Mahmudxo’ja Behbudiyning ma’rifiy pedagogik faoliyati
Reja:
1. Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti va ijodi.
2. Behbudiyning jadid matbuotidagi o'rni, pedagogik faoliyati.
3. Jadid matbuoti va jurnalistikasi.
1. Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasidaga Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat gʻoyasining yalovbardori, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab bir davrida yashadi. XVI asrdan boshlangan inqiroz va turgʻunlik, oʻzaro janjal, mahalliy urugʻchilik nizolari millatni holdan toydirgan, imkondan foydalanib oʻlkani zabt etgan Rusiya zoʻr berib, uni turgʻun va tutqun saqlashga urinardi. Mana shunday bir sharoitda Vatanni butunlay yoʻq boʻlish xavfidan saqlab qolish, avlodlarni erk va ozodlik, mustaqillik ruhida tarbiyalash, maʼrifat va taraqqiyotta boshlash jadidlar nomi bilan tarixga kirgan Behbudiy boshliq fidoyilar zimmasiga tushdi.
Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktabni shular tashkil qilib, shular birinchi boʻlib zamonaviy maktab gʻoyasini ilgari surdilar. Ular oʻz hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istiklolga tayyorladilar, sheʼr va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Rusiya qonunlari imkon bergan darajada Turkiston musulmonlarining shaʼnu shavkatini himoya qildilar, inqilob yillarida esa mustaqillik bayrogʻini baland koʻtardilar.
Mahmudxoʻja Behbudiy mana shu Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, boshlab beruvchisi edi. U 1875 yilning 19 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida, ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, amir Shohmurod zamonida (1785–1800)Samarqandga kelib qolgan. 1894 yilda otasi, imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan Behbudxoʻja vafot etadi. Yosh Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi. 18 yoshida qozixonada mirzolik qila boshlaydi. Oʻz ustida qunt bilan ishlab, shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi. Yosh Mahmudxoʻja dunyoqarashining shakllanishida Rusiya jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gasprinskiyning xizmati katta boʻlgan. U 1892 yilda Turkistondagi maktablarni isloh kilish, “usuli savtiya”ni joriy etish taklifi bilan general gubernator N. O. Rozenbaxga murojaat etadi. Javob olmagach, 1893 yilda oʻzi Toshkentga keldi. Samarqand, Buxoroda boʻldi. Mahalliy xalq bilan gaplashib, dastlabki yangi usul maktablarni ochishga muvaffaq boʻldi. Behbudiy oʻz xotiralarida ustozi bilan uchrashuvlarini ixlos va muhabbat bilan tilga oladi.
1899–1900 yillarda Behbudiy haj safariga boradi. Dunyo koʻrish izsiz ketmaydi. Safar yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi. Uning tashabbus va gʻayrati bilan 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S. Siddiqiy), Rajabamin (A. Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar tashkil topdi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Ketma-ket “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolai jugʻrofiyai Rusiy” (1905), “Kitobatul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblari paydo boʻladi.
1903–1904 yillarda Maskov, Peterburgga boradi, 1907 yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novogorodda boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan: Nijniy Novogorodda 1907 yilning 23 avgustida Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoyi chaqiriladi. Behbudiy turkistonliklar guruhini boshqaradi va katta nutq soʻzlaydi.
Maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq kerak. Millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq lozim. Millat uchun oyna kerak, toki undan oʻz qabohatini ham malohatini ham koʻra olsin.
Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuotga boshladi. “Padarkush” dramasi shu tariqa maydonga keldi. Biroq uning dunyo koʻrishi oson kechmadi. “Padarkush” dramasi 1913 yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olinadi. Bosilib chiqqandan keyin ham sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketadi.
“Padarkush” – oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmunga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif “Milliy fojia” atagan 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va joʻn edi. Oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib oʻz otasining oʻldirgani, nodonlik va jaholat haqida edi.
“Padarkush” dastlab Samarqandda 1914 yilning 15 yanvarida sahnaga qoʻyidsi. Spektakl oʻz maishatiga oʻralib, dunyoni unutgan millatdoshlarga chakmoqdek taʼsir etdi. U Toshkentda 1914 yilning 27 fevralida qoʻyildi.
Avloniyning “Turon” gruppasi Kolizey (Hozirgi savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlangan edi. Spektakl boshlanish oldidan Munavvarqori teatrning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Bosh rolni A. Avloniyning oʻzi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi. “Turon” gruppasi 1914–1916 yillarda bu spektakl bilan butun Fargʻona vodiysini aylanib chikdi. Turkistonni junbushga keltirgan qirgʻinbarot inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bu bir tomondan millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undashda katta ahamiyatga ega boʻlsa, ikkinchi tomondan professional oʻzbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi.
Bu asarning oʻz davrida adabiy harakatchilikka yetkazgan taʼsiri haqida qaydlar koʻp. Buning shohidi sifatida Abdulla Qodiriyning 1913 yillarda chiqqan “Padarkush” pʼyesasi taʼsirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni oʻzim ham payqamay qoldim, degan eʼtirofini eslash kifoya. 1916 yilda Toshkeshta kelib Kolizeyda “Turon”ning qator spektakllarini koʻrgan A. N. Samaylovich yozadi: “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi – Samarqand… Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Maxmudxoʻja Behbudiydir”.
2. 1913 yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullandi. Apreldan “Samarqand” gazetasini chiqara boshladi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45-soni chiqib, moddiy tanqislik tufayli toʻxtagan. Soʻng Behbudiy shu yilning 30 avgustidan “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. “Haftalik, suratlik bu majalla, asosan, oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼr, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib boriladi… Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyagacha tarqalar edi… Jadidlarning sevikli jurnallari edi…” deb yozgan edi Ziyo Said.
Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizgʻin shugʻullandi. A. V. Pyaskovskiy uning oʻz bosmaxonasida Fitratning “Bayonoti sayyohihindi” asarini 1913 yildaruschagatarjimaqildirib, nashr etganini xabar beradi…
1914 yilning 29 mayida Behbudiy ikkinchi bor arab mamlakatlariga sayohatga otlanadi. Poyezdga oʻtirib Bayramali orqali Ashxobodga oʻtadi. Krasnovodsqdan paraxod bilan Bokuga boradi. 2 iyunda Mineralniye vodi-Kislovodsk-Pyatigorsk, Jeleznovodsk-Rostov-Odessani kezib, 8 iyunda Istanbulga kirib keladi. Kichik sayohatdan soʻng Istanbulga qaytib, 21 iyunda suv yoʻli bilan Quddusga yoʻl oladi. Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port Said, Shom shaharlarini tamoshaqiladi… Sayohatxotiralari har jihatdan gʻoyat muhim boʻlib, Behbudiy ularni oʻz jurnali “Oyna”ning 1914 yil sonlarida mazkur nom ostida peshma-pesh berib boradi. Bu “Xotiralar” ham maʼrifiy, ham adabiy estetik jihatdan nihoyatda muhim. U adabiyotimizdagi anʼanaviy tarixiy meʼmuar janrining XX asr boshidagi oʻziga xos namunasidir.
“Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqi, tarixiga, til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qizikarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalasi muharrirning hamisha diqqat markazida turdi. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Jurnalning 1913 yil 13 avgust birinchinishona sonidayoq “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.
Behbudiy adabiy tanqidga katta eʼtibor berdi. Navoiydan keyingi bir necha asrlik sukunatdan soʻng bu sohaning xos xususiyatlarini taʼkidlab adabiyotda tenghuquqlilik masalasini oʻrtaga qoʻydi. Maqola “Tanqid saralamoqdur” (1914 y. 27-son) deb nomlangan edi. Adibning barcha tarixiy-ilmiy mavzudagi maqolalari oʻtmishga kamoli ehgirom va eʼtiqod bilan yozilgan.
Behbudiy millat oʻzini anglagandagina ijtimoiy-siyosiy masalalarni boshqalar bilan teng muhokama eta oladi, degan fikrda boʻldi. Shuning uchun ham tarixga alohida eʼtibor berdi.
Umuman Behbudiyning publitsist sifatida faoliyati adib isteʼdodini juda yorqin bir qirrasini tashkil etadi. U oʻz umri davomida yuzlab maqolalar yozdi. Oʻzining Millat va Vatan, jamiyat va axloq haqidagi fikrlarini koʻproq maqola va chiqishlarida ifoda etdi. Baʼzilar uning maqolalari 200, boshqalar 300 deb belgilaydilar. Uning barcha maqolalari aniqlab chiqilmagan. Muhimi shundaki, u XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arbobi edi. Uning Millat va Vatan taqdiri haqidagi barcha qarashlari, avval, mana shu maqolalarida aks etgan edi. Bu jihatdan, uning 1906 yil 10 oktyabrda “Xurshid” (6-son) gazetasida bosilgan “Xayrul umuri avsotuho” (“Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidur”) maqolasi diqqatga sazovordir. Bu maqola uzoq yillar Sovet tarix fani nuqtai nazaridan baholanib, Behbudiyni qoralash uchun nishon boʻlib keldi. Gap shundaki, Behbudiy oʻsha 1906 yildayoq sotsialistik taʼlimotni va uni Rusiyada amalga oshirishga bel bogʻlaganLenin partiyasini keskin rad etgan edi. U ham ustozi I. Gasprinskiy kabi sotsializmni zoʻrovonlik hisoblaydi, sotsial tenglikni adolatsizlik deb bildi. Shaxs manfaatdorligida, millat ravnaqida taraqqiyotning buyuk omilini koʻrdi. Xuddi shu eʼtiqod uni Turkistonning mustaqilligi uchun kurashga yetakladi.
Vatan taqdiri kun tartibiga qoʻyilgan 1917 yilning 16–23 aprelida Behbudiy Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyida hayajonli nutq soʻzladi. Millatni oʻzaro ixtiloflardan voz kechishga, buyuk maqsad yoʻlida birlashishga, ittifoq boʻlishga chaqirdi. Xuddi shu ixtilofimiz sababli “mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar” deb ochiq aytdi.
Shu yilning 26 noyabrida Qoʻqonda oʻlka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga oʻtar kechasi “Turkiston muxtoriyati” eʼlon qilindi. Bu mustamlakadan mustakillik tomon qoʻyilgan jiddiy va jasoratli qadam edi. Uning maʼnaviy otasi, shuhbasiz, Behbudiy edi. Biroq u Sovetlar tomonidan xoinona bostirildi. 19–20 fevral kunlari shahar toʻpga tutildi. 10 ming turkistonlik oʻldirildi, 180 qishloqqa oʻt qoʻyildi.
Behbudiy iztirob bilan Samarqandga qaytadi. U yerda tura olmay, Toshkentga keladi. Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi. Tabiiyki, muzokaralar natija bermaydi. Millatni, milliy taraqqiyotni inkor etgan shoʻrolar yoʻli aldov va zoʻravonlikka asoslanganini bilardi. Shuning uchun ham uni 1906 yildayoq aql va shariatga zid deb eʼlon qilgan edi.
Orzulari chil-chil boʻlgan Behbudiy 1919 yilning bahorida, 25 martda parishon holda yoʻlga chiqadi va Shahrisabzda qoʻlga olinib, taxminan ikki oy oʻtgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlandi. Bir necha kundan soʻng Qarshi begi Togʻaybekning buyrugʻi bilan zindon yaqinidagi “podsholik chorbogʻi”da oʻldirilgan. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxtimiz Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻldi. 1920 yilning aprelida butun Turkiston motam tutdi.
1926–27 yillarda, 11 yil Qarshi shahri Behbudiy nomi bilan yuritildi. Adibning nomini adabiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi, uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Qarshi shahriga uning nomi qoʻyilgan oʻsha 1926 yildayoq jadidchilikni aksilinqilobiy, aksilshoʻraviy harakat sifatida qoralash kampaniyasi boshlab yuborilgan edi.
Bugun Behbudiy kabilar muqaddas tutgan yurt ozod va mustaqil boʻldi. Ular jon fido etgan istiqlol avlodlariga nasib etdi. Millat va Vatan mustaqilligi yoʻlida fido boʻlganlar esa shu Millat va Vatan umri qadar boqiydirlar.
3. O‘zbek matbuoti tarixi jadidchilik harakati va jadid ziyolilari nomi bilan tabiiy ravishda bog‘lanadi. Jadidchilik – ancha chuqur, murakkab, ziddiyatli, ayni damda yangiliklarga, ezgu orzu-niyatlarga, amaliy faoliyatlarga to‘la bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma'rifiy harakatdir.
Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasini ibratxonaga aylantirish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matubot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi.
Jadidlar zamonida matbuotdagi haq so‘zning kundalik hayotga, odamlarga, jamiyatga ta'siri kuchli bo‘ldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmog‘i va dunyodan boxabar bo‘lmog‘i uchun zaruratga aylandi. Boshlab gazetalar oyda bir bora bazo‘r chiqdi; asta-asta haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalaridagi maqola va ma'lumotlar ma'naviy ehtiyoj tusini oldi.
Darhaqiqat, millat ma'naviyatini isloh etish, odamlarni ma'rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida jadidlar matbuotning qadrini baland ko‘tardi. Ular nazdida matbuot – fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ong-u shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim edi. «Ulfat» ko‘ngillar birligidan so‘z ochishi, «sado»lar ma'rifat va ma'naviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi bo‘lishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.
Turkistonlik ziyolilar o‘zlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Baxchasaroyga ko‘z tikishdi. Ismoilbek Gasprinskiyning «Tilda, fikrda, ishda birlik» degan g‘oyalariga havaslanib qarashdi. Jadidlar shu allomaning «Tarjimon» (1883-1914) gazetasini o‘qib, uning muxlisi va muhibiga aylanishdi.
Gazetaning yo‘li, maslagi va maqsadi aniq edi: «Tarjimon» – har turli ish, ahvol va ixtilofga «haqqoniyat»va «mumkiniyat» jihatidan boqajakdir. «Tarjimon» tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida g‘ayrati doimiyda bo‘lajakdir. «Tarjimon» – har na so‘ylar va yozar bo‘lsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul etishi suratda arz va bayon etajakdir».
Garchand «Tarjimon»ning Turkistondan o‘quvchilari ko‘p bo‘lsa ham, bosilishining boshlarida turkistonlik yozuvchilar juda kam – onda-sonda ishtirok etdi. Biroq XX asrning o‘ninchi yillaridan boshlab Mahmudxo‘ja Behbudiy (Samarqand), Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mirhusayn Mirrahimov (Qo‘qon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Mu'in (Samarqand), Qozi Ziyouddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) kabilar qatnashadi.
Mualliflar ba'zan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda «Tarjimon»dan o‘zlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida maktublar yo‘llaydi. Abdulhamid Cho‘lpon 1913 yili Ismoil Gaspinskiyga yozgan maktubida «Shalola», «Turk yurdi», «Shahbal», «Tarjimon», «Vaqt» va «Iqbol» kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallarini yodga oladi, ularni o‘qib borayotganini aytadi.
Turkiston ziyolilari «Tarjimon»dan juda mamnun bo‘ladilar. Deylik, shu mamnuniyatni toshkentlik shoir Karimbek Kamiy «Mo‘tabar «Tarjumon» va Ismoilbek Gasprinskiy janoblari haqqinda» degan she'rida izhor etdi. Unda gazetaning barchaga manzuru maqbul ekani, undan o‘quvchi «hilmu odobu maoshu ilmu fan» o‘rganishi mumkinligini ta'kidlab, «Har hurufi gul kabi, har nuqtasi g‘uncha misol, Xush tamosho istayanlarg‘a guliston «Tarjimon», deb yozdi.
I.Gasprinskiy va «Tarjimon»ning to‘rt tarafga sochgan fikrlari, ilg‘or qarashlari, jadidona ruhiyatli fikrlari barchaning yuragidan birdek o‘rin oldi. Ulkan jadidshunos olim, professor Begali Qosimov o‘rinli ta'kidlaganidek, «uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar»; Gasprinskiyga ergashar va «Tarjimon»ini e'zozlar edilar.
Turkistonlik jadidlar «Tarjimon»dan bir necha yil tinimsiz saboq oldi. So‘ngra, 1906 yil 27 iyunda Ismoil Obidov muharrirligida birinchi o‘zbek gazetasi – «Taraqqiy» nashrdan chiqdi.
Turkistondagi bu yangilikni ham birinchi bo‘lib «Tarjimon» tabrikladi. «Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoji bor edi», deb yozdi. Biroq «jadidlarning eng suyukli va to‘ng‘ich gazetasi»ning umri qisqa bo‘ldi. Yigirma soni chiqqandan keyin chor hukumati tomonidan yopib qo‘yiladi va «muharriri qamoqqa olinadi».
Shundan keyin Munavvar Qorining «Xurshid» (1906 yil sentabr), Abdulla Avloniyning «Shuhrat» (1907 yil dekbar) gazetalari nashr bo‘ladi. Biroq bu gazetalar faoliyati ham uzoqqa cho‘zilmaydi.
«Tarjimon» (1907 yil, 14-son) bu xususda ham yozdi: «Matbuotimizda taassuf bo‘lgan bir hol-da bordir: bu Toshkandda chiqqan «Taraqqiy» va «Xurshid» do‘stlarimizning taqiqlanishi. O‘rta Osiyo uchun rasmiy bo‘lgan «Turkiston gazeti» yetarli emas».
O‘z g‘oyalari, maslaklari targ‘ibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar gazetachilik jabhasida sa'y-u harakatdan to‘xtamadi. «Tujjor», «Osiyo», «Samarqand», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona», «Tirik so‘z» kabi gazetalar yonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Oyina» jurnali paydo bo‘ldi. 1913-1915 yillarda 68 soni bosildi.
Ziyo Said jurnalning maqsadi islom millatining saodati va islohi, musulmonlarning madaniyati va zamonaviy fanlardan foydalanishlari yo‘lida xizmat qilishini yozar ekan, Behbudiyning «tavahhudi lisoniya» (turkiy tillarni birlashtirish) tarafdori ekaniga urg‘u beradi. Bu g‘oyaning ildizi ham «Tarjimon»ga borib taqaladi, albatta.
«Oyina» jurnali o‘z vaqtida juda yuksak bir obro‘ga ega bo‘ldi, har bir o‘quvchining suyukli jaridasiga aylandi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning nashri xuddi «Tarjimon»dek ulkan va olamshumul bir missiyani ado qildi: ma'rifat tarqatdi, odamlarni fikr tarbiyasiga o‘rgatdi; yangi paydo bo‘lgan matbuot nashrlarini targ‘ib-tashviq qildi.
Behbudiy «Sadoi Turkiston» va «Sadoi Farg‘ona» gazetalarini «Turonning egizak farzandlari» deb atar ekan, gazetxonlarga shu nashrlarni o‘qish va ularga obuna bo‘lishni tavsiya etadi: «Millatg‘a iona va olib o‘qumoqlarini ojizona tavsiya etarmiz, chunki matbuot chirog‘ va niholdek bo‘lub, anga yog‘ va suv berib tarbiyat qilmaguncha, ma'zolloh, so‘nub qurumog‘i tabiiydur».
O‘zbekiston matbuoti tarixida jadid ziyolilari nashr qilgan gazeta va jurnallar son-sanog‘i ko‘p. Bir marta chiqib to‘xtaganlari bor. Ularning ba'zilari o‘z yo‘l-yo‘rig‘iga ko‘ra jiddiy farqlanadi ham. Garchand o‘zaro qarama-qarshi kayfiyatda bahslashadiganlari bo‘lsa ham, ular oldiga qo‘ygan maqsadlari nihoyatda ulug‘, niyatlari ezgu, qarashlar aniq va tiniq edi. Millatni uyg‘otishdek ulkan vazifa ijrosiga bel bog‘lagan edi jadidlar va ularning maktabi, maorifi, teatri, adabiyoti va matbuoti.
Muhim bir fikr shuki, davriy nashrlar qaysidir ma'noda ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar tarixi bilan uyg‘un-hamqadam edi. O‘zgarishlar, yangilanishlar gazeta va jurnallardan aks etdi. Yoki shu o‘zgarishlarga mos yangidan yangi matbuot nashrlari vujudga keldi.
Shunga ko‘ra 1917 yilgi fevral o‘zgarishi, Turkiston Muxtoriyati, oktabr inqilobi kabi voqea-hodisalar munosabati bilan «Najot», «Turon», «Kengash», «Ulug‘ Turkiston», «Yurt», «Hurriyat» kabi nashrlar maydonga keldi.
«Yashasin, Turkiston muxtoriyati!» shoirlarini o‘rtaga tashlab, ozodlik va hurriyatdan, tenglik va adolatdan so‘z ochdi. Muhit girdobi va ziddiyalari bois ularning ayrimlari tezda botqoqzor va uyumuqlar bag‘riga cho‘kib ketdi...
Darhaqiqat, matbuot insonlarni ma'naviyat ufqlari sari parvozga chorlagan jadidchilik harakatining keng qulochli qanoti edi.
Inqilob, hokimiyat tepasiga kelgan ishchi va dehqonlar boshqaruvi jamiyatni tubdan o‘zgartirdi. Yoshlar nisbatan bu vaziyatga tez moslashdi. Ammo yurt hurriyatini o‘ylagan va orzulari sarobga aylanganidan mahzun tortgan jadid ziyolilari ong-u shuurida, xayollarida o‘z niyatlari yashab qoldi.
Garchand sho‘ro jamiyatining hukmronligi kun-kundan ortib borayotgan va bu yangi ijtimoiy tuzum millatlararo tenglik, insonlararo adolat kabi juda ko‘p ijtimoiy va'dalar bersa ham, amaldagi vaziyat ancha boshqacha – gapdangina iborat edi. Shu bois XX asrning 20-yillari matbuotida «Og‘izda emas, amalda bo‘lsin!» kabi maqolalar bosildi.
Uning muallifi: «Eski idora yerlik xalqni yot ko‘rish barobarida sag‘ir hisoblab, vasiylik qilishni o‘z ustiga olgan edi. Ajal sayyodi u bechoraga o‘z jomidan ajal sharbatini ichirdi. O‘zgarishdan keyin yana bizni «tarbiya» qilish uchun vasiy bo‘lguvchilar topildi. Lekin so‘nggi vaqtda giriftor bo‘lg‘on vasiylarimiz ham, o‘tgan marhum vasiylarimiz kabi bizga vasiyi mutloq bo‘lib, muqaddiratimizni o‘z qo‘llarida tutib kelmoqdalar. Rusiya o‘zgarishi bo‘lg‘on 1917 yil edi, hozir o‘zgarishning 1922 yilida turibmiz. Shu muddatda biz «sag‘ir»lar haqiga «vasiylarimiz» tomonidan ozmi taarruzlar bo‘ldi?
Sag‘ir bolalarning ishi yig‘idir; biz yig‘ladik. A, bizni ovutish yo‘lini bergan vasiylarimiz, bizni haqimiz bo‘lg‘on semiz sigirlarning sutidan bahrasiz qildi, quruq emizukni og‘zimizga soldilar. Ilgarigi vasiylarimiz biz sag‘irlarni «siz yot, begona bolalarsiz» deb emizuk berganda, o‘zgarishdan keyingi vasiylarimiz bizning peshonamizni silab «bechora, benavo yetimlarim, sizdan baynalmilalchi vasiy otangiz aylansin» deb ko‘nglimizni sindirmasdan ovutib keladilar», – deb qo‘rqmay ochiqcha yozdi. (Oziyoliq. Og‘izda emas, amalda bo‘lsin. «Qizil bayroq», 1922, 11 avgust).
Jadid munaqqidi Vadud Mahmud o‘zining «Mustamlakachilik o‘z yo‘liga» maqolasida bunday adolatsiz siyosat va uning oqibatlari to‘g‘risida shunday fikr yurgizdi: «O‘ris jahongirligi vaqtida Turkiston general-gubernatori yonida ko‘chirish mahkamasi (pereselechskoye upravleniye) degan idora bo‘lar edikim, uning bir vazifasi Turkistonning doim o‘rislar qo‘lida qolishini ta'min etmak edi. Shu maqsad bilandirkim, Turkistonning har shahrida eng mahsuldor yerlarida o‘ris qishloqlari qurildi.
Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida bunday qishloqlar hali ham bor va ko‘chmanchilar koshki yolg‘iz o‘zlariga berilgan joylarga egalik qilsunlar. Bular o‘z hukumati kabi odamgarchilikni bilmas edilar. Yettisuvdagilar qirg‘iz-qozoqlarni o‘ldirish, mollarini talash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Boshqa joydagilari ham atroflaridagi kambag‘al dehqonlarni har turli qiynoqlar ostida talamoq bilan kun o‘tkazdilar», – deya fikrini erkin yozdi. (V.Mahmud. Mustamlakachilik o‘z yo‘lida. «Zarafshon», 1924, 3 sentabr.)
Bu davr matbuoti keyinroq keladigan hibslar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan muhitdan nisbatan farq qiladi. Jadid ziyolilari sho‘rolarning matbuot nashrlarida ishlar ekan, yangi hukumatning va'dalariga goh ishondi va ba'zan shubhaga borishdi. Ichki bir milliy tuyg‘u ziyolilar ko‘nglini hamisha bezovta etdi. Berahm zolimlarning qonli panjalari ostida zulm chekayotgan o‘lkaga qarata erkparvar shoir Cho‘lpon bir she'rida «Nega sening qalin tovshing «ket» demaydir ularga?», «Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?» – deya so‘roqli xitoblar qiladi.
Cho‘lpon «Qo‘zg‘alish» (1922 y.) she'rida yana shunday dedi:
«Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan,
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!»
«Kecha va kunduz» romanida botiniy shuur Miryoqub obraziga ko‘chdi. Cho‘lpon keyinchalik aynan shu nisbatan so‘z erkinligi muhitida aytgan jadidona kayfiyatli, o‘tli xitoblari uchun tafakkur qurbonlari qatlgohida jonini berdi.
Ayrim moddiy narsalar mamlakatlar chegaralarini o‘zgartirishi mumkin, biroq ma'naviyat, inson tafakkuri masalasida bunday chegaralar aralashgan, uyg‘unlashgan, ikkilangan, shakllanish yoki eskicha tarzda qolishga moyil va yana shu kabi bir qancha sifatlarga ega bo‘lishi mumkin. Jumladan, jadid ziyolilarining matbuotdagi faoliyati ham manzaraga uyqash keladi.
XX asrning 20-yillari oxiriga borib matbuotda cho‘lponizm bahslari boshlandi, Cho‘lponni tanqid va tahqir qilishlar, anjumanlar majlislaridan haydab chiqarish jarayonlari boshlandi. Cho‘lpon darhol tuzalib, yangi jamiyatga moslashib keta olmasligini, bu jarayon sekin-asta bo‘lishini e'tirof etdi. Shoir haqida «Qizil O‘zbekiston»da «Aqlli jinni» degan maqola bosildi.
Aynan erkin matbuotda nisbatan erkinlab va erkalab yozgan «Yig‘indi gaplar» hangomasi uchun Julqunboy ma'nan majruh qilindi: 1926 yili uch oy qamoqda o‘tirdi. Zotan, Abdulla Qodiriyning tushunchalari, tasavvurlari jadidona ruhiyatli «Tarjimon», «Ulfat», «Vaqt»lar o‘qish bilan shakllangan, o‘sha yillarda, uning ko‘nglida «Sadoyi Turkiston», «Samarqand», «Oyina»larga «gap yozib yurish fikri» uyg‘ongan edi.
Julqunboy qalamini satira va yumor yo‘lida boshlab, «Qizil bayroq», «Turkiston» gazetalarida qayrab oladi: paydarpay hajviyalari, hangomalari, feletonlari bosildi. Keyin hajviy jurnalning birinchi sonida: «Bu «Mushtum» – zo‘rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu «Mushtum» – zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir», deb yozdi.
Matbuotda beto‘xtov bosilgan tanqidiy ruhdagi asarlari uchun «feletonlar qiroli» nomini oldi.
«Matbuot kuni» maqolasida yuziga «Pravda» pardasini tutishga majbur bo‘ldi. «Pravda» gazetasini – «gala bo‘rilar ichida yolg‘uz arslon edi», deb ta'rifladi; «haqiqat arsloni» deya sifatladi. Gazetaning haqiqatni aytish borasidagi jasoratiga tahsin aytdi. O‘zi ishlab turgan «Mushtum» jurnalini quyidagicha tavsifladi: «Jurnalimiz ham shu haqiqat olovining uchqunidir. Shuning uchunkim, biz tegib o‘tkan qitiqlik yerlar egasini cho‘chitmay, jonlarini achitmay qo‘ymaydir. Chunki biz haqiqat o‘tiniing uchqunimiz, biz butun ruhni, borliq ma'noni shu arslon bobodan olamiz. Biz teskarilikning, kapitalning, egrilikning dushmanidirmiz. Negaki, bobomiz shunday edi».
«Mushtum» shunday oyoqqa turdi.
Darvoqe, yaxshi bilasizki, «Pravda»ning tarjimasi – «haqiqat»dir. 1922 yili jadidlar «Haqiqat» degan jurnal ham chiqarishdi. «Dinsiz jamiyat, jamiyatsiz din yo‘qdir...» – ularning shiori edi. Cho‘lponning «Kishan» she'ri shu jurnalda bosiladi.
«Haqiqat» ham ikkita sondan keyin so‘nadi.
Jadidchilik harakatining ikkinchi bir muhim faoliyati milliy matbuot va jurnalistikasiga asos solish bo‘ldi. Turkiston jadidlari rus demokratik va inqilobiy harakatining yutuqlaridan ham samarali foydalandilar.
Zolim “oq poshsho” Nikolay II inqilobiy-demokratik harakat bosimi ostida 1905-yil 17-oktyabrda maxsus manifestga imzo chekib, demokratiya, matbuot va so‘z, har xil yig‘inlar o‘tkazish erkinligini joriy qilishga majbur bo‘ldi. Buni jadidlar katta quvonch bilan kutib oldilar.
Mana shundan so‘ng jadidlar millat himoyasi uchun jangovar qalqon va muazzam minbar bo‘lgan gazeta va jurnallarni tashkil etish uchun juda shaxdam kurashadilar.
Toshkentda Ismoil Obidiy “Taraqqiy” (1906), Munavvarqori Abdurashidxonov “Xurshid” (1906), Abdulla Avloniy “Shuhrat” (1907), Sayidkarim Sayidazimboyev “Tujjor” (1907), Ahmadjon Bektemirov “Osiyo” (1908), Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev “Sadoi Turkiston” (1914-1915) gazetalari, shuningdek, Abdurahmon Sodiq o‘g‘li (Sayyox) “Al-Isloh” (1915) jurnalini nashr etishga muvaffaq bo‘ldilar. Samarqandda esa Muhmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” ruscha (1913) gazetasi va “Oyna” (1913-1915) jurnalini, Qo‘qonda Obidjon Mahmudov “Sadoi Farg‘ona” (1914) gazetalarini chiqardi. Bu gazeta va jurnallar doimo mahfiy politsiya “oxranka”ning ayg‘oqchilari kuzatuvi, ta’qibi ostida bo‘ldilar.
Jadid matbuoti 1917-yil fevralda rus podshosi taxtdan ag‘darilgach, yanada rivojlandi. Juda qisqa vaqt oralig‘ida fevraldan oktyabrgacha Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov “Najot” (1917 y. mart), A. Battol “Sho‘roi islom” (1917 y. may), Abdulla Avloniy “Turon” (1917 y.), Ahmad Zaki Validiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Kengash” (1917 yil iyun), “Ulug‘ Turkiston” (1917 y.), Qo‘qonda Bo‘lat Soliyev “Yel bayrog‘i” (1917 y. sentyabr) gazetalarini, H.H. Niyoziy “Kengash”, Ashurali Zohiriy “Yurt” (1917 yil iyun) jurnallarini, Samarqandda esa Shohmuhammadzoda “Hurriyat” (1917 yil aprel) gazetalarini chop etdilar.
Buyuk millatparvar jadidlar, jadid matbuoti orqali millatni o‘z madaniy-iqtisodiy ahvoli, siyosiy qaram va huquqsizligini anglatishga, unda bosqinchilarga qarshi nafrat, milliy istiqlolga ishonch ruhini tarbiyalashga muvaffaq bo‘ldilar. Shuning bilan birga ular milliy muxtoriyat va jumhuriyat g‘oyasini, millatlararo tenglik va qon-qarindoshlikni targ‘ibot qilishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadilar.
Xulosa
Alohida ta'kidlash kerakki, o‘sha yillari o‘zbek matbuoti bilan birga o‘zbek adabiy tili ham qayta shakllanish bosqichini boshidan kechirdi.
Adabiy tildagi turli islohotlar, ular bilan bog‘liq muammo va takliflarni jadidlar matbuoti yoritib bordi. «Chig‘atoy gurungi» o‘z qarashlarini Fitrat boshchiligida nashr bo‘lgan «Tong» jurnalida e'lon qildi. «Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas» degan gap ularning shiori edi.
Zamonaviy adabiy til uchun qoidalar ishlab chiqildi; o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlari, badiiy til fasohati va balog‘ati jadidlar yozgan badiiy asarlarda yaqqol ko‘rindi. Shu e'tibordan jadid adabiyotidagi poetik nutqning yangilanishi va unga xos ilmiy-nazariy tamoyillar alohida tadqiqot qamrovida o‘rganish uchun o‘z egalarini kutib turibdi.
Nafaqat, jadid adiblari asarlarining tili, balki nodir fondlardagi jadidlar chiqargan gazeta va jurnallar, ulardagi adabiy, publitsistik, ilmiy manbalarning joriy imloga tabdillari, zamonaviy nuqtayi nazardan qayta baholash va qayta nashri ham yosh ilmiy kuchlarning odil, xolis, jiddiy va mehr-muhabbatli talqinlariga juda-juda muhtoj, menimcha.
Shuningdek, asr boshida boshlangan ma'rifatparvar ziyolilarining jadidona kayfiyati, matbuotda chiqishlaridagi jadidona ruhiyati mustabid sho‘ro tuzumi davrida ham ming mashaqqat bilan, «ezopona til»ga ko‘chgan ravishda qaysidir ma'noda davom etganini ham ta'kidlashni istar edim...
Aslida jadidlar orzusida bo‘lgan so‘z erkinligi, har bir narsani o‘z nom bilan atash uchun Istiqlol yillari imkon berdi. Samarqandda bitta gazeta XX asrning 20-yillarida «Mehnatkashlar tovushi», «Kambag‘allar tovushi», keyin «Zarafshon» deb nomlandi. Sho‘ro zamonida bu nomlar o‘chirildi. Ammo hozir Samarqand viloyat gazetasi «Zarafshon» deb ataladi.
O‘sha yaqin moziyda poytaxtda bosilgan bitta gazeta «Ishtirokyun», «Qizil bayroq», keyin «Turkiston» deb nomlandi. Sho‘ro zamoni avjiga mingan yillari «Qizil O‘zbekiston», «Sovet O‘zbekistoni» bo‘ldi. Istiqlol yillari gazetalarning biri uchun «Turkiston» nomi qayta tiklanganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Jadidlar orzu qilgan zamonlarning gazetalar nomdagi eng sodda ifodasi bu...
Tarixdan ibrat olish har bir inson uchun juda muhim. Jumladan, o‘zbek matbuotining jadidlari faoliyati bilan bog‘liq ancha qiziqarli, murakkab va ibratlarga to‘la tarixi bor.
Gazeta chiqarish, fikrni hukmron «nozirlar» chig‘irig‘idan o‘tkazish, obuna, chiqqan gazeta va jurnallarni tarqatish yo‘l-yo‘riqlari – bularning barcha-barchasini sinchiklab o‘rganish lozim. Umri «qo‘lmiya»larga tikilib o‘tayotgan hozirgi yosh avlodga o‘rgatish ham kerak. Shundagina bugungi ijtimoiy tarmoq egalari, turli xabarlarni beto‘xtov yozib tarqatayotgan mualliflar o‘z vijdonlarini oyinaga solib ko‘radilar. O‘zlari yog‘dirayotgan so‘z bo‘ronlarining talafoti yoki saodatini mulohaza qilib ko‘radilar, albatta.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. Mustafo Cho’qayev “Istiqlol jallodlari” T:Sharq 1992 y .
2. Jo’rayev N. , Karimov Sh “ O’zbekiston tarixi “ T:Sharq 2011 y.
3. B. Qosimov va boshqalar. “Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti”. T. 2004 y.
4. Mamudxo’ja Behbudiy, “Zarafshon” gazetasi, 1923 yil, 25 mart.
5. Istiqlol qahramonlari “Mahmudxo’ja Behbudiy” T. 2009 y.
6. Mahmudxo'ja Behbudiy. “Qasdi safar” “Oyna” jurnalidan parcha.
7. Fayzulla Xo’jayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar. T., 1997
8. “O’zbekistonning eng yangi tarixi” II kitob T: Sharq 2000 y.
9. Azamxo'jayev S. “Turkiston muxtoriyati” T;sharq 2011 y.
10. Jo’rayev N. , Karimov Sh.”O’zbekiston tarixi" T.“Sharq” nashriyoti 2011
11. N. Karimov. “XX asr adabiyoti manzaralari”. T., 2008 yil
Do'stlaringiz bilan baham: |