’lum bir predmet va hodisa haqida aytilgan ayni bir fikr, ayni bir muhokama doirasida ayni bir vaqtda o’z-o’ziga tengdir. U «A-Adir» formulasi orqali beriladi. Biror fikrni ma’lum bir ma’noda, ma’lum bir mazmunda bayon qilar ekanmiz, o’z muxokamamiz davomida fikrning shu mazmunida saqlab qolishimiz kerak. Aks holda fikr yuritishda chalkashlik, turli hatolar kelib chiqishi mumkin. Bilishda ayniyat qonunining ahamiyati katta. Bu qonunga asoslanib suxbatdoshdan to’g’ri fikr bilan hisoblashishni talab qilish mumkin.
Ayniyat qonuni predmet va hodisalarning nisbiy barqarorligini ifodalaydi, lekin bu qonunga rioya qilish fikrlarni o’zgartirmasdan qo’llash kerak, degan ma’noni anglatmaydi. Predmetlarni, hodisalarni o’rganishimiz davomida ular haqidagi bilimlarimiz rivojlanib boradi. Shuning uchun ham fikrning mazmuni predmet va hodisalarni to’liqroq bilib olishimiz bilan o’zgarib boradi. Ayniyat qonuni buni rad qilmaydi, aksincha uni hisobga olishni taqozo qiladi.
Ziddiyat qonuni. Kishilar o’z faoliyatlarida predmet va hodisalar bir vaqtda, bir sharoitda biror xususiyatga ham ega bo’lishi, ham ega bo’lmasligi mumkin emasligini bilganlar.Bu hodisa bilimimizda ziddiyat qonuni sifatida shakllanib qolgan. Ziddiyat qonuni tafakkurning ziddiyatsiz hamda izchil bo’lishini ta’minlaydi. Ziddiyat qonunini quyidagicha ifodalash mumkin: Ayni bir predmet yoki hodisa haqida aytilgan ikki zid fikr bir vaqtda bir nisbatda chin bo’lishi mumkin emas. Bu qonun «A ham B emas bo’la olmaydi» formulasi orqali beriladi.
Ziddiyat qonuni zid va qarama - qarshi hukmlarga nisbatan qo’llaniladi. Zid hukmlardan birining hatoligidan ikkinchisining chinligi kelib chiqadi, qarama - qarshi hukmlardan birining xatoligidan ikkinchisining chinligi kelib chiqmaydi, ularning ikkalasi ham xato bo’lishi mumkin.
Ziddiyat qonuni to’g’ri fikr yuritish jarayonida amal qiladi. Bu qonun talabiga binoan fikr mantiqiy ziddiyatlardan holi bo’lishi kerak. Mantiqiy ziddiyatni predmetlar va hodisalarda mavjud bo’lgan ob’yektiv ziddiyatlardan farq qilish kerak. Birinchisi, tafakkurda yo’l qo’yib bo’lmaydigan ziddiyat bo’lsa, ikkinchisi predmet va hodisalar taraqqiyoti ichki manbaini tashkil qiladigan ziddiyatdir. Ba’zida, ikki qarama -qarshi fikr aytilganda mantiqiy ziddiyat bo’lmasligi ham mumkin. Bunda qarama qarshi fikrlar bir masala yuzasidan turli muhokama doirasida turli vaqtda, turli nisbatda aytilgan bo’ladi.
Uchinchisi istisno qonuni. Uchinchisi istisno qonuni ziddiyat qonuni bilan uzviy bog’liq bo’lib u ikki o’zaro zid fikrning munosabatini ifodalaydi. Bilish jarayonida biz fikrimizda ob’yektiv olamdagi predmet va hodisalarning ayni bir vaqtda mavjud yoki mavjud emasligini, ularga biror xususiyat xos yoki xos emasligini aks ettiramiz.Bunday aks ettirishlarning juda ko’p marotaba takrorlanishi bizning tafakkurimizda uchinchisi istisno qonuni sifatida o’z ifodasini topadi. Bu qonun quyidagicha ifodalanadi: ayni bir predmet yoki hodisa haqida bir – birini inkor qiluvchi ikki zid fikr ayni bir muhokama doirasida ayni bir vaqtda, ayni bir nisbatda xato bo’lishi mumkin emas, ularning biri albatta chin, ikkinchisi albatta xato bo’ladi, uchinchi xolning bo’lishi istisno. Uchinchisi istisno qonuni «A B yoki B emasdir» formulasi orqali beriladi. Masalan, «Axmedov mantiqni o’rgangan», «Axmedov mantiqni o’rganmagan» degan ikki zid fikr berilgan bo’lsa, ularning biri chin, ikkinchisi xato, uchinchi xolning bo’lishi mumkin emas. Uchinchisi istisno qonunini bilish biror muxokamada to’g’ri xulosa chiqarish uchun muximdir. Bu qonun o’zaro zid qarashlarni aralashtirib yuborishga yo’l qo’ymaydi.
Yetarli asos qonuni. Tabiat va jamiyatdagi predmet va xodisalar bir – biri bilan bog’liq xolda rivojlanadi. Ular o’rtasidagi sababiy bog’lanishlar eng muxim bog’lanishdir. Predmet va hodisalardan birining mavjudligi boshqasining mavjud bo’lishini taqozo etadi. Boshqasiga nisbatan avvalroq ro’y beradigan boshqasini yuzaga keltiradigan xodisa sabab, undan keyin amalga oshadigan hodisa natija deb ataladi. Sabab hodisani – asos, vujudga kelgan hodisani – oqibat deymiz. Bunday bog’liqlik inson tafakkurida yetarli asos qonuni shaklida namoyon bo’ladi. Inson fikri boshqa, oldingi bir fikr bilan taqozo qilinadi. Har bir predmet va hodisaning real asosi bo’lgani kabi, ularning in’ikosi bo’lgan fikrimiz ham asoslangan bo’lishi kerak. Bu o’z navbatida yetarli asos qonunining mazmunini tashkil qiladi. Bu qonunning talabiga binoan har qanday predmet va hodisa haqida aytilgan fikr asoslangan bo’lishi kerak. Yetarli asos qonuni «Agar B mavjud bo’lsa uning asosi sifatida A ham mavjud» formulasi orqali beriladi. Asoslash bayon qilingan chinligini chinligi ilgaridan aniqlangan fikrdan keltirib chiqarish orqali amalga oshiriladi. Tafakkurning bu xususiyati yetarli asos qonunida ifodalangan. Mantiqiy asos sifatida turli – tuman aksiomalar, qoidalar, qonunlar keltirilishi mumkin. Yetarli asos qonuni fikr yuritishda ayniqsa, isbotlashda muxim axamiyatga ega. U to’g’ri xulosa chiqarishda, fikrlash jarayonida uchraydigan ayrim xatolarni anglashda yordam beradi.
Tafakkur qonunlari tafakkur formalari kabi uzoq davom etgan tarixiy taraqqiyot natijasidir. Bu qonunlar aqliy faoliyatning hamma ko’rinishida rioya qilinishi lozim bo’lgan qonunlardir.
3-savol: Tushuncha tafakkur shakli sifatida. Belgilar ularning turlari. Tushunchani vujudga keltirishda qo’llaniladigan asosiy mantiqiy usullar. Tushunchaning mazmuni va hajmi.
Buyumlarning umumiy va muhim belgilarini inson ongida yaxlit aks ettiruvchi tafakkur shakliga tushuncha deb ataladi. Tushuncha olamning tafakkurda in’ikos etish shakllaridan biri, uning yordami bilan hodisalarning, jarayonlarning mohiyati bilib olinadi va ular ning umumiy hamda muhim tomonlari, belgilari umumlashtiriladi. Tushuncha tarixan rivojlanuvchi bilish mahsuli, bu bilish quyidan yuqoriga ko’tarila borib, praktia asosida qo’lga kiritilgan natijalarni churqurroq tushunchalarda yakunlaydi. Eski tushunchalarni mukammalashtiradi, konkretlashtiradi va yangisini shakllantiradi. Tushunchalar uzil – kesil, absolyut bo’lmasdan, rivojlanish, o’zgarish holatida bo’lib, voqelikni aks ettirib taraqqiy qilib boradi. Tushunchaning mohiyatini chuqurroq tushunish uchun buyumlarning belgilarini va uning turlarini bilishimiz zarur. Belgilar deb buyumlarni bir-biriga o’xshashligi yoki bir-biridan farq qiladigan tomonlari va xususiyatlariga aytiladi.
Narsa yoki hodisada ma’lum sifat, xossaning mavjudligigina emas, mavjud emasligi ham uning belgisi bo’la oladi. Masalan, bu odamda oshqozon kasaligining yo’qligi, Toshkent Tibbiyot Akademiyasida qoloq talablarning yo’qligi yoki dorixonada ma’lum dorining bo’lmasligi.
Buyumlarning belgilari cheksiz, shu bilan birga turli-tumandir. Ularning ba’zilari faqat bir buyumga xos bo’lib, bu yagonalikni ifodalaydi, boshqalari buyumlarning muayyan guruhga Xos bo’lib ularning umumiyligini bildiradi. Masalan, har bir odam ma’lum belgiga, ya’ni yuz tuzilishi, yurishi, gaprishi, qaddi-qomati va hokazo konkret odamga xos bo’lib, boshqa odamlardan farqini ajratib turadi. Boshqa belgisi kasbi, millati, ijtimoiy ahvoli kabi umumiy xarakterga ega bo’lib ko’pchilikka xos belgilardir. Demak, agar buyum va hodisalar sifati bilan bir-biriga o’xshash yoki farqli bo’lsa buyum va hodisa belgisi deyiladi.
Buyumlarning ikki xil, ya’ni muhim va muhim bo’lmagan belgilarini aniqlash mumkin.
Buyumlarning ma’lum nisbatda olingandagi tub xususiyatlarini, ichki tabiatini, mohiyatini ifodalovchi belgi muhim belgi deb ataladi.
Buning tub mohiyatini, xususiyatini, ichki tabiatini ifodalamaydigan belgilari muhim bo’lmagan belgilar deb ataladi. Mantiq fani narsalarning tushunchalarda aks etgan muhim belgilarini o’rganadi.
Muhim belgilar tushunchalari shakllanishida hal qiluvchi rolini o’ynaydi. Tushunchalar buyumlarning muhim belgilarini aks ettirib, bu alohida va umumiy bo’lishi mumkin. Tushunchada bir qancha narsalar aks etib, bunga umumiy muhim belgilar kiradi. Masalan, insonning mehnat qurollarini yaratish kabi umumiy belgisi muhim belgisidir. Tushuncha narsalarning muhim belgilarini aks ettirib hissiy bilish shakllaridan farq qiladi.
Shunday qilib, mantiq buyumlarning tushunchalarda aks etgan muhim belgilarini o’rganadi.
Muhim belgilarning asosiy xislati ularning ob’yektivligidadir. Demak, muhim va nomuhim belgilar o’rtasidagi tavofut ham ob’yektivdir. Buyumlardagi qator belgilarni ajratib yaxlit ifodalovchi tushuncha buyumlar mohiyati haqidagi tushuncha bo’ladi. Tushuncha fikr shakli, u moddiy borliq in’ikosi.
Tushuncha-voqelikni ilmiy bilishning asosiy shakllaridan biridir. Tafakkur til bilan qanday bog’langan bo’lsa, tushuncha ham so’z bilan shunday bog’liqdir. Tushunchaning moddiy asosi so’zdir. So’zdan ajralgan hech qanday tushuncha yo’qdir. So’zsiz tushuncha paydo bo’lmaydi. Xar bir tushuncha so’z orqaligiga ifodalanadi. So’z tushunchaning moddiy – material qobig’idir. Tushunchaning tabiatini bilish so’zlar orqali amalga oshiriladi. Tushuncha tabiatni so’zlarsiz bilishga urinish noto’g’ri xulosaga olib boradi. Boshqacha aytganda, tushuncha so’z bilan eng yaqin uzviy bog’liq, shu bilan birga, so’z o’z xususiyatlari bilan tushunchadan farq qiladi. Binobarin, tushuncha buyumni in’ikos ettirsa, so’z buyum nomini ifodalaydi. In’ikos va nom bir xio ma’noni bildirmaydi. Marks aytganidek, buyumlar nomi uning tabiati bilan hech qanday umumiylikka ega emas.
Tushunchani vujudga keltirish uchun narsalarning muhim belgilarini ajratib olish zarur. Narsalarni muhim belgilari yuzada bo’lmasligi mumkin. Uning mohiyatini ochish uchun buyumlarni bir-biriga taqqoslash zarurdir. Bular mantiqiy usullar yordamida amalga oshiriladi. Bular: taqqoslash, analiz, sintez, abstraktlashtirish va umumlashtirish, fikrlash jarayonida kishilar ulardan keng foydalanadilar.
Voqelikdagi buyum va hodisalar o’rtasidagi o’xshashligi yoki farqni aniqlashda qo’llaniladigan mantiqiy usul taqqoslash deb ataladi. Taqqoslash yordamida buyumlar o’zaro solishtirilib, ularning o’xshash, umumiy tomonlari va bir-biridan farq qiluvchi o’ziga xos belgilari aniqlanadi.
Taqqoslashning natijasi chin bo’lishi uchun quyidagilarni hisobga olishimiz zarur:
Hamma vaqt bir-biri bilan haqiqatda bir tarzda o’zaro real bog’lanishi bo’lgan buyumlarni taqqoslab ko’rish.
Taqqoslash chin bo’lishi uchun qanday belgiga ko’ra qiyoslashimiz oldindan ma’lum bo’lishi.
Xar doim ikki yoki bir necha buyumni bir belgi asosida aynan bir nisbatda taqqoslash.
Xar qanday taqqoslash tasodifiy, duch kelgan belgilarga qarab emas, balki taqqoslanadigan narsalar uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan belgilar asosida bo’lishi kerak.
Taqqoslash analizni taqozo etadi. Binobarin buyumlarni yaxlit holda taqqoslab bo’lmaydi. Shuning uchun belgilariga ko’ra fikran ajratish lozim. Analiz yordamida buyum qism, tomonlarga fikran ajratilib har qaysisi alohida o’rganiladi. Buyumlarni alohida qismlarini o’rganib tafakkurimizda axlit holda tiklashimiz zarur.
Masalan, iqtisodchi kapitalizm va uning taraqqiyot qonunlarini o’rganish uchun fikriy analiz yordamida kapitalizmning elementlarini – tovar, baho, qiymat, qo’shimcha qiymat va hakozolarning mohiyati, Xususiyatlarini o’rganadi. Analiz qilish jarayonida fikr murakkabdan oddiylikka, umumiylikdan yakkaga, butundan bo’lakka qarab beradi. Fikrlash jarayonida narsalarni bilish uchun analizning o’zi kifoya qilmaydi, u har doim sintez bilan birgalikda u bilan bog’liq holda keladi.
Sintez analizga teskari usul. U narsalarni analiz natijasida qismlarga ajratilgan qism va tomonlarni fikran birlashtirib buyumni yaxlit xolda o’rganish jarayonidir. Biron bir ob’yektni o’rganish jarayonida uni bo’laklarga ajratib, keyin bu bo’laklarni bir butun yaxlit xolga keltirish, bunda fikriy sintez bevosita amaliy sintez bilan bog’liq xolda amalga oshiriladi. Masalan, mashina motorini o’rganish, bilish jarayonida uning qismlarini ajratib qaraymiz, so’ng motorni yig’amiz. Demak, analiz va sintez uzviy bog’liq. Sintez bo’lmasa buyum haqida yaxlit bir fikr hosil qilib bo’lmaydi.
Sintez qilish jarayonida fikr yakkadan umumiyga, qismdan butunga, konkretdan abstraktga qarab boradi. Sintez analizga asoslanadi va bilish jarayonida tushunchalarning vujudga kelishini yakunlaydi. Analiz va sintez usullari bir-biriga qarama-qarshi bo’lsa-da, ammo bir-birini to’ldiradi. Fikrlashda analiz va sintez abstrakt tushunchalar yordamida amalga oshiriladi va bunday tushunchalarni vujudga keltirishda muhim mantiqiy usullardan bo’lib xizmat qiladi.
Tushunchaning vujudga kelishidagi muhim mantiqiy usuldan biri abstraksiyalash – mavxumlashtirishdir.
Abstraksiyalash – bu bilishda ob’yektiv reallikdagi buyum, xodisalarning ikkinchi darajali, muhim bo’lmagan, alohida xususiyatlaridan uzoqlanish, mavhumlashtirish va ularning eng muhim asosiy, umumiy tomonlarini aniqlashdir.
Konkret belgilardan uzoqlashish va muhim belgilarni topish jarayoni abstraksiyalash deyilsa, shu jarayonning natijasi, xulosasi abstraksiya deyiladi. Abstraksiya tushuncha, kategoriya shaklida miyada mavjud bo’ladi.
Abstraksiyalash usuli fikrni umumlashtirish bilan bog’liqdir. Umumlashtirish – narsa va hodisalarning o’xshash hamda muhim belgi va xususiyatlarini, bog’lanishlarini fikran muayyan tushunchaga birlashtirish jarayoni va uning natijasidir. U ilmiy bilishning muhim vositasi. Umumlashtirishda ayrimlikdan umumiylikka o’tiladi. (Masalan, «issiqlik» tushunchasidan «energiya» tushunchasiga o’tish) va umumiy tushuncha, hukm, nazariyalar hosil qilishadi. Bunday tushunchalardan yuzaga kelgan umumiy bilim atrofni qurshab turgan moddiy olamni chuqurroq aks ettirib, uning mohiyatini anglab olishga yordam beradi.
Shunday qilib, taqqoslash, analiz-sintez, abstraksiyalash, umumlashtirish bular tushunchani hosil qilishning eng muhim usullaridir. Tafakkur yordamida qo’lga kiritiladigan har qanday mantiqiy bilim shakli bu usullarda foydalanish yordamida vujudga keladi.
Mantiqda tushunchaning mantiqiy tarkibi uning hajmi va mazmunidir. Har bir tushuncha o’z mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmuni unda fikr qilinayotgan buyumning muhim belgilari yig’indisidan iborat. Masalan, «odam» tushunchasi mazmuniga ishlab chiqarish quroli yaratadigan, abstrakt fikrlash, nutq qobiliyatiga ega bo’lgan tirik organizm xislatlari kiradi. Insoniyat jamiyati tarixi taraqqiyoti davomida tushuncha mazmuni ham o’zgarib boradi.
Bir tushuncha mohiyatiga kiradigan buyumlar, hodisalar yig’indisiga, to’plamiga tushuncha hajmi deyiladi. Masalan, «Odam» tushunchasi xajmiga o’tmishda yashagan, hozir yashayotgan va kelajakda yashaydigan hamma odamlar kiradi. Ayrim umumiy belgilarga ega bo’lgan predmetlarning yig’indisi to’planma tushuncha deyiladi. Masalan, «Universitet», «talaba», «somatoriy» kabilar. To’planma tushunchalar elemayentlar deb atalgan yakka ob’yektlardan tashkil topadi. Ularning soniga bog’liq holda chegaralangan «aniq» va chegaralanmagan to’planma tushnchalar mavjud.
Tushuncha hajmi tushuncha mazmuniga o’xshash zaruriy xolatdir, shuning uchun mazmunsiz hajm va xajmsiz mazmunli tushuncha bo’lishi mumkin emas.
Shuni e’tiborga olishimiz lozimki, har bir tushunchaning hajmi kengayishi bilan uning mazmuni torayadi va aksincha, ma zmuni keng bo’lsa, hajmi shuncha torayadi. Tushuncha hajmi va mazmunidagi teskari nisbat qonuni umumiydir.
Tushunchaning turlari. Biz tushunchalarni bir necha turlarga bo’lib o’rganamiz. Tushunchalarni bunday turli – tuman ekanligi ob’yektiv olamdagi narsalarning, hodisalarning turli-tumanligi bilan bog’liqdir.
Tushunchalar o’zining mazmuni va hajmlari jihatidan turli turkumlarga ajaraladi. Tushunchalar hajmi jihatidan yakka va umumiy tushunchalarga bo’linadi. Yakka tushunchalar ob’yektiv borliqdagi ayrim alohida buyum, hodisa va jarayonlarning umumiy va muhim tomonlarini aks ettiradi. Masalan, «Toshkent tibbiyot Akademiyasi» «Samarqand», «General Uzoqov», «Toshkent shahri», «Forobiy» kabilar.
Yakka tushunchalar ayrim predmetlarni aks ettirib uning hajmi ham yakkalikka barobar bo’ladi. Har bir narsaning o’ziga xos tomonlari bo’lib, u ma’lum makon va zamonda mavjuddir. Ob’yektiv borliqning ana shunday tomonlari yakka tushunchalar shaklida ongimizda ifoda etiladi.
Biroq buyum va hodisalar birgalikda, boshqa buyum va hodisalar bilan bog’langan holda mavjud bo’ladi. Masalan, «+ashqadaryo» tushunchasi «daryo» tushunchasi bilan uzviy bog’liqdir. Chunki uning yakka buyumga oid ayrim tomonlaridan tashqari, umumiy daryolarga xos tomoni ham bor. Ayrimlik ob’yektiv dunyoning bir tomoni bo’lib, uning yana bir muhim tomoni borki, bu uning bir butunligi, bir-biriga bog’liqligidir. Ob’yektiv borliqning ana shunday tomoni umumiy tushunchalarda aks etadi. Demak, bir yoki bir necha gruppa buyumlarining muhim, umumiy tomonlarini aks ettiruvchi tushunchalarga umumiy tuushunchalar deyiladi. Masalan, «zavod», «fabrika», «tabiat», «jamiyat», «kitob», «kasallik».
Umumiy tushuncha bir qancha buyumlarni aks ettirgani uchun uning hajmi keng bo’ladi. Uning hajmiga tushunchada aks ettirilgan barcha buyumlar kiradi.
Mazmuniga ko’ra tushunchalar quyidagi juft tushunchalarga bo’linadi. Konkret va abstrakt tushuncha.
Real predmetlar va hodisalarni aks ettiruvchi tushunchalarga konkret tushunchalar deyiladi.
Agar tafakkurda buyumning sifatlari, belgisi mustaqil holda aks ettirilsa abstrakt bo’ladi. Masalan, «tabib», «kitob», «sement», «davlat», «Axmad», «suv» kabilar konkret tushunchalar; «Javobgarlik», «go’zallik», «kasallik», «mangulik», «xalollik», «adolatsizlik», «balandlik» kabilar abstrakt tushunchalar.
Konkret va abstrakt tushunchalar o’rtasidagi farq buyumlar o’rtasidagi tafovutga asoslangan bo’lib, buyum xususiyati belgilari mavxumlashtirilgan aks ettiriladi.
Ijobiy va salbiy tushunchalar. Buyumlar xususiyatining mazmuni shu buyumga xos bo’lsa ijobiy tushuncha deyiladi. Masalan, «bilimdon iqtisodchi», «savodli», «dindor», «qobiliyat» va xakozo. Buyum xususiyatining mazmunida shu belgilar yo’qligi aks ettirilsa salbiy tushunchalar deyiladi. Masalan, «ilmsiz agronom», «dinga ishonmaydigan», «qobiliyatsiz», «umidsiz kasal» va xakozo.
Nisbatli va nisbatsiz tushunchalar. Predmetlarning mavjudligi boshqasining mavjudligini taqozo qilishini ifodalovchi tushunchalar nisbatli tushunchalar deyiladi. Masalan: «o’ng va so’l», «uzun va qisqa», «oriq va semiz», «o’quvchi va o’qituvchi», «aka-uka» kabilar. Bular nisbatdosh tushunchalar, chunki bularning birisiz ikkinchisi bo’lmaydi. Mustaqil mavjud predmetlarni boshqasiga bog’lanmay fikrlash mumkin bo’lgan tushunchlar nisbatsiz tushunchalar deyiladi. «Daraxt», «suv», «kitob», «rassom», «qalam» tushunchalari nisbatsiz tushunchalardir.
Tushunchalarni bo’lish. Bo’lishning turlari. Biz endi tushunchalarni bo’lish to’g’risida gapiradigan bo’lsak, tushunchaning hajmini unda aks etgan predmetni ayrim gruppalarga ajratish yo’li bilan aniqlashga bo’lish deyiladi.Bo’lish amalida bo’linuvchi tushuncha hajmi aniqlanishi lozim bo’lgan tushuncha,bo’lish asosi predmeti tushunchada fikr qilinadigan birorta umumiy belgisi va bo’lish a’zolari bo’lish natijasida hosil bo’ladigan tur tushunchalar tashkil etadi. Masalan, «O’zbekiston Respublikasi fuqarolari» tushunchasini (bo’lishuvchi tushuncha) ijtimoiy kelib chiqishiga ko’ra (bo’lish asosi) «O’zbekiston Respublikasi ishchilari», «O’zbekiston Respublikasi dehqonlari», «O’zbekiston Respublikasi ziyolilari» tushunchalariga bo’lish bilan uning hajmi aniqlanadi.
Tushunchaning bo’lish amaliy predmetlarni qismlarga ajratishdan farq qilish kerak. Masalan, samolyotni motor, qanot, kabina va shu kabi qismlarga ajratsak, uni qismlarga ajratgan bo’lamiz. Shuning uchun «qanot saolyotdir» desak, u xato bo’ladi.
Bo’lishning ikkita turi mavjud: asos bo’lgan belgisining o’zgarishiga qarab bo’lish genetik va dixotomik bo’lish. Birinchi turida buyumning birorta belgisi bo’lish uchun asos qilib olinib, uning o’zgarishiga muvofiq holda buyumlarning ayrim gruppalari aniqlanadi.
Bo’lish amali to’g’ri borishi uchun ma’lum qoidalarga rioya qilish kerak.
1). Bo’lish tip hajmi bo’lishi, ya’ni bo’lish a’zolari hajmlarining yig’indisi bo’linuvchi tushuncha hajmiga teng bo’lishi kerak. Bu qoida buzilsa, bo’lish to’liqsiz yo ortiqcha bo’lib qoladi.
2). Bo’lish bir asos bo’yicha amalga oshirilishi lozim. Boshqacha aytganda, asos qilib olingan belgi bo’lish davomida boshqa belgi bilan almashtirilmasligi lozim.
3). Bo’lish a’zolari bir-birini istisno qilishi kerak. Buning uchun ular birga bo’ysunish munosabatidagi tushunchalar bo’lishi kerak.
4). Bo’lish uzluksiz bo’lishi, unda sakrash bo’lmasligi kerak. Buning uchun jins tushunchaga eng yaqin bo’lgan bir tartibdagi tur tushunchalar olinmog’i lozim.
Dixotomik (Dixotomiya-grek tilidan olingan bo’lib, ketma-ket ikki qismga bo’lish ma’nosini bildiradi) bo’lish bo’linuvchi tushunchasi o’zaro zid bo’lgan ikkita tur tushunchaga ajratishdan iborat. Masalan, barcha talabalarni yoshlar ittifoqiga a’zo bo’lgan talabalarga va yoshlar ittifoqiga a’zo bo’lmagan talabalarga ajratsak, «tirik organizmlar kasal va sog’ organizmlarga bo’linadi» desak dixotomik tarzda bo’lgan bo’lamiz. Dixotomik bo’lishdan faqat bir marta foydalangandagina kutilgan maqsadga erishiladi.
Agar bo’lish a’zolaridan birini, ayniqsa inkor tushunchani o’z navbatida bo’lishuvchi tushuncha deb qabul qili., bo’lish amalini davom ettirsak, xato natijalar kelib chiqishi mumkin.
Tushunchaning mazmunini ochib berishga ta’riflash deyiladi. Bunda tushunchaning muhim, o’ziga xos belgilari ko’rsatiladi, natijada ta’riflanuvchi tushuncha boshqa tushunchalardan ajralib turadi.
Predmetning ta’rifi real ta’rif deb ataladi. Predmetni ifodalovchi termin ta’rifi nominal ta’rif deb ataladi.
Ta’riflash qoidalari quyidagilar:
1). Ta’riflash teng hajmli, ya’ni ta’riflaguvchi va ta’riflovchi teng bo’lishi kerak.
2) Ta’rifda qaytarishlar bo’lmasligi kerak. Tavtalogiya qaytariqqa misoldir.
3) Ta’riflashda eng yaqin jins tushunchasi olinadi. «She’r –ijtimoiy ong shakli» desak, uzoqroq jins belgisi olingan bo’ladi.
4) Ta’rif inkor shaklida bo’lmaydi.
5) Ta’rif obrazli so’z va iboralarsiz aniq bayon qilinishi kerak. Masalan, «kit – baliqlar shohi», «makkajo’xori – dala malikasi» kabilar ta’rif emas.
Xulosa qilib aytganda tushuncha inson amaliy faoliyatida
katta ahamiyatga ega bo’lib, ratsional bilishning muhim shakli hisoblanadi.
Tushuncha, bir tomondan, o’tmishda qo’lga kiritilgan
bilimlarimiz natijasi bo’lsa, ikkinchi tomondan esa bilish qurolidir. Tushuncha bilim sohasida qo’lga kiritilgan narsalarning umumiy muhim belgilari, xususiyatlaridan inson o’z mehnat faoliyati jarayonida keng foydalanishida ko’rinadi. Tushuncha bilim quroli ekanligi u bizning bilimimizni yanada rivojlantirishga xizmat qilishida, narsa va hodisalarning yangi, ochilmagan tomonlarini aks ettirishda isbotlanadi.
A D A B I Yo T L A R
Sharipov M, Fayzixo’jayeva D Mantiq. Ma’ruzalar matni. T.: 2000.
Xayrullayev M., Xaqberdiyev M. Logika. T.: O’qituvchi, 1992.
Raximov I. Mantiq. T.: «Universitet», 1994.
Xayrullayev M., Xaqberdiyev M. Logikadan amaliy mashg’ulot o’tish uchun metodik tavsiyalar. T.: 1988.
5. Abilov O’.M. va boshqalar. Mantiq. T.: 1993.
Do'stlaringiz bilan baham: |