Mavzu: Yerning geografik qobigi(Litosfera)
Reja:
1.Litosfera haqida umumiy ma`lumot.
2.Litosferaning tarkibiy qismlari
3. Geografik qobiqning quyi chegarasi
Litosfera Yer po`stini va mantiyaning yuqori qismini o`z ichiga oladigan tashqi qattiq qobiq bo`lib, cho`kindi, otqindi (magmatik) va metamorfik jinslardan tashkil topgan. U Yerning yuqori mantiyasida turadigan astenosfera (qayishqoq qatlam)da joylashgan. Astenosfera qayishqoqligi tufayli litosfera plitalari siljiydigan substrat bo`lib xizmat qiladi. Shuningdek, astenosfera – vulqonizm manbai hamdir. Unda Yer po`stiga kirib keladigan yoki Yer yuzasiga quyiladigan suyuq magmaning o`choqlari joylashgan.
Yangi global tektonika nazariyasi tarafdorlarining fikriga ko`ra, barcha zilzilalar litosferada vujudga keladi. Yer po`sti - Yer mantiyasini o`rab turadigan qattiq moddalarning murakkab hosilasi bo`lgan litosferaning yuqori qismidir. Yer po`stining qalinligi kontinentlarda yosh burmali tog`lar tagida 55-70 km, okeanlarda o`rta-okean tizmalari va ayrim abissal cho`kmalar tagida 4-6 km gacha yetadi. Yer po`sti yuqori mantiyaning ustki qismi (substrat) bilan birgalikda astenosferani – tektonik harakatlar va deformatsiyalar arenasini (tektonosferani) hosil qiladi. Tektonosfera moddalarning geologik holatiga ko`ra bir xil emas. Yer po`sti va mantiyaning unga tutash qismlari litosferani hosil qiladi. Litosferada stratisfera va quyi chegarasi noma’lum bo`lgan jips qobiq ajratiladi. Jips qobiqning kristal tog` jinslaridan va ularning birikmalaridan tashkil topgan yuqori qismi shartli ravishda granit qatlami va quyi qismi esa bazalt qatlami deb nom olgan. Yer po`sti mantiyadan seysmik to`lqinlar tezligining keskin oshishi xos bo`lgan Moxorovichich (Moxo) chegarasi bilan ajralib turadi. Yer po`sti mantiya va yadroga nisbatan juda yupqa, qattiq va nafis qatlam bo`lib, yengil (kremnozem, ishqorlar, suv va b.), magniy va temirning miqdori kam, cho`kindi jinslardan yoki avval cho`kindi bo`lgan jinslardan tashkil topgan. Ikkita asosiy (materik va okeanik va bitta oraliq tiplarga ajratiladi. Materik Yer po`sti cho`kindi, granit va bazalt qatlamlaridan iborat. Materik po`stining o`rtacha qalinligi 35 km. Okean po`sti ikki qatlamli. Uning asosiy massasi bazalt qatlamidan iborat. Bazalt qatlamida qalin bo`lmagan cho`kindi qatlami yotadi. Okean po`stining qalinligi 5-10 km. Okeanlarda cho`kindi qatlamning qalinligi aksariyat maydonlarda bir necha yuz metrni tashkil etadi. “Granit” qatlam juda yupqa yoki butunlay bo`lmaydi. Uning o`rnida qalinligi 1,0 – 2,5 km gacha bo`lgan va tabiati aniqlanmagan “ikkinchi” qatlam uchraydi. Yer po`stining oraliq tipi materik va okean po`stlari orasida joylashgan. Oraliq Yer po`sti ikki qatlamli bo`lib, bazalt to`shamasidagi cho`kindi jinslarning juda qalin qatlamidan iborat. Geografik qobiqqa Yer po`stining faqat bir necha kilometr qalinlikdagi yuqori, ya’ni moddalari aylanma harakatda, atmosfera va hidrosfera bilan geografik qobiqning barqarorligini ta’minlaydigan uzluksiz o`zaro almashuvda ishtirok etadigan qismi kiradi. Mantiya – 2900 m gacha bo`lgan po`stosti qobig`i. U qalinligi 630 km ga yaqin bo`lgan yuqori qatlamga va qalinligi 2230 km atrofida bo`lgan quyi mantiyaga bo`linadi. Mantiya ultraasosiy va asosiy tarkibli jinslardan tuzilgan. XX asrning ikkinchi yarmida mobil litosfera plitalari gipotezasiga bog`liq holda “litosfera” termin-tushunchasiga e’tibor kuchaydi. Seysmik va boshqa geofizik ko`rsatkichlar asosida yuqoridan pastga litosfera (qalinligi 1000 km ga yaqin), astenosfera (qalinligi bir necha yuz km) va yadro orasida joylashgan mezosfera ajratila boshlandi. Bunday olganda Yer po`stini mustaqil tadqiqot ob’yekti sifatida ajratishga hojat qolmaydi (Krut, 1978). Ayni paytda litosferani quyi chegaralari chuqurroqda o`tadigan Yer po`sti sifatida qarash mumkin
Do'stlaringiz bilan baham: |