Yuklama
Reja:
1. Kuchaytiruv yuklamalari:
2. Ta’kid yuklamalari
3. Aniqlov yuklamasi:
4. Gumon yuklamasi:
Yuklamalar mustaqil so‘zlarga yoki gapga qo‘shimcha ma’no berish uchun xizmat qiladigan yordamchi so‘zlardir. Yuklamalar so‘z o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘lmagan yordamchi so‘zlardandir. Ular tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1) so‘z yuklamalari: hatto, faqat, nahotki, axir, kabilar; 2) affiks yuklamalar: -gina, -mi, -chi, -a (-ya) -ku, -yu, -u kabilar.
Yuklamalar ma’nolariga ko‘ra quyidagi guruhlarni tashkil etadi:
1. So‘roq va taajjub yuklamalari: -mi, -chi, -a, -ya. Bu yuklamalar so‘zlarga yoki gaplarga taalluqli bo‘lib, asosan gapni so‘roq gapga aylantiradi. Shuningdek, so‘zga yoki gapga quyidagicha qo‘shimcha ma’no bo‘yoqlar qo‘shadi:
-mi yuklamasi: 1) taajjub, hayrat, e’tiroz bilan birga so‘roq, ma’nosini anglatadi: Yopiray, shunday sovuq kuni ham suvga tushib bo‘ladimi? 2) noaniqlik, gumon ma’nosini ifodalaydi: Bu kitobni Olimdami, Abrordami ko‘rgan edim, shekilli.
-chi yuklamasi: 1) buyruq, do‘q, iltimos bildiradi. Bunda -chi ko‘pincha buyruq maylidagi fe’llar bilan birga keladi: qani yonimga yaqinlashib ko‘r-chi(do‘q); qani, qalamingni berib tur-chi (iltimos); avval kitobni o‘qib ko‘ray-chi(xohish); 2) shart maylidagi fe’llar bilan birga kelganda ham qistash, istak, iltimos kabi ma’nolarni bildiradi:Tez yursang-chi (qistash), dadam uyda bo‘lsalar-chi (shubha, gumon), yaxshisi, sen biznikiga kelsang-chi (taklif).
-a(-ya) yuklamasi: 1) so‘roq va turli his-hayajon anglatadi: Ertaga darsga boramiz-a? (so‘roq). Oh, naqadar so‘lim joylar-a! Qo‘ziqorin bo‘lsa ham, xuddi quyrqqa o‘xshaydi-ya!
2.Kuchaytiruv yuklamalari: nahotki, nahot, axir, hattoki, hatto, -oq, -yoq, -ki, -kim. Bu turdagi yuklamalar so‘zlarga kuchaytirish, shuningdek, ta’kid ma’nosi qo‘shish uchun ishlatiladi: Nahot ishq qismati buncha berahm, Bunchalar buyuksan vafo shevasi. (A.O)
3. Ta’kid yuklamalari: ham,-ku, -da, -u (-yu).
ham yuklamasi. 1) ko‘pincha o‘zi ta’kidlab ko‘rsatadigan so‘zlardan (ot, sifat, olmosh, fe’l, ravishdan) keyin keladi: Uni ham o‘qitaman, o‘zim ham o‘qiyman; 2) ba’zan gapda ko‘makchili birikmani ta’kidlab keladi: Bugun uning ovqat bilan ham ishi bo‘lmadi. 3) to‘siqsizlik ma’nosini bildiradi: Havo bulut bo‘lib turgan bo‘lsa ham, yomg‘irdan darak yo‘q edi; 3) ham yuklamasi -yam shaklida (unlidan so‘ng) va h undoshi tushgan holda qo‘llanishi mumkin. Bunday choqda u o‘zi aloqador bo‘lgan so‘zga qo‘shib yoziladi: Bunday kitoblarga qiziqmayam qo‘ydim.
-da yuklamasi shart maylidagi fe’llardan so‘ng kelib, to‘siqsizlik ma’nosini anglatadi va ham yuklamasi bilan sinonim bo‘ladi: Yosh bo‘lsa-da, bosh edi (yosh bo‘lsa ham, bosh edi).
-u(-yu) yuklamasi aniqlik maylidagi fe’llardan so‘ng kelib, ish-harakatning bajarilishidagi tezlik va davomlilik ma’nosini bildiradi: Keldi-yu, ketdi (tezlik).
2. Ayiruv va chegaralov yuklamalari (-gina, -kina, -qina, faqat). Bunday yuklamalar turli so‘z turkumlari bilan kelib, ularni chegaralab ko‘rsatish, ajratish uchun qo‘llanadi: Faqat odamlar uchun qilingan mehnatgina baxt keltiradi.
Faqat yuklamasi o‘rnida yolg‘iz so‘zi qo‘llanishi ham mumkin: Uning ermagi yolg‘iz kitoblar bo‘ldi.
3.Aniqlov yuklamasi: xuddi, naq. Bunday yuklamalar o‘zi birikkan so‘zning ma’nosini aniqlash, qiyoslab ko‘rsatish uchun qo‘llanadi.
Xuddi yuklamasi: a) qiyoslash asosida aniqlab ko‘rsatish uchun ishlatiladi: O‘g‘li otasining xuddi o‘zi edi; b) o‘xshatish ma’nosini bildiradi va -dek, -day affiksi bilan yasalgan yoki kabi, singari ko‘makchilari bilan birga boshqarilgan otlar va olmoshlardan oldin keladi: Tevarak-atrof xuddi suv quygandek jim-jit edi.
naq yuklamasi ham xuddi yuklamasi bilan ma’nodoshlikka ega bo‘ladi: Itlarning ulushi naq miyasida shang‘illab turadi (As. M.).
4.Gumon yuklamasi: -dir. Barcha so‘z turkumlariga qo‘shilib kela oladi va u o‘zi aloqador so‘zga gumon, noaniqlik ma’nosini qo‘shadi: Akam uydadir, Imtihon ertagadir kabi.
ADABIYOTLAR
М.Мирзаев, С.Усмонов, И.Расулов Узбек тили. Т., «Укитувчи» 1978.
Ш. Шоабдурахмонов, М.Аскарова, А.Хожиев, И.Расулов, , Х.Дониёров Хозирги њзбек адабий тили. Т., «Укитувчи» 1980.
М.Ирскулов Тилшуносликка кириш. Т., «Укитувчи» 1992.
А.Баскаков, А. Содиков, А.Абдуазизов Умумий тилшунослик. Т., «Укитувчи» 1981.
Х.Неъматов, О.Бозоров Тил ва нутк. Т., «Укитувчи» 1993.
У.Турсунов, Ж.Мухторов, Ш.Рахматуллаев Хозирги њзбек адабий тили.. 1-кисм. Т., «Укитувчи» 1979.
N. Turniyozov A.Rahimov O‘zbek tili (ma’ruzalar matni)
www.ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |